O‘zRTXB AI-80 markali avtomobil benzini narxi ko‘tarilishi sababini ochiqladi

O‘zRTXB AI-80 markali avtomobil benzini narxi ko‘tarilishi sababini ochiqladi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 25 – 31 yanvar kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 532,2 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 14,1% ga ko‘pdir. Bunda sotuvlarning 92,4% - birja savdolari; 2,5% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari; 4,8% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda "O‘zRTXB" AJ PR bo‘limi xabar qildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 598,7 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 17,6 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 596 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 4,8 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,2% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 12,4% ikkinchi; 15,1% uchinchi; 14,8% to‘rtinchi; 17,2% beshinchi va 36,3% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 415,9 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 5 620,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 1 802,0 tonnasi, ya’ni 32,1% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 55 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 12 646,9 ming so‘mdan 12 822,9 ming so‘mgacha, ya’ni 1,4% ga ko‘tarildi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 12 942,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Birjaning shakar bozorida ham narxlarning kichik pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 6753,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 5 539,0 tonnasi, ya’ni 82% sotildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 833,8 ming so‘mdan 6 795,6 ming so‘mgacha pasaygan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 6 780,3 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 149 179,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 144 868,0 tonnasi, ya’ni 97,1% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 29,0 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 644,4 ming so‘mdan 638,5 ming so‘mgacha pasaydi.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 40 926,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 16 186,5 tonnasi, ya’ni 39,6% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 31 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 5 805,5 ming so‘mdan 5 875,1 ming so‘mgacha yoki 1,2% ga ko‘tarildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 5 795,2 ming so‘mni, AI-91 – 6 803,5 ming so‘mni tashkil etdi.

Umuman olganda, joriy yilning boshidan buyon sotuvchi-korxonalar AI-80 rusumli avtomobil benzinining boshlang‘ich narxini 5 633,8 ming so‘mdan 5 874,7 ming so‘mgacha, ya’ni 4,3% ga oshirishgan.

Xususan, ko‘rib chiqilayotgan davrda Buxoro NQIZ AI-80 benzinining boshlang‘ich bahosi mahsulotning bir tonnasi uchun 5 624,7 ming so‘mdan 5 889,2 ming so‘mgacha, ya’ni 4,7% ga oshgan. Bunda, birja savdolariga qo‘yilgan benzining hajmi oshdi, xaridorlarning soni esa deyarli o‘zgarmadi. Buning natijasida, benzinning birjadagi narxi 5 665,4 ming so‘mdan 5 875,1 ming so‘mga, ya’ni 4,3% ga ko‘tarilgan. Benzinning boshlang‘ich bahosi va birja savdolari natijasida shakllangan o‘rtacha narxi o‘rtasidagi tafovut atigi 0,007% ni tashkil qildi.

Eslatib o‘tamiz, ayrim neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga 1 fevraldan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilishi sabab, «O‘zbekneftgaz» AYoQShlarida 2021 yil fevral oyidan benzin narxlari oshishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar