Pensiya olishda ish staji qanday hisoblanadi?

Pensiya olishda ish staji qanday hisoblanadi?

Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi pensiya olishda ish staji qanday hisoblanishi bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi.

Yoshga doir pensiyani olish uchun fuqaroning ish staji inobatga olinadi. Pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:

a) xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u:

- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan;

- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa.

1965 yilgacha bo‘lgan davrda jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, ushbu yildagi mehnat bilan qatnashish kunlari sonidan qat’i nazar, har bir ishlab berilgan yil ish stajiga bir kalendar yil sifatida qabul qilinadi.

1965 yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi. Agar jamoa xo‘jaligi a’zosi jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini jamoa xo‘jaligi a’zolari tarkibiga qabul qilish (chiqish) yilida bajargan bo‘lsa, u holda uning ish staji jamoa xo‘jaligi a’zolari tarkibiga qabul qilingan sanadan boshlab (chiqish sanasigacha) qabul qilinadi.

Jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib hisobga olinadi.

Ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan ijodiy uyushmalar a’zolariga 1991 yil 1 yanvargacha ish staji agar ana shu muallifning asari birinchi marta e’lon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish etilgan) kundan e’tiboran, 1991 yil 1 yanvardan boshlab esa — ular faqat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari tomonidan belgilanadi.

Ish stajiga, o‘tgan davr uchun biryo‘la qo‘shib hisoblash (to‘lash)dan qat’i nazar, uning uchun:

- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari;

- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan oylar qabul qilinadi, dehqon xo‘jaliklari a’zolari hamda qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish, shuningdek, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlarini) yetishtirish bilan band bo‘lgan shaxslar bundan mustasno;

b) harbiy xizmat (shu jumladan safarbarlik chaqirig‘i rezervidagi harbiy xizmat) va partizanlar otryadlari va qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlaridagi va ichki ishlar organlaridagi xizmat;

v) harbiylashtirilgan soqchilikda, maxsus aloqa organlarida va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;

g) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa, yakka tartibdagi mehnat faoliyati yoki qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyat;

d) qarab turish vaqti:

- I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha nogiron bolaga qarab turish;

- o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt — 80 yoshga to‘lgan qariya o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan davr.

- Bunda I guruh nogironini yoki 16 yoshgacha nogiron bolani, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo‘lgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qo‘shib hisoblanadi;

ye) oliy ta’lim muassasalarida (shu jumladan ularda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy ta’lim muassasalarida), aspiranturada (stajyorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida) kunduzgi o‘qish, shu jumladan chet elda o‘qish;

j) bola 3 yoshga to‘lgunga qadar, bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, biroq jami ko‘pi bilan 3 yil.

Misol: Agar 30 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ishlayotgan ayol ish stajining 8 yili mobaynida jami 3 bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan bo‘lsa, u holda pensiya tayinlash uchun ish stajini hisoblashda unga jami 25 yil ish staji hisoblanadi (30 yil — 8 yil + 3 yil = 25 yil).

- Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish davri (shu jumladan puli to‘lanadigan ta’tilda bo‘lish) yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo‘shilmaydi;

z) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, biroq ko‘pi bilan 10 yil.

i) O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan, lekin 10 yildan oshmagan davr.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar