– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, uning ortidan esa barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun va mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– Ma’lumki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yili mahallalarda hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi ana shu qadriyatlarni bir pog‘ona yuqori ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytish joizki, mazkur taklif Prezidentimiz tomonidan 2021 yilning 21 sentyabr kuni qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda bildirilgan edi.
Bizlarga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish joylarni tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish yuklatilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan biz hokim yordamchilariga mahallada oilaviy tadbirkorlikka kreditlar berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, shuningdek, yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha moliyaviy instrumentlar berildi.
Umuman aytganda, hokim yordamchilarining barcha harakatlari xalqning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. Zero, aholining farovon turmushiga xizmat qilish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy etilgan mahalladagi hokim yordamchisi, avvalo, xalqning tayanchi bo‘lishi kerak.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan oldin qanchalar tanish edingiz? Avvalgi qaysi ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– Ushbu lavozim avvalgi faoliyatimga yaqin soha bo‘lib, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq edi. Dastlab, tuman Davlat soliq inspeksiyasi, Statistika bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi, Iqtisodiyot va hududni kompleks rivojlantirish bo‘limi, Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritib, samarali ish tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha yangiliklarni amalga oshirib keldim.
Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallam o‘zim yashab turgan mahallamga u qadar yaqin emas, lekin bu mahalladagi ishlar bilan tanishib, aholi bilan tezda til topishib ketishimga mone’lik qilmadi. Oxirgi faoliyatim, ya’ni o‘tgan yil davomida hududiy yangi investitsiya loyihalari dasturlari asosida 575 nafar ish o‘rni yaratishga o‘z hissamni qo‘shdim.
Ushbu lavozimning mohiyati, yuqorida keltirilgan vazifalardan kelib chiqib, hozirgi mahallabay tashkil etilgan siyosiy jarayonda, katta sahnada ishlarni davom ettirish va tajribamdan foydalanib, To‘rtko‘l tumani markazida joylashgan Markazobod mahallasidagi imkoniyatlarni ko‘rsatib berish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash orqali oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish, Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “odamlarni rozi qilishga kirishish”dan iborat.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqdami yoki shaharda, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
– Mahallada 340 ta xonadon, 510 ta oilada 2 155 nafar fuqaro istiqomat qilib kelmoqda. 2022 yil davomida ishsiz fuqarolar soni 81 nafarni tashkil etardi, bugunga kelib esa bu raqam 26 taga kamaydi. Hozirda mahalla hududida 77 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat olib boryapti. Ularning aksariyati xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tadbirkorlardir. Hududimizda yirik korxonalar mavjud bo‘lmasa-da, aholimiz hizmat ko‘rsatish hamda o‘zini-o‘zi band qilish orqali ro‘zg‘or tebratishga imkoniyat topib kelmoqda.
O‘z mehnat va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarimiz ham talaygina. Ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda subsidiyalar yoxud imtiyozli kreditlar ajratish ishlari mahalladan chiqmay – hokim yordamisining ko‘magi asosida “onlayn” tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Fuqarolarimizning bandligini ta’minlash maqsadida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakansiyalari mavjud korxona va tashkilotlarga sayohatlar, hududiy mehnat yarmarkalari tashkil etilyapti.
– Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz, odamlar bilan qanday tanishdingiz? Muammolar yuzasidan qancha murojaatlar tushmoqda, ularni hal etishda axborot platformasining ham yordami tegyaptimi?
– Mahallamiz pasportini shakllantirish jarayonida aholining gender tarkibi, kasb malakalari, xohish-istaklari va muammolarini o‘rganib, to‘plangan ma’lumotlarni online-mahalla.uz platformasiga joylashtirganman. Fuqarolarning hamda hududda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning muammolariga manzilli va sifatli yechim topish uchun mazkur platformada jismoniy va yuridik shaxslar nomidan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish imkoniyati mavjud. Aholi tomonidan ijtimoiy infratuzilma borasida mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha yuborilgan murojaatlarning aksariyati bugungi kunda o‘z yechimini topgani bu boradagi sa’y-harakatlarimiz samara berayotganidan dalolat, albatta.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsiz erkaklarga nisbatan ishsiz ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ishsiz ayollarni ish bilan, tadbirkorlik faoliyati bilan band qilish jarayonlarida ularning oilaviy holatini yaqindan o‘rganib, imkoniyatlarini inobatga olgan holda kerakli tavsiya va yo‘nalishlarni bermoqdaman.
Markazobod mahalla fuqarolar yig‘inida 1 080 nafar hotin-qizlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 44 nafari ishsiz. Kasb-hunarga o‘qitish maqsadida xotin-qizlar turli kasb-hunar markazlari va “Ishga marhamat” monomarkazlariga yo‘naltirildi. Bugungi kunga kelib, ularning 26 nafari o‘qishni muvaffaqiyatli bitirib, egallagan kasb-kori bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. 25 nafar ayolga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida imtiyozli kredit ajratilib, ular o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mahalladagi norasmiy bandlarning 86 nafari doimiy va mavsumiy ish joyi bilan ta’minlandi, 47 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan.
– Tadqiqlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanaqa yondashuvlar ishlab chiqdingiz? Ushbu sohalarda qanday chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?
– Kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yo‘li mavjud imkoniyat va resurslardan samarali foydalana olish deb bilaman. Kambag‘allik darajasini o‘lchash metodlari va nisbatlari turlicha. Fuqarolarimizning turmush darajasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini amalga oshirish borasida mahalladagi “beshlik” birgalikda faoliyat olib boramiz. Avvalo kambag‘allikning sababini o‘rganish va uni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Keyinchalik esa kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Bugungi kungacha bo‘lgan monitoring natijalariga ko‘ra, kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati – bu nogironligi bo‘lgan shaxslar, nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar mavjud oilalarda namoyon bo‘lmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi. Birgina misol qilib, ishsiz va ehtiyojmand fuqarolar uchun ajratiladigan subsidiyalar, moddiy yordamlar, imtiyozli kreditlarni keltirish mumkin. Ishsiz fuqarolarni bepul asosda mehnat bozorida katta talabga ega bo‘lgan kasb-hunar turlariga o‘qitish tizimining mavjudligi ham aholining bandligi, shu va shu bilan bir qatorda, daromadini oshirishga qaratilgan ijobiy harakatdir.
– Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
– Bizning mahallada kam ta’minlangan oilalar soni 97 nafarni tashkil etib, shundan 61 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Fikrimni misollar orqali izohlab berishim mumkin. “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi fuqaro I.Tadjimuratovaga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tikuv mashinasi va “overlok” olib berildi. Uning oilaviy daromadi amaliy yordam ko‘rsatilgunga qadar oylik jon boshiga 450 ming so‘mdan to‘g‘ri kelardi, kredit asosida tikuv mashinasi va “overlok” ajratilgandan so‘ng, uning daromadi oila jon boshiga 1,5 mln so‘mni tashkil etdi. Natijada oila birinchi toifadan to‘rtinchi toifaga o‘tkazildi.
“Ayollar daftari” ro‘yxatidagi fuqaro Z. Kalandarovaga ham subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Mazkur fuqaroning oilaviy daromadi amaliy yordam ko‘rsatilgunga qadar oylik jon boshiga 430 ming so‘mdan to‘g‘ri kelardi, subsidiya asosida tikuv mashinkasi ajratilgandan so‘ng esa daromad oila jon boshiga 1,6 mln so‘mga yetdi. Natijada oila birinchi toifadan to‘rtinchi toifaga o‘tkazildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqaro A. Abdullayevaning oilaviy holati ham shu tariqa birinchi toifadan to‘rtinchi toifaga o‘zgardi.
– O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahallada qaysi sohalarni birinchi navbatda rivojlantirishga e’tibor qaratildi? Nima ishlar qilindi?
– O‘rganishlar natijasida mahallamiz “drayveri” hizmat ko‘rsatish sohasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aholini barqaror daromad bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Natijada 156 nafar fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi. 86 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 10 nafariga esa ijara asosida yer ajratildi.
Tashkil etilgan yangi tadbirkorlik sub’yektlari soni 23 ta bo‘lib, shundan 8 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar, 15 tasi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olindi.
Mahallada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 ta loyihaga 1 mlrd 286 mln so‘mlk imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Lider tadbirkorlarimiz esa “Chevar – 2022” ishlab chiqarish kooperativiga tegishli tikuvchilik korxonasi, “Antiqa baliq taomlari” MChJga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, mahallada mening tashabbusim bilan umumiy qiymati 800 mln so‘mlik 4 ta mikroloyihalar ishga tushirilib, 10 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kelgusi faoliyatim davomida mahallamiz “drayveri”, ya’ni xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun mahallada mavjud imkoniyatlar va resurslardan foydalangan holda zamonaviy (innovatsion) xizmat ko‘rsatish turlarini joriy qilish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyani hayotga tatbiq etishni maqsad qilib qo‘yganman.
Mahalla hududidagi umumiy qiymati 2 mlrd 700 mln so‘mlik 120 o‘rinli 12-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti yangi binosining qurilishi yakunlanib, 2022 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mahalla yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha 0,5 km ichki yo‘lga qora qoplamali asfalt hamda beton asfalt yotqizildi hamda 0,5 km ichimlik suvi quvurlari yangilandi. Bundan tashqari 1 km piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilib, 40 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatildi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda?
– Kambag‘allik holatlarining kelib chiqishi, birinchi navbatda doimiy ishning yo‘qligi, ya’ni ishsizlik, ma’lumotga ega bo‘lmaganlik, shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun bilim va malakalarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bugungi kunda mahalla aholisi orasida kambag‘allikka duch kelgan oilalarning aksariyati – bu nogironligi bo‘lgan shaxslar, nafaqaxo‘rlar va bola parvarishi bilan band bo‘lgan ayollar istiqomat qilayotgan oilalar ekanligi aniqlandi. Ya’ni, mazkur holat fuqaroning biron-bir ishni boshlashidan oldin (masalan, imtiyozli kredit yoki subsidiya olmoqchi bo‘lgan) uning shu sohaga qiziqishi va tushunchasi bo‘lmasligidan kelib chiqmoqda.
Avvalo kambag‘allikning sababini o‘rganish va uni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Keyinchalik esa kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi.
– Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanday yondashuvlar ishlab chiqdingiz? Ushbu sohalarda qanday chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?
– Kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar negizida “Inson qadri uchun” tamoyili yotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan qishloq joylarida meva-sabzavot va uzumchilik sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni o‘zlashtirish, paxta, g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish orqali kambag‘allikka qarshi kurashish chora-tadbirlari belgilab berildi.
Shuningdek, hukumatimizning qator qarorlari bilan ham meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi belgilangan bo‘lsa, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish hamda ularni aholiga lizing va kredit shartlari asosida taqdim etish hisobiga aholi bandligini ta’minlash, daromadlari va turmush darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yurtimizda kambag‘allikka barham berish, xalqimizning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi va farovonligini ta’minlash maqsadida barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
– Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun mahallamizda yirik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishimiz kerak. Natijada ishsizlikning oldi olinadi va daromad manbai paydo bo‘lib, kambag‘allik qisqaradi. Xususan, har bir xonadonda chorvachilik, issiqxona, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda o‘zini-o‘zi band qilish foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni o‘zlashtirish, paxta, g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish orqali kambag‘allikka qarshi kurashish chora-tadbirlari yo‘lga qo‘yilishi ham tez orada o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi shubhasiz.
Ishsizlik va kambag‘allikni oldini olish uchun mahallaning o‘sish drayveridan kelib chiqqan holda, fuqarolarga takliflar va ko‘nikmalar berilishini tizimli yo‘lga qo‘yish zarur.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tushunchasini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani bot-bot uqtirilmoqda.
O‘z faoliyatim davomda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun mahallada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da mahallamizda “Ma’naviyat soatlari” tashkil etilmoqda.
Hokim yordamchilari uchun yaratilgan onlayn tizim – “ONLINE MAHALLA” platformasi orqali barcha ma’lumotlardan elektron shaklda, inson omilisiz foydalanib kelmoqdaman. Fuqarolarga ham juda qulay, eng muhimi, hech qanday ortiqcha xatti-harakatlarni talab qilmaydi. Bundan tashqari, doimiy ravishda mahalla fuqarolari oldida jamoatchilikka o‘z faoliyatimiz to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq hisobotlar berib bormoqdaman.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Bugungi erishayotgan yaxshi natijalarim va yutuqlarim birgina meniki emas – mahallamiz ahlining menga bildirayotgan ishonchi, qilayotgan duolarining samarasi deb bilaman. Yaqinda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi hokim yordamchisi” respublika tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, eng yaxshi hokim yordamchisi sifatida e’tirof etildim. Bu men uchun katta rag‘bat, albatta. Zimmamdagi vazifalar zalvorini his etgan holda elga qo‘l-qanot bo‘lishga intilyapman. Taqdim etilgan imkoniyat tufayli xalqimizni qiynayotgan muammolarga yechim topishga, ularning farovon turmush kechirishiga o‘z hissamni qo‘shishga baholi qudrat harakat qilaman.
Izoh qoldirish