Prezident qarori: Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilsa kompensatsiya beriladi

Prezident qarori: Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilsa kompensatsiya beriladi

Prezident 27 oktyabr kuni «Tadbirkorlik sub’yektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq yukini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Qarorda qayd etilishicha, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining valyuta xatarlarini kamaytirish uchun 1 mln AQSh dollarigacha xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazib berilmoqda.

Tijorat banklaridan xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganda foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan kreditlarning asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya taqdim etiladi.

Bunda, Jamg‘armaga mazkur kreditlar bo‘yicha amaldagi kompensatsiyalar miqdorlarini qayta hisob-kitob qilib, ularning umumiy miqdorini mutanosib ravishda o‘zgartirishga ruxsat etiladi.

2021 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI va XHMT) mablag‘lari hisobidan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi XMI va XHMTlar ishtirokida qayta kreditlanadigan loyihalar bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda loyihalar doirasida moliyalashtirilgan subloyihalar to‘g‘risida, shuningdek, ularning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha axborotni o‘z rasmiy veb-saytida muntazam e’lon qilib boradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar