Prezident masalahatchisi o‘rinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh Qo‘qon shahrining 21 ta mahallasida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish va hal etish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar olib bormoqda.
Ishchi guruh o‘rganishlari davomida aholi tomonidan 468 ta masala bo‘yicha murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 72.8 % qisqa muddatlarda bartaraf etildi.
Jumladan, murojaatlardan kelib chiqqan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 32 ta ijtimoiy soha ob’yektlari atroflicha o‘rganildi. Aniqlangan 17 ta muammoli masalalardan 8 tasi tezkorlik bilan bartaraf etildi. Qolganlari bo‘yicha ta’mir ishlari boshlab yuborildi.
Bundan tashqari, ichki yo‘llar holatini yaxshilash bo‘yicha 5 km masofada shag‘allashtirish ishlari olib borildi. Aholi xonadonlarining elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2 ta transformator kapital ta’mirlandi, yangi SIP kabellar tortildi. Gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 ta GRP ta’mirlandi, 2.5 km gaz tarmoqlari yangilandi. Murojaat qilgan ehtiyojmand xonadonlarga qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun esa 2 ta nasos yangilandi.
“Mahalla yettiliklari” bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 127 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, yuzdan ziyod mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Bank vakillari ishtirokida “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 2.6 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Yuz nafar fuqaroga “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 1.2 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli mikro qarzlar ajratib berildi.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda mahallalarning ichki sharoiti va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 76 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 7 nafarining tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan 103 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, 7 nafar og‘ir sharoitda yashayotgan fuqaroning xonadonida ta’mirlash ishlari boshlandi, 16 nafar og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi, 50 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari va 136 nafari bepul dori-darmonlar, nogironlik aravachalari bilan ta’minlandi. 159 nafar fuqaro profilaktik-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 7 nafariga davolanish uchun bepul order berildi.
“Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 16 nafar xotin-qizlarga jami 10 mln so‘mga yaqin modiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, Respublika ishchi mas’ullari va “mahalla yettiligi” ishtirokida 40 ta ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish choralari ko‘rildi, 35 ta notinch oilalardagi nizolarga barham berildi, 4 nafar fuqaroga tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya orderi berildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
Izoh qoldirish