Xususan, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Toshloq, Farg‘ona tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlaridagi 200 dan ziyod murojaatchiga tikuv mashinalari, pishiriq pishirish pechlari, motokultivatorlar va boshqa ish anjomlari olib berildi. Mazkur yangi mexanizm bilan, avvalo, moddiy yordam so‘rab ko‘p murojaat qilayotgan bu insonlarning daromad topib, ro‘zg‘orini butlashi uchun imkoniyat, sharoit, tizim yaratib berilyapti.
Misol uchun, Toshloqning Qumariq mahallasidan ham to‘rt ayol bugun tikuv mashinkalari olib, mahalladoshi Mahbuba Nazarova bilan kooperatsiya tashkil qilib, ish boshladi. Besh yillik tajribaga ega tadbirkor Mahbubaxonning aytishicha, ishlagan chevar shu chekka qishloqda turib oyiga 3-4 million so‘m bemalol daromad qila oladi.
Qo‘qon shahrida esa Prezident Xalq qabulxonasiga moddiy yordam masalasida kelib tushgan murojaatlar tahlilidan so‘ng 110 dan ziyod xotin-qizlar uy sharoitida ishlab daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
“Saodat” mahallasida yashovchi Gulchehraxon ham o‘z tikuv mashinkasi bilan qo‘shni “Afg‘onbog‘” mahallasidagi tadbirkor ayolning oilaviy “Viqor qalbi” tikuvchilik korxonasiga kooperatsiya asosida ish boshladi.
Prezident Xalq qabulxonasining dastlabki bosqichida og‘ir sharoitdagi murojaatchilarni kooperatsiya asosida ishlab daromad topishiga imkoniyat yaratilsa, keyinchalik ular orasidan tadbirkorlikka qobiliyati borlariga o‘z oilaviy korxonasini tashkil qilishiga, faoliyatini kengaytirishiga ham yordam beriladi. Xalq bilan muloqotning yangi tizimi shu mexanizm asosida bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.
Izoh qoldirish