Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, elektrotexnika sanoati texnoparkidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi.
Iqtisodiyotga ilg‘or, energiya tejamkor texnologiya olib kirilayotgani, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalar ko‘paytirilayotgani natijasida bir yil ichida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi, iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobidan ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha daromad 4,5 mingdan 5 ming dollarga ko‘paydi. Mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshdi.
“Bularning barchasi iqtisodiyotimiz yangi sifat bosqichiga o‘tayotganidan dalolat. Biz 2026-yilda 6,6 foizli iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazishni prognoz qilgan edik. Bu geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlar hisobga olib qilingan ehtiyotkor prognoz”, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari har bir vazir, hokim, tarmoq rahbari sohasi, tizimi, korxonalariga yangicha boshqaruv olib kirib, bor resurslardan samarali foydalansa, an’anaviy eksport bozorlari va mahsulotlariga bog‘lanib qolmasdan, yangi yo‘nalishlarni topib, tadbirkorlarga yo‘l ochib bersa, sun’iy intellekt, raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar qilsa, salohiyatli yoshlarni topib, “startap klub”lar tashkil etsa, ularning ishlanmalarini korxonalarda qo‘llasa, yanada yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
Lekin ko‘p rahbarlar jon kuydirib, katta marra olish o‘rniga hech qanday o‘zgarish qilmasa ham o‘z-o‘zidan ta’minlanadigan rejalar olgani ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi uch yilda sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushi 40,7 foizdan 43 foizga ko‘paydi. Lekin ushbu ko‘rsatkich avtomobil ishlab chiqarishda atigi 20,7 foiz, elektr uskunalarida 29,3 foiz, oziq-ovqat sanoatida 30,1 foiz, charm sanoatda 33,4 foiz, kimyo sanoatda 40,4 foizni tashkil qilib, qo‘shilgan qiymat pastligicha qolmoqda.
Vaholanki, 2023-2025-yillarda mana shu 5 ta tarmoqqa jami 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 200 dan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi.
Masalan, agrotexnologiya o‘zgargani uchun dehqonlar dalada suyuq o‘g‘it ishlatishni afzal ko‘ryapti. Lekin haligacha kimyo zavodlari bunga moslasha olgani yo‘q. Faqat an’anaviy mineral o‘g‘it ishlab chiqarmoqda.
Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona bor.
Joriy yilda 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni ishlab chiqarishni boshlash muhim ekani ta’kidlandi. Ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 mingga yetkazish zarur.
Aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini ko‘rish topshirildi.
Dehqon va fermerlarda bog‘dorchilik traktori, ko‘chat ekadigan, hosil yig‘adigan, kartoshka kavlaydigan agrotexnikalarga talab ortib bormoqda.
Chirchiqdagi klaster to‘liq quvvatda ishlab, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa, lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy instrumentlar qilib berilsa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnikani sotib olishga tayyor.
Umuman, avtomobil sanoati mutasaddilariga har bir imkoniyatni mana shunday tahlil qilib, joriy yilgi ishlab chiqarish dasturini 10,5 foizlik o‘sishni ta’minlashga moslab qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Tarmoq rahbarlari o‘zimizdagi xomashyodan tayyor mahsulot yaratish haqida doim bosh qotirishi kerakligi qayd etildi.
Masalan, oltinni qayta ishlash uchun yaratilgan sharoitlar tufayli zargarlik sanoatida o‘tgan yilning o‘zida 3,3 karra o‘sish bo‘lib, 13 trillion so‘mlik mahsulot chiqarildi. Bu yil ham 1,3 barobar o‘sish reja qilingan.
Elektrotexnika tarmog‘ida ham yiliga 160 ming tonna misni chuqur qayta ishlash quvvatlari bor. Lekin o‘tgan yili korxonalarga 92 ming tonna mis berilgan. Qazib olish hajmini, rudadan olinadigan mis ulushini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun 57 ta maxsus texnika olib kelib, ruda qazib olishni 46 milliondan 64 million tonnaga oshirish, mahalliy korxonalar uchun birjaga har oy kamida 10 ming tonna mis chiqarish topshirildi.
Elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, byudjetga tushumni 46 milliard so‘mga oshirgan. Ular o‘zimizda bo‘lmagan alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.
Xuddi shunday zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli bo‘yoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Mutasaddilarga mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshdi. Yoki mebelchilar uchun yog‘och olib kelishga yengillik qilib berilgani hisobiga bu tarmoqda ham ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar ko‘paydi.
Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasini ko‘targan.
Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga katta turtki beradi.
Davlatimiz rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi.
O‘tgan yilda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinib, dunyodagi nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasi boshqaruviga berildi.
Ushbu kompaniya bir yil davomida strategik korxonalar faoliyatini tahlil qildi. Ekspertlar “korxona rahbarlarida korporativ madaniyat yetishmaydi, xarajatni qisqartirish, foydani oshirish bo‘yicha zaxira ko‘p”, demoqda.
Buning uchun 19 ta strategik korxona rahbari xarid tizimi, logistika, raqamlashtirish, energiya samaradorlik bo‘yicha qattiq ishlab, tannarxni 10-20 foizga qisqartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Iqtisod qilish rejasi ishlab chiqarishni kamaytirish yoki qaysidir xarajatni keyinroqqa surish hisobidan emas, balki bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish orqali ta’minlanishi shart”, – dedi Prezidentimiz.
Strategik korxonalarni “Yagona g‘aznachilik” axborot tizimi bilan qamrab olish, barcha xaridlarni risk-tahlil asosida “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratib, samarasiz xarajatlarga butunlay chek qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman hokimlariga ham savollar ko‘pligi qayd etildi.
So‘nggi uch yilda jami investitsiyalar 1,8 barobarga ko‘paydi. Lekin ayrim tumanlarda investitsiyaning sanoatga ta’siri ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Masalan, Karmanada investitsiya yiliga 50 foizdan o‘sib borgani bilan sanoati atigi 4 foiz oshgan. Xususan, faoliyat yuritayotgan 495 ta korxonadan 470 tasida rasmiy ishchilari 5 nafarga ham yetmaydi, faoliyat to‘xtagan deb hisobot topshirgan 20 ta korxona elektr va gazdan haligacha foydalanyapti.
Zafarobod tumanida ham shu ahvol. Investitsiya 4 barobar o‘sgan, lekin sanoatda o‘zgarish yo‘q.
Umuman, uch yilda respublika sanoati 21 foizga o‘sgan bo‘lsa, Xatirchi, Karmana, Uchqo‘rg‘on, Bag‘dod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Yakkabog‘, Payariq, Mirzaobod va Zafarobodda bu ko‘rsatkich 10 foizga ham yetmagan.
Ushbu tumanlar joylashgan viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy shu yerda qolib ishlash, ishlab chiqarish pasaygan korxonalarni “oyoqqa turg‘azish”, ushbu tumanlar sanoatida bu yil o‘sish sur’atini oshirish topshirildi.
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit resurslari ko‘payib bormoqda. Lekin hokimlar buning iqtisodiy o‘sishga, ish o‘rni va byudjetga ta’sirini hisob-kitob qilmayapti.
Masalan, Tuproqqal’a, Kitob, Yakkabog‘ va Paxtachida ajratilgan kreditlar kamida 20 foiz oshgan bo‘lsa, sanoat o‘sishi 3 foiz ham bo‘lmagan.
Agar viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari mazkur korxonalarning muammosini eshitib, vaqtida yechim topganida respublika sanoatida qo‘shimcha 1 foiz, yalpi ichki mahsulotda 0,1 foiz o‘sish bo‘lardi, byudjetga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushardi.
Bosh prokuraturaga so‘nggi uch yilda ishga tushgan, lekin past quvvatda ishlayotgan loyihalarni, ushbu korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan har bir masalani birma-bir o‘rganish topshirildi.
Umuman, mutasaddilarga respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay reja tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Birinchi chorak yakuni bilan sanoat korxonalarida nechta masala aniqlanib, qanchasi hal qilinganiga qarab, iqtisodiy kompleks, tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlarining faoliyatiga baho berilishi qayd etildi.
Poyabzal ishlab chiqarishda moda va dizayn tez o‘zgarmoqda. Korxonalarimiz hozirdan zamon talabiga mos holda ishlamasa, nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobat qila olmasligi ta’kidlandi.
Lekin "O‘zcharmsanoat" uyushmasi rahbariyati sohaga yangilik olib kirmagani, pastga tushib ishlamagani tanqid qilindi.
Poyabzal ishlab chiqaradigan 972 ta korxonadan 378 tasi faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, yana 120 tasi quvvatini yarmidan ham foydalanmayapti. Qolip, bog‘ich, furnitura bo‘yicha haligacha importga bog‘liqlik bor.
Oqibatda o‘tgan yili eksport bo‘yicha va’da qilgan 250 million dollarning 40 foizi ham ta’minlangani yo‘q. Uyushmaning bu yilgi ishlab chiqarish va eksport rejasi ham qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan "O‘zcharmsanoat" uyushmasi raisi A.Sultonovni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.
Bu yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha reja qilingan.
Prezidentimiz yangi loyihalar, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, xomashyo va energiya resurslaridan samarali foydalanishga, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratib, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini yana bir bor qayd etdi.
Lekin ayrim rahbarlar investitsiya hisobidan eksportni ko‘paytirishni o‘ylashning o‘rniga ichki bozor to‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayotgani qayd etildi.
Masalan, Uchqo‘rg‘on tumanida 40 million dollarlik 2 ta ip-kalava ishlab chiqarish zavodini qurish taklif etilgan. Vaholanki, Namangandagi 110 ming tonna ip-kalava ishlab chiqaradigan 24 ta korxona bor. Bu viloyatda olinadigan paxta tolasidan 1,5 barobar ko‘p.
Yoki Ohangaron tumanida 35 ming tonna bazalt plitalari ishlab chiqarish reja qilinmoqda. Biroq respublikada 12 ta bunday korxona bor. Bozor topa olmagani uchun 6 tasi to‘xtab qolgan, 1 ta korxona sotuvga qo‘yilgan.
Sirdaryoda 10 dollar investitsiya atigi 1 dollarlik qo‘shilgan qiymat bermoqda. Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryodagi loyihalarda ham shu holat kuzatilgan.
Mutasaddilar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritish taklif etilayotgan loyihalarning bozori, eksporti, yaratadigan qo‘shilgan qiymati va ish o‘rnini to‘liq tahlil qilish topshirildi.
Umuman, investitsiya loyihalari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimga o‘tilishi belgilandi.
Faqat investitsiya olib kelib, loyihani ishga tushirish yetarli bo‘lmasligi, balki har bir loyiha to‘liq ishlashi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratib, tashqi bozorga chiqishiga, ish o‘rinlarini to‘liq saqlab qolishiga ham e’tibor qaratiladi.
Buning uchun dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.
O‘tgan yili texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, uskuna olib kelish, moliyalash, infratuzilma, yer masalasi vaqtida hal bo‘lmagani uchun 55 ta yirik loyiha kechikkan.
Shu bois, bu yilgi investitsiya dasturi doirasida qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinadi.
O‘tgan yili xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolandi.
Vazirlar, tarmoq rahbarlari yoki hokimlar ushbu loyihalarning paysalga solinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Investitsiya ko‘paygani hisobiga qurilish ham oshadi. Mutasaddilarga bu yilgi qurilish hajmini 400 trillion so‘mga olib chiqib, sohada kamida 17 foiz o‘sishni ta’minlash topshirildi.
Joriy yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun byudjetdan 40 trillion so‘m berilmoqda. Bu qurilish, qurilish materiali, metallurgiya va elektrotexnika korxonalari uchun katta bozor.
Lekin hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari qurilish sifati va samaradorligini nazorat qilishga ulgurmayapti. Shu bois, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Kichik va o‘rta korxonalar yiliga 5 milliard kub metr gaz va 20 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilmoqda.
Endilikda kichik va o‘rta korxonalarda ham energiya samaradorlik bo‘yicha yangicha tizim bo‘ladi va uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Har bir tumandagi energiya sarfi eng yuqori 5 tadan korxonada energiya auditi o‘tkaziladi, ushbu korxonalarda energiya tejamkor choralarni amalga oshirish uchun 100 million dollar arzon resurs jalb qilinadi.
Mutasaddilar va hokimlar 2026-yilda kichik va o‘rta korxonalarda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektrni tejash choralarini ko‘rishi muhimligi qayd etildi.
Yana bir masala – respublikadagi 917 mingta yoritish chiroqlari yiliga 330 million kilovatt-soat elektr sarflayapti. Chiroq kunduzi ham yoniq turgan holatlar kam emas.
Yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya, kun yorishishiga qarab, o‘zi o‘chib-yonadigan datchik o‘rnatishni boshlash topshirildi.
O‘tgan yili xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 2,5 milliard dollarlik shartnomalarda mahalliy kompaniyalarning ulushi bor-yo‘g‘i 15 foizni tashkil qilgan.
Yoki davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa, Olmaliq kombinati, “O‘ztransgaz”, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Uzbekistan Airports” va “O‘zbekiston havo yo‘llari”da 40 foizga ham yetmaydi.
Tadbirkorlar “davlat xaridi, ekspertiza, sertifikat olishda byurokratiya ko‘p, idorama-idora yurish kerak” deb aytayotgani, ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari “chet elniki sifatliroq” degan eskicha fikrda yurib, mahalliy tadbirkorlarga yo‘l bermayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu tizimni tubdan isloh qilish, mahalliy korxonalarni xalqaro moliya institutlari loyihalari va davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi.
Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar har bir loyihadagi muzokara, tender, qurilish, xomashyo topishni barcha bosqichida mahalliy ulushni ko‘paytirishga shaxsan javob berishi qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi qaysi korxona nima chiqarayotgani, quvvati, texnik parametri, sertifikati ko‘rinib turadigan platformani ishga tushiradi.
Tarmoq rahbarlari va hududiy sanoat shtablari har bir korxona mahsulotini nomma-nom, texnik xususiyati bilan ushbu platformaga kiritadi. Yangi platformada mahalliy mahsulot bo‘la turib, import tovar sotib olgan davlat tashkilotlarida xaridlarning asosli ekanligi o‘rganib boriladi. Davlat kompaniyalari import qilayotgan tovar, ularning hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda ushbu portalda e’lon qilib boriladi.
Tarmoq rahbarlariga import xomashyo va butlovchi qismlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatini chuqur o‘rganish uchun mahalliy va xorijiy konsultantlarni jalb qilish topshirildi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokara o‘tkazib, loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 25-30 foizga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishish muhimligi qayd etildi.
Mahalliy mahsulotlarni ko‘paytirish uchun tashkil qilinadigan alohida jamg‘arma hisobidan mahalliylashtirish loyihalariga 10 yilgacha xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada 12 foiz kredit ajratiladi. Tadbirkorlarga ilg‘or texnologiyalar transferi uchun 1 million dollargacha, sanoat startaplari uchun 1 milliard so‘mgacha kompensatsiya beradi.
Endi davlat korxonalari muhandislari importdan arzonroq mahalliy mahsulot yaratsa, tejalgan mablag‘ning 20 foizi ularga mukofot qilib beriladi.
Iqtisodiyot yuqori sur’atda o‘sishi uchun transport-logistika tizimi ham shunga mos bo‘lishi kerak.
O‘tgan yili jami transport xizmatlaridagi 11 foiz o‘sish asosan avtotransport va havo transporti hisobidan ta’minlandi.
Lekin temir yo‘lda yuk aylanmasi bor-yo‘g‘i 3,3 foiz oshgan. Oddiy misol, temir yo‘lda yuk tashishga boshqa davlatlarga nisbatan 3-4 barobar ko‘p vaqt sarflanmoqda. Oqibatda umumiy yuk tashuvlarda temir yo‘lning ulushi 7 foizga ham yetmaydi.
Yirik kompaniyalar ham, kichik tadbirkorlar ham ishlab chiqarish va eksportni oshirish uchun temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashni so‘rayapti.
Mutasaddilarga temir yo‘llar sohasida nosohaviy aktivlar, operatsion xarajatlarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni xizmat sifatini yaxshilashga yo‘naltirish topshirildi.
Temir yo‘lda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini bu yil kamida 10 foizga oshirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
“Takror aytaman: ichki bozordagi talabni o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois, bu yil vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish bo‘ladi”, – dedi Prezidentimiz.
O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetdi. Lekin hali ko‘p rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
To‘qimachilik mahsulotlarimiz 76 ta davlat bozoriga kirib borgan. Lekin eksportning 80 foizi 6 ta davlatga to‘g‘ri keladi.
Tarmoq rahbarlariga bu yil sohada keskin o‘zgarish qilib, ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirish, Yevropa, AQSh va boshqa qimmat bozorlarga kirib borib, eksportni 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endilikda pilla kooperativi tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Uyida pilla yetishtiradigan ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Pilla yetishtiruvchilarga har bir kilogramm pilla hosili uchun klasterlar to‘laydigan 40 ming so‘mga qo‘shimcha 15 ming so‘mdan subsidiya beriladi, urug‘chilik korxonalari jalb qilgan mavsumiy ishchilar oyligining yarmi kompensatsiya qilinadi.
Endilikda tarmoq rahbarlari va hokimlardan eksportda faqat hajm bo‘yicha emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar bo‘yicha ham so‘rov bo‘lishi aytildi.
Hokimlar, ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari elchilar bilan doimiy hamkorlik qilib, qayerda mahsulotga qancha ehtiyoj bor, bu bozorlarga kirish uchun nima talab etilishini o‘rganishi, ishni shunga moslab tashkil qilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hokimlar, ularning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari elchilar bilan doimiy hamkorlik qilib, qayerda mahsulotga qancha ehtiyoj bor, bu bozorlarga kirish uchun nima talab etilishini o‘rganishi, ishni shunga moslab tashkil qilishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
2026 yilda Tunis, Marokash, Senegal, Iroq, Avstraliya, Portugaliya, Gretsiya va Nordik davlatlarda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmalarini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
“100 ta mahsulot akseleratori” dasturini boshlab, Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlariga eksportni yiliga kamida 25 foizga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Yanvar oyida yillik inflyasiya darajasi 7,2 foizni tashkil etdi. Inflyasiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, 13 foizi go‘sht hisobidan bo‘lgan.
Go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajo‘xori ekish boshlanayotgani barcha uchun namuna ekani qayd etildi. Shu bois, bu yil qo‘shimcha 60 ming gektarda bu ishlarni tashkil qilish topshirildi. Bu qo‘shimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi bo‘ladi.
Mayda shoxli qoramol naslini yaxshilash uchun o‘tgan yil Mo‘g‘ulistondan 100 ming qo‘y va echki olib kelindi. Bu yil ham mazkur ishlar davom ettirilishi belgilandi.
O‘tgan yil 772 ming tonna kartoshka import qilindi. Joriy yilda mutasaddilar, hokimlar 4,5 million tonna kartoshka hosili olishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazi inflyasiya bo‘yicha ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlab, ularga amaliy yechim topish masalasi bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Vazirlikning hududiy boshqarmalarida markazning 2 nafardan vakili bo‘ladi. Markaz har haftada tuman va shahardagi bozorlarni tahlil qilib, qaysi mahsulotga hozir qancha ehtiyoj borligi, bir oy, uch oy, bir yildan keyin talab qanday o‘zgarishini prognoz qiladi.
Mavjud quvvatlar va omborlardagi mahsulotlar talabni qanchaga qoplashi, yetishmagan qismini nimaning hisobidan ta’minlashi bo‘yicha har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi shakllantiriladi.
“Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi. Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim”, – dedi davlatimiz rahbari hamda dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashgan oziq-ovqat yarmarkalarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Izoh qoldirish