Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida “propiska” masalasiga alohida to‘xtalib, uni adolatli hal etish zarurligini qayd etgani ta’kidlandi.
Qonun loyihasi mavjud muammo va kamchiliklarni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tartibga solinadigan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qayd etilganidek, eng avvalo, «propiska» so‘zi fuqarolar ongida «to‘sqinlik qiluvchi», «bir joyga bog‘lovchi», «erkinlikni cheklovchi» degan tushunchalar sifatida muhrlanib qolganligi munosabati bilan «doimiy propiska» so‘zlari «yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» so‘zlariga almashtirilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki hozirgi vaqtda rivojlangan davlatlarda aholi ichki migratsiyasida poytaxt va uning atrofidagi hududlarga nisbatan alohida talab va qoidalar hamda propiska instituti mavjud emas.
Bundan tashqari aholining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manziliga, balki ularning egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati berilmoqda.
Ayni paytning o‘zida er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda “propiska”ni yo‘qotishiga doir qoidalar bekor qilinyapti. Qolaversa, er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi berilmoqda.
Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolariga doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha yangi band kiritilmoqda.
Izoh qoldirish