Bugun, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida bir qator masalalar ko‘rib chiqilmoqda.
Xususan, maxsus iqtisodiy zonalarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy ob’yektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlari himoyasini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etiladi.
Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida Forish tumanidagi tug‘uruqxona qachon ishga tushirilishi haqida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov ma’lumot berdi.
«Forish tumanida 13 milliard so‘mga tug‘uruqxona qurib bitkazildi. Biroq hozircha tibbiy va texnik uskunalar o‘rnatilmagani bois ushbu muassasaning ochilishi 2021 yilga mo‘ljallangan», dedi vazir o‘rinbosari.
Yalpi majlisda Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizdagi tizimli islohotlar izchillik bilan davom etayotganiga urg‘u berdi:
«Yaqinda davlatimiz rahbarining O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlariga oid farmoni tom ma’noda Uchinchi Renessans poydevoriga asos soldi.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasini kelgusi uch yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga doir yaqinda qabul qilingan qarori qoraqalpoq diyorining ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz.
Xususan, qaror bilan hudud aholisining hayot darajasini ko‘tarish, respublika iqtisodiyoti, ijtimoiy sohalar va infratuzilmani rivojlantirish, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadlariga 21 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgani — Qoraqalpog‘iston tarixida bo‘lmagan yangilikdir».
Izoh qoldirish