Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy ta’sir qilayotgan omillar va tizimli kamchiliklar

Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy ta’sir qilayotgan omillar va tizimli kamchiliklar

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi.

Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining Qashqadaryo viloyatida raqobat muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirishning mavjud zaxiralari hamda iste’molchilar uchun tanlov imkoniyatlarini oshirish dasturining ishlab chiqilishi bo‘yicha olib borilgan o‘rganish natijalari yuzasidan axboroti eshitildi.

Qashqadaryo viloyatida 2021 yil tadbirkorlik sub’yektlari soni 54,8 mingtani tashkil etib, ularning soni yil davomida 17 foizga o‘sgan.

Tadbirkorlik rivoji uchun qurilish materiallari, turizm, qishloq xo‘jaligi, mahalliy sanoat kabi sohalarda zaxiralar bor. Jumladan, sanoatni rivojlantirishning paxta-to‘qimachilik meva-sabzovotlarni yetishtirish va qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida katta imkoniyatlar mavjud.

Viloyatda amalga oshirilgan ishlar qatorida muammo va kamchiliklar ham mavjud. Xususan, yirik sanoat salohiyatiga ega viloyatda import tovarlarining ulushi yuqori darajada saqlanib qolgan. Ichki bozorning mahalliy mahsulotlarga ehtiyoji o‘rganilmagan. Tayyor kiyim-kechak, charm ishlab chiqaruvchi korxonalar imkoniyatlaridan samarli foydalanish yo‘lga qo‘yilmagan.

Talab yuqori bo‘lgan mahalliy mahsulotlar bilan viloyat ichki bozori past darajada ta’minlangan. Gipsokarton, turli xil gofrokarton, bir martalik idishlar, qog‘oz paketlar, qurilish va qishloq xo‘jaligi texnikalari butlovchi qismlari, tish yuvish pastasi va shampun, mix mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari mavjud emas.

Qoramolchilikni rivojlantirish bo‘yicha yirik salohiyat mavjud bo‘lsa-da, sut va sut mahsulotlarining asosiy qismi boshqa viloyatlardan keltiriladi.

Viloyatning 11 ta kichik sanoat zonasida yetarli infratuzilma tashkil etilmaganligi, Qamashi, Mirishkor, Yakkabog‘ va Kitob tumanlari hamda Shahrisabz shahrida gaz ta’minoti rejalashtirilmaganligi, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar tufayli tadbirkorlik sub’yektlari ishini tashkil qilishda qiyinchiliklar kuzatilmoqda.

Xizmatlar sohasida 758 ta ta’mirlash, 1 078 ta veterinariya xizmati va go‘sht do‘konlari, 1 214 ta hammom va poyabzal tikish (ta’mirlash) xizmati, 1 319 ta kimyoviy tozalash (ximchistka) va maishiy jihozlarni ta’mirlash, 938 ta sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlariga aholi o‘rtasida ehtiyoj bo‘lishiga qaramasdan sohalarga tadbirkorlik sub’yektlari jalb qilinmagan.

Hududdagi 617 ta tibbiyot muassasasining 422 tasini (68 foiz) xususiy klinikalar tashkil etib, davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan tibbiyot korxonalari mavjud emas.

Davlat xaridlari doirasidagi savdolarda raqobatni cheklovchi omillar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tanlov (tender) savdolarida 486 ta holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilgan.

2019-2021 yillarda tabiiy monopoliya sub’yektlari o‘z mavqeini suiiste’mol qilgan holda 669 ta tadbirkorning 90,2 mlrd so‘mlik manfaatlarini cheklashga yo‘l qo‘ygan.

Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan 164 ta raqobatga zid huquqiy hujjatlar qabul qilingan va harakatlar amalga oshirilgan.

Bular Nishon tumani hokimligi tomonidan 31 ta, Dehqonobodda 29 ta, Kasbida 22 ta, G‘uzorda 17 ta, Kitobda 13 ta, Yakkabog‘ 11 ta holatda hamda viloyat qurilish bosh boshqarmasi, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim va madaniyat boshqarmalari tomonidan jami 10 ta holatda raqobatga zid qarorlar qabul qilingan.

Bugungi kunda bir qancha raqobatni rivojlantirish va xususiy sektorni jalb qilish mumkin bo‘lgan sohalarda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi faqatgina davlat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalarga berilgan.

Qolaversa, bank tariflarning nomutanosib belgilanganligi holatlari iste’molchilar manfaatlari cheklanishiga olib kelmoqda. Tadbirkorlik uchun ajratilgan bank kreditlaridan ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qismi kam.

Majlisda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining viloyatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni nazarda tutuvchi tegishli qarori qabul qilindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar