Viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 7299,1 mlrd so‘mni tashkil qilgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,3%ga oshgan. Uning nominal hajmi 1261,0 mlrd.so‘mga oshdi. Hisobot davrda xizmatlar sohasida kichik tadbirkorlikning ulushi 68,1%ni tashkil etdi.
Alohida ta’kidlash lozimki, viloyatda ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi yildan yilga o‘sish ko‘rsatkichini qayd etib kelmoqda. Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,5% bo‘lib, hududlar orasida 7-o‘rinni egallagan.
Viloyatda jami yaratilgan yalpi hududiy mahsulot (YaHM) tarkibida xizmatlar ko‘rsatish sohasining ulushi 32,8%ni tashkil qilgan.
2022 yil yanvar-iyun oylarida jami xizmatlar tarkibida savdo (31,1%), moliya (17,6%) va transport (21,6%) xizmatlarining ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, me’morchilik, muhandislik va texnik (1,2%), sog‘liqni saqlash (1,2%), ko‘chmas mulk (2,4%), me’morchilik, muhandislik izlanishlari, yashash va ovqatlanish (2,9%), kompyuter, maishiy tovarlarni ta’mirlash (3,4%) va shaxsiy xizmatlar (3,4%), ta’lim (3,6%), aloqa va axborotlashtirish (4,88%) xizmatlarining ulushi past bo‘lgan. Shuningdek, joriy holatga ko‘ra viloyatda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sishga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’ati boshqa xizmatlar (146,6%), moliya (126,2%) va axborot va aloqa (121,7%) xizmatlari sohalarida kuzatilgan.
Hududlar o‘rtasida xizmatlar umumiy hajmida eng katta ulushni Qarshi shahri (28%), Kitob (6,7%), Koson (6,6%) va Muborak (5,9%) tumanlari qayd etgan. Shuningdek, hududlar o‘rtasida eng kam ulush Dehqonobod (3,1%), G‘uzor (4,4%) va Nishon (4,3%) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Xususan, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan viloyatning barcha hududlarida xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sish ko‘rsatkichlariga erishilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari G‘uzor (117,9%), Nishon (115%) Mirishkor (114,9) tumani va Qarshi shahri (114,4%)da kuzatilgan.
Xizmatlar sohasi bo‘yicha viloyatning barcha tuman (shahar)larida o‘sish sur’atlari ta’minlanganiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha respublika hududlarida orasida viloyat ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda. Xususan, viloyatda yanvar-iyun holatiga ko‘ra jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 2132,1 mlrd so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 109,9%)ni tashkil etgan holda respublika hududlari orasida 14-o‘rinni egallagan.
Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sishi kuzatildi. 2021 yil yanvar-iyun oylariga nisbatan hajmi 330 ming so‘mga oshib, 2132,1 ming so‘mga teng bo‘ldi. Tumanlar orasida bu ko‘rsatkich Qarshi shahrida 7176,9 ming so‘mdan, Chiroqchi tumanida 829,1 ming so‘mgacha oralig‘ida farq qiladi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari G‘uzor (115,2%), Mirishkor (112,4%) va Nishon (112,3%) tumanlarida kuzatildi. Qolgan hududlarga nisbatan sust o‘sish ko‘rsatkichlari Qarshi tumani (104,3%), Dehqonobod tumani (105,0%), Chiroqchi tumani (106,4%) va Koson (106,6%) tumanlarida qayd etildi.
2022 yil 1 iyul holatiga xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning iqtisodiy faoliyat turlariga e’tibor qaratilsa, (fermer va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari) jamiga nisbatan savdo xizmatlari (48,9%), boshqa turdagi xizmatlar (32,9%), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar (8,4%), tashish va saqlash xizmatlari (4,3%), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (3,5%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (2,0%) sohasida o‘z faoliyatini olib bormoqda.
2022 yilning yanvar-iyun oylarida transport xizmatlari hajmi 1578,0 mlrd.so‘mga teng bo‘lib, ularning o‘sishi 2021 yilning mos davriga nisbatan 10,8%ni tashkil etdi. Ko‘rsatilgan transport xizmatlari umumiy hajmida avtomobil transporti xizmatlarining ulushi 95,7% (2021 yilda 96,7%)ni, qolgan 4,3% (2021 yilda 3,3%) boshqa transport faoliyatiga to‘g‘ri keldi.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmida savdo xizmatlarining puldagi ifodasi 2272,0 mlrd.so‘mga to‘g‘ri keldi. O‘tgan davrda chakana savdoning ulushi umumiy savdo xizmatlarining 86,4% (2021 yilda 85,8%)ni tashkil etdi, qolgan 9,0% ulgurji savdo xizmatlariga va 4,6% avtomobil va mototsikllar ulgurji va chakana savdosi (shu jumladan, ularni ta’mirlash) sohalariga to‘g‘ri keldi.
2022 yilning birinchi yarim yilligi davrida moliyaviy xizmatlar hajmi 1285,0 mlrd.so‘mni (2021 yildi 1012,4 mlrd.so‘m) tashkil etdi. Moliyaviy xizmatlar umumiy hajmida sug‘urta va nafaqa ta’minoti bo‘yicha xizmatlardan tashqari moliyaviy xizmatlarning ulushi 89,8%ni tashkil etdi. Qolgan 5,4% sug‘urta bo‘yicha xizmatlar va 4,8% esa yordamchi moliyaviy faoliyat xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining hajmi 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 356,7 mlrd.so‘mni tashkil etdi. Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida 2022 yilning I va II choragida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 212,9 mlrd.so‘mga to‘g‘ri keldi.
Ta’lim sohasidagi xizmatlar 268,8 mlrd.so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar esa eng past ko‘rsatkichni qayd etgan holda 90,7 mlrd.so‘mlik xizmatlarni ko‘rsatdi.
Izoh qoldirish