Ushbu tadqiqot O‘zbekistonning barcha hududlaridan 1100 nafardan ortiq bank xizmatlaridan foydalanuvchilarni qamrab oldi. Tahlil natijalari bank mijozlarining kreditlash va depozit xizmatlaridan tortib raqamli vositalar va maslahat ishlariga bo‘lgan turli yo‘nalishlardagi xizmatlarga nisbatan munosabatini aks ettiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bank sektori barqaror o‘sish va investitsiyalarni faol jalb etishni namoyon etmoqda. So‘nggi 5 yil davomida banklarning umumiy kapitali ikki barobarga oshgan, kredit portfeli esa 2,3 barobarga ko‘paygan. Yillik ajratiladigan kreditlar hajmi qariyb ikki barobar o‘sgan.
Ayniqsa, banklarning hududlardagi faoliyatini kengaytirish va aholi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025 yildan boshlab banklar tuman filiallarida mahallalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus bo‘limlarni tashkil etishni boshladi. Mazkur tizim “Milliy bank” tomonidan 967 ta, “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 727 ta mahallani qamrab oladi.
Tadqiqot natijalari aholining bank plastik kartalari bilan keng qamrovli ta’minlanganligini ko‘rsatmoqda: so‘rov ishtirokchilarining 94%i kamida bitta faol bank kartaga ega ekanligini bildirdi. Kartalarning banklar bo‘yicha taqsimoti shuni ko‘rsatadiki, mijozlar ko‘pincha bir vaqtning o‘zida bir nechta bankning kartalaridan foydalanishni afzal ko‘rishmoqda.
Ayrim toifalar, jumladan, o‘zini o‘zi band qilganlar va davlat korxonalari xodimlari bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining ulushi boshqa banklar ko‘rsatkichlaridan yuqori. Masalan, ushbu bank mijozlarining 25,4%i xususiy sektorda faoliyat yuritadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, ushbu bank xizmat ko‘rsatish sifatining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha umumiy bank sektori fonida o‘zining barqaror pozitsiyani saqlab kelmoqda. Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 84%i xizmat ko‘rsatish muddatlariga rioya etilishini ijobiy baholagan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich umumiy bank sektori bo‘yicha qariyb 80%ni tashkil etadi. Bank xizmatlari sohasida mijozlarning 82,4%i muammolar tez va samarali hal etilayotganini ijobiy baholagan.
Depozit xizmatlari bo‘yicha qamrov darajasi respondentlarning umumiy sonining 20%ini tashkil etadi, banklar o‘rtasidagi farqlar aniq emas.
Tijorat banklarida depoziti bor respondentlarning 64%i o‘zlarining ish haqi plastik kartasiga xizmat ko‘rsatadigan bankda omonot ochganliklarini bildirishgan.
Depozit xizmatlaridan umumiy qoniqish darajasi taxminan 90%ni tashkil qiladi. Mijozlarning ko‘pchiligi ko‘rsatilayotgan xizmatdan mamnun. Faqatgina 4% respondent xizmat ko‘rsatish sifatidan to‘liq qoniqmasligini, 1%i esa bankni o‘zgartirish niyatida ekanligini bildirgan.
Kreditlar bo‘yicha so‘rovda qatnashgan respondentlarning 51% joriy kredit majburiyatlariga ega. Shu bilan birga, qarz oluvchilarning 55%i ish haqi kartasiga xizmat ko‘rsatadigan bankdan kredit olgan. Kredit olganlarning 77%dan ortig‘i o‘z bankidagi shartlar va xizmatlardan to‘liq mamnunligini bildirgan bo‘lsa, boshqa banklar mijozlari orasida ham bu ko‘rsatkich 82%dan ortiqni tashkil etadi.
Aksariyat respondentlar bank xizmatlarini yanada yaxshilash zarurligini qayd etishgan. Eng katta e’tibor kredit segmentiga qaratilmoqda, buni ishtirokchilarning 38%i qayd etgan. To‘lov xizmatlari muhimligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi, bu respondentlarning 25%i tomonidan qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda pul o‘tkazmalari (11%), depozitlar (9%) va valyuta operatsiyalari (9%) qayd etilgan. Bu yo‘nalishlar kamroq muammoli deb hisoblanishiga qaramay, ular ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Bank xizmatlarini tanlash omillari
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 63%i xizmat ko‘rsatuvchi bank o‘zlari yashaydigan hududda joylashganligini ta’kidladi, bu esa aholiga bank xizmatlari ko‘rsatishning ancha yuqori darajada mahalliylashtirilganidan dalolat beradi.
Respondentlarning 32%i bank tanlashda xizmat ko‘rsatish sifatiga e’tibor berishadi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 28%i bank tanlashda yaqinlari va tanishlarining tavsiyalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidlashgan, bu tavsiyalar muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Xizmatlarning oson va qulay bo‘lishi tadqiqotda qatnashganlardan 21%i uchun bank tanlashda asosiy omil sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, 14% respondentlar uchun bankning ishonchliligi va tezkorligi bir xil muhim hisoblangan.
Bank brendlarini tanlashda asosiy manba sifatida ko‘pchilik, ya’ni 70% respondentlar do‘stlarning tavsiyalariga tayanishgan. “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlari orasida bu ko‘rsatkich yanada yuqori, ya’ni 73%ni tashkil qiladi. Rasmiy raqamli manbalar, jumladan, internet saytlari orqali ma’lumot oluvchilar soni ahamiyati jihatidan ikkinchi darajali vosita sifatida baholangan bo‘lib, so‘rov ishtirokchilarining 14%i tomonidan qayd etilgan.
Tadqiqot natijalari ko‘ra, “O‘zsanoatqurilishbank” mobil ilovasi (SQB Mobile) mijozlar tomonidan yuqori baholangan. Bank mijozlari orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62%i bu ilovani “juda qulay” deb baholagan. Boshqa banklarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada past bo‘lib, atigi 24%ni tashkil etadi.
Naqd pulning roli va raqamlashtirish imkoniyatlari. Tahlil natijalariga ko‘ra, respondentlarning 27%i faqat naqd puldan foydalanadi, yana 32%i naqd va naqdsiz to‘lov usullaridan foydalanishi bildirishgan. Naqd puldan foydalanish sabablari orasida respondentlarning 40%i daromadlarini naqd ko‘rinishda olishini, 35%i masofaviy xizmatlarga ishonchsizlikni, 12%i esa qog‘oz chek zarurligini asosiy omil sifatida ko‘rsatgan.
Natijalar aholining asosiy bank xizmatlaridan qoniqish darajasi yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Kreditlash va depozit amaliyotlari bo‘yicha respondentlarning qariyb 80%i ijobiy fikr bildirishgan va yarmidan ko‘prog‘i xizmatlar sifatini "juda yaxshi" deb baholagan. Shu bilan birga, xizmatlardan norozi bo‘lganlar ulushi taxminan 16%ni tashkil etdi. Depozit mahsulotlari bo‘yicha respondentlarning 80%i ko‘rsatilgan xizmatdan mamnunligini bildirgan, shulardan 60%i xizmat sifatiga yuqori baho bergan. Tanqidiy fikrlar darajasi 15%ni tashkil etdi.
“O‘zsanoatqurilishbank” mijozlari o‘rtasida depozit xizmatlaridan qoniqish darajasi 85%ni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich banklar o‘rtasida o‘rtacha darajadan yuqori. Shu bilan birga, norozilik bildirganlar ulushi nisbatan past — 13% ni tashkil etdi.
Respondentlar shuningdek, to‘lovlar, valyuta operatsiyalari va pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlarni mos ravishda 81%, 66% va 78% darajasida yuqori baholadilar. Shu bilan birga, har bir yo‘nalish bo‘yicha salbiy fikr bildirganlar ulushi 14%dan oshmagan. Shu fonda “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlari o‘rtasida asosiy xizmat yo‘nalishlar bo‘yicha qoniqish ko‘rsatkichlari umumiy bozor ko‘rsatkichlaridan (83%, 67% 79%) yuqori ekanligi qayd etilgan. Bu holat bankning operatsion modeli samaradorligi hamda xizmat sifatiga bo‘lgan ijobiy munosabatni aks ettiradi.
Respondentlarning 52%i banklar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olinadigan komissiya to‘lovlarini adolatli deb hisoblaydi. Yana 28% respondent bu fikrga qisman qo‘shilishgan, 12%i to‘liq rozi emasliklarini bildirib, bank komissiya to‘lovlarini asossiz deb hisoblashgan.
Taklif etilayotgan xizmatlar xilma-xilligiga oid savolga respondentlarning 55%i banklar keng ko‘lamli xizmat turlarini taklif qilishiga to‘liq qo‘shilishini, yana 27%i bu fikrga qisman qo‘shilishini bildirishgan. Shu bilan birga, respondentlarning 9%i bank xizmatlarini tanlash cheklangan deb hisoblaydi.
O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bank tizimidagi o‘zgarishlar fonida mijozlarning bank xizmatlaridan qoniqish darajasi barqaror o‘sib bormoqda. Aksariyat respondentlar tijorat banklari faoliyatining kreditlash, depozit mahsulotlari, to‘lov va valyuta operatsiyalari kabi asosiy yo‘nalishlarini ijobiy baholamoqda. Shu bilan birga, raqamlashtirish, depozit mahsulotlarini qamrovini kengaytirish va xizmat shartlarining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Maqolani «Iqtisodiy sharh» jurnalining 6-sonida to‘liq o‘qishingiz mumkin.
Izoh qoldirish