Biznes uchun moliyaviy xizmatlar: banklar korporativ mijozlar ehtiyojlariga qanday moslashmoqda

Biznes uchun moliyaviy xizmatlar: banklar korporativ mijozlar ehtiyojlariga qanday moslashmoqda

Tadqiqot korporativ mijozlarga bank xizmatlari ko‘rsatishning asosiy jihatlari: kreditlash, to‘lov va depozit xizmatlarini ko‘rsatish, raqamlashtirish darajasini qamrab oldi.

Moliyaviy xizmatlardan mijozlarning qoniqish darajasi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, korporativ mijozlar bank tanlashda birinchi navbatda tavsiyalarga, xizmat ko‘rsatish sifati va bankning obro‘siga e’tibor qaratishadi. Bank xizmatlaridan umumiy qoniqish darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda – mijozlarning 85,8%i banklar faoliyatini ijobiy baholagan. E’tiborli tomoni, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 86,8%i ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan qoniqish bildirgan, bu esa sektor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz yuqori.

Moliyaviy xizmatlardan qoniqmagan kompaniyalar fikrini o‘rganish natijasiga ko‘ra, respondentlarning 35,5%i pul o‘tkazmalari, 58%i kredit xizmatlari, 25,8%i to‘lov amaliyotlari, 16%i konversiya, 6,5%i depozit xizmatlarini takomillashtirish zarur deb hisoblaydi.

To‘lov afzalliklari tahlili shundan dalolat berdiki, korporativ mijozlar orasida naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish barqaror tendensiyaga aylanmoqda. O‘rtacha hisobda sektor mijozlarining 40,2%i to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shakilda amalga oshiradi, 48%i esa naqd va nadsiz to‘lovlarni birgalikda qo‘llaydi. Shu bilan birga, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlar bazasi tarkibida raqamli to‘lovlarga yo‘naltirilganlik yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 41,5%i naqd pulsiz to‘lov usullarini afzal ko‘radi, naqd to‘lovlarni afzal ko‘rganlar ulushi esa atigi 8,7%ni tashkil etadi, bu ko‘rsatkich bank sektori bo‘yicha o‘rtacha darajadan past hisoblanadi.

Kreditlash sohasiga oid tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tadqiqotda qatnashgan korxonalarning taxminan 68 foizi bank kreditlaridan foydalanmayapti. Bu esa kreditlash yo‘nalishida hali ham katta foydalanilmagan salohiyat mavjudligini anglatadi. Kreditlardan foydalanayotgan mijozlar orasida “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 35%i jozibador shartlarni qayd etdi, bu ko‘rsatkich tarmoq bo‘yicha o‘rtacha darajan yuqori. Shuningdek, 10% mijozlar kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyatlarini ijobiy baholadi.

Raqamli kanallarning jadal rivojlanishiga qaramay, ayrim korporativ mijozlar hali ham operatsiyalarni bank filiallar orqali amalga oshirishda davom etmoqdalar. Shu bilan birga, respondentlarning 60,6%i kredit to‘lashda internet-banking xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rayotgani, 95,4%i esa buni qulay vosita deb baholagan.

Depozit mahsulotlaridan hozircha faqat cheklangan miqdordagi kompaniyalar foydalanmoqda — jami so‘rovda ishtirok etganlarning 12,3%i mablag‘larini o‘zlari xizmat oladigan bankka joylashtirishgan. Kompaniyalarning depozitlarni boshqa banklarda joylashtirish sabablari sifatida esa yuqoriroq foiz stavkalari va raqamli instrumentlarning qulayligi qayd etilgan. Bu esa banklarning depozit takliflarini yanada raqobatbardosh qilish zarurligini ko‘rsatadi.

To‘lov va valyuta xizmatlari segmentida “O‘zsanoatqurilishbank” barqaror pozitsiyalarni saqlab turibdi. Valyuta konvertatsiyasi uchun bankni tanlash omillarini baholashda mijozlarning 30%i bankning ishonchliligini, 29%i qulay kursni, yana 29%i xizmat ko‘rsatishning yuqori tezligini qayd etgan.

Bank xizmatlari sifatini baholash doirasida o‘tkazilgan tahlillar natijalari banklarda xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan qoniqishning yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, respondentlarning 89%i xizmatlar belgilangan muddatda amalga oshirilayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, 92,7%i xizmat ko‘rsatishning tezkorligi va sifatini baholagan, 88%i komissiya yig‘imlarining adolatlili ekanligiga ishonch bildirgan.

Bank xodimlarining kasbiy fazilatlari ham yuqori baholandi. Xususan, so‘rovda qatnashganlarning 87 foizi xodimlarning malakaliligidan mamnun ekanini, 86 foizi — ularning xushmuomalaligini, 82,7 foizi — berilgan maslahatlarning sifati yuqori ekanini qayd etgan. Shu bilan birga, 85,8 foiz respondentlar bank mahsulotlari turlari keng qamrovli ekanini ta’kidlashdi.

Natijalar shundan dalolat beradiki, bank sektorida raqamli xizmatlar darajasi yetarlicha bo‘lib, biznes uchun infratuzilma barqarorligi ta’minlangan. Jumladan, korporativ mijozlarning 86,3%i bank mobil ilovasidan foydalanish qulayligini qayd etdi. Korxonalar vakillarining 87,7%i bankomatlarning ishonchliligini tasdiqladi. Shu bilan birga, mobil ilovadan foydalanish va bankomatlardan xizmat ko‘rsatish darajasidan qoniqmaslik mos ravishda 6,9% va 6,4% ni tashkil etgan. Bu esa korporativ segment uchun bank xizmatlarini yanada takomillashtirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston bank sektorida korporativ mijozlar ehtiyojlariga moslashish borasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlarni isloh qilish va raqamlashtirish jarayonlarining izchil davom etayotgani bilan bevosita bog‘liqdir.

Shu bilan birga, kredit mahsulotlari, depozitlar va raqamli xizmatlarda aniqlangan cheklovlar tadbirkorlik sub’yektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bundan-da samarali islohotlar va takomillashtirish choralarini amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘limi

Maqolani «Iqtisodiy sharh» jurnalining 6-sonida to‘liq o‘qishingiz mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar