Xizmatlar sohasining shiddat bilan rivojlanishi Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunda kelgusi 5 yilda mamlakat hududlarida xizmatlar sohasi uch barobarga oshishi belgilangan.
2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar hajmi 8,3 trln. so‘mni tashkil etgan va 2020 yilga nisbatan 19,3 foizga oshgan. Hududning yalpi hududiy mahsuloti tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 36 foizini tashkil etgan.
So‘nggi 5 yil ichida hududda xizmatlar sohasi hajmi deyarli 2,7 barobarga oshgan. Jumladan, 2016 yilda hududda 3,1 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan.
Hududda xizmatlar sohasining tarkibi, asosan, 13 turdagi xizmatlardan iborat:
- axborot-kommunikatsiya xizmatlari;
- moliyaviy xizmatlar;
- transport xizmatlari;
- turar joy va ovqatlanish xizmatlari;
- savdo xizmatlari;
- ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar;
- ta’lim xizmatlari;
- sog‘liqni saqlash xizmatlari;
- ijara va lizing xizmatlari;
- kompyuterlar, maishiy texnika, shaxsiy foydalanish buyumlarini ta’mirlash xizmatlari;
- shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari);
- arxitektura, muhandislik tadqiqotlari, texnik sinov va tahlillar sohasidagi xizmatlar;
- boshqa xizmat turlari.
2021 yil xizmatlar sohasi tarkibida eng katta ulush transport (26%), savdo (22,5%) va moliyaviy (20,1%) xizmatlarga to‘g‘ri kelgan. 2021 yilda 2,16 trln. so‘mlik transport xizmatlari, 1,87 trln. so‘mlik savdo xizmatlari, 1,67 trln. so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Xizmatlar sohasi tarkibida keyingi o‘rinlarni ta’lim xizmatlari (6,4%), axborot-kommunikatsiya xizmatlari (5,4%) va shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari) (3,8%) egallagan. Ushbu xizmat turlari 2021 yilda mos ravishda 535,8 mlrd. so‘m, 448,6 mlrd. so‘m va 317,8 mlrd. so‘m miqdorida ko‘rsatilgan.
2021 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar sohasi tarkibi
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2020 yilga nisbatan 2021 yilda ayrim xizmat turlarining dinamikasida keskin o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ta’lim xizmatlari 36,3%, moliyaviy xizmatlar 27,7%, sog‘liqni saqlash xizmatlari 22,5%, transport xizmatlari 22,0%, ko‘chmas mulk xizmatlari 20,9%, kompyuterlar, uy jihozlari, shaxsiy buyumlarni ta’mirlash xizmatlari 19,2%, shaxsiy xizmatlar (sartarosh va go‘zallik saloni xizmatlari) 15,3%ga oshgan. O‘z navbatida, arxitektura, muhandislik tadqiqotlari, texnik sinov va tahlillar bo‘yicha xizmatlar, shuningdek, turar joy va ovqatlanish xizmatlari mos ravishda 1,6% va 1,2%ga kamaygan.
Shuningdek, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2021 yilda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining 43,6% Nukus shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmidagi eng katta ulushlar bo‘yicha keyingi o‘rinlar Qo‘ng‘irot (12,8%), To‘rtko‘l (8,5%), Beruniy (5,5%), Amudaryo (5,4%) va Ellikqal’a (4,7%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, hududda ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida Taxtako‘pir (1,2%), Mo‘ynoq (0,9%) va Bo‘zatov (0,4%) tumanlarining o‘rni juda kam. Shunday bo‘lsa ham aynan ushbu tumanlarda xizmatlar sohasi shiddat bilan o‘sgan. Misol uchun, 2021 yilda Taxtako‘pir, Mo‘ynoq va Bo‘zatov tumanlarida o‘sish sur’atlari 2020 yilga nisbatan mos ravishda 123,5%, 121,1% va 129,5%ni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yil ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmida Nukus shahri va tumanlarning ulushi
Yusup Jumabayev
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish