Ishchi guruhiga Prezident maslahatchisining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligida Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari xodimlari, vazirlik va idoralar mas’ullari jalb etildi.
Mutasaddilarning asosiy e’tibori viloyat bo‘yicha aholidan eng ko‘p shikoyatlar kelib tushayotgan masalalarga tezkorlik bilan yechim topishga, tanlab olingan mahallalarda “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni tahlil qilishga qaratildi.
Murojaatlarni o‘rganish borasida 21 ta vazirlik va idora vakillari tomonidan bir hafta davomida Samarqand viloyatida 7 mingda ziyod masalalar qayta o‘rganilib, natijada, ularning 1,4 mingtasi ijobiy hal etildi. Jumladan, tibbiy yordam, order olish, maktabgacha va maktab ta’limi, suyultirilgan gaz, elektr ta’minoti, qurilish, kommunal va boshqa qator sohalardagi murojaatlarga yechim topildi.
Bundan tashqari, Xalq qabulxonalari boshchiligida viloyat, tuman, shahar sektorlari bilan 82 ta sayyor qabul tashkil etildi. Qabullarda 2 mingga yaqin masala ko‘tarildi. Ularning 30% ga yaqini ijobiy hal etildi, qolgan qismi esa ijro uchun nazoratga olindi.
Misol uchun, murojaatlar asosida Samarqand viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 21 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 2 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 6 nafar shaxslar sud zalidan qamoqdan ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 7 ta fuqarolik ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan ish yuritishdan tugatildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan, kichik biznes sub’yektlari da’vogarligida 10 ta ish bo‘yicha jami 949,2 mln so‘m tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga undirildi.
Shu bilan birga, qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida 11 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 20 ta yangi transformator ta’mirlandi yoki yangisiga almashtirildi, 10 km uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 130 ta suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi, 22 tonna ko‘mir yetkazib berilib, 3 ta ichimlik suvi inshooti ta’mirlandi, 27 tonna chiqindilar chiqarib tashlandi.
Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘lgan yana bir muhim yo‘nalishlardan biri mahallalarda “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘ldi.
Samarqand viloyatida 2024 yil 1-chorak davomida “Obod xonadon-obod ko‘cha-obod mahalla” mezonlari asosida qurilish ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib boriladigan 4 ta, jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Melixo‘ja”, Ishtixon tumanidagi “Qiyot”, Pastdarg‘om tumanidagi “Go‘zalkent” hamda Toyloq tumanidagi “Tepa qishloq” mahallalari tanlab olingan.
Dastur doirasida aholini uzluksiz suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun 1,5 ming tonnaga yaqin qo‘shimcha suyultirilgan gaz yetkazildi, 17 km elektr tarmog‘i tortildi hamda 623 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 15 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 54 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 7 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 8 ta ichimlik suvi nasoslari yangisiga almashtirildi, 2 ta suv minorasi ta’mirlandi, tizimdagi nosozliklar bartaraf etildi. Kommunal, qurilish sohasida jami 31 ta ko‘p qavatli uylarda va 2 ta issiqlik qozonxonalarida ta’mirlash ishlari olib borildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mahallalar aholisi uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Natijada, 337 nafar bemorlarga ambulator sharoitda davolanishga tavsiya berildi, 103 nafar bemorlarga tuman, shahar va viloyat muassasalarida davolanish va tekshiruvlar uchun yo‘llanma berildi.
Bandlik masalasida 1 ming 300 nafar fuqaroga amaliy yordam berildi. 661 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 202 nafari jamoat ishlariga jalb etildi, 366 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitishga jalb etildi. Tijorat banklari tomonidan 35 nafar fuqarolariga 334 mln so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ta’minlandi.
Mahallalar va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida 85 ta oilalar yarashtirildi.
Ishlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish