Respublika ishchi guruhining “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosidagi faoliyati esa Prezident Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla tizimlarining yanada uyg‘un-samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish, dasturlar ijrosi va tizimli masalalar hal qilinishini jadallashtirishda yana bir muhim platforma bo‘ldi.
Bugun viloyatdagi 112 ta mahallada dasturlar asosida bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Ya’ni bugun deyarli har ikki-uch mahalladan bittasida yo‘llar ta’miri, ichimlik suvi yoki elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq tizimli masalalar hal qilinyapti.
Jumladan, jami 13,4 km yo‘l ta’mirlandi. Shundan, 8,7 km yo‘lga asfalt yotqizildi, 2,7 km betonlashtirildi, 2 km shag‘allashtirildi.
Elektr ta’minoti masalasida 61 ta temir-beton tayanchlar, 6 ta transformator o‘rnatildi, 2,8 km yangi tarmoq tortildi.
Ichimlik suvini yaxshilash borasida 16,6 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 2 dona quduq va 5 dona suv minorasi qurilish ishlari bajarildi. Aytaylik, Sirdaryo tumani markazidan 20 km. olisdagi Sholikor mahallasi ahlining ham ichimlik suvi bilan bog‘liq ko‘p yillik muammosiga bu yil nihoyat yechim topildi. Dasturlar asosida 11,7 km. tarmoq tortilayotgani bilan 400 ta xonadon ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlanadi. Yoki Sayxunobodning Olg‘abos mahallasi aholisi murojaatlari asosida esa 180 metrdan chuchuk suv chiqarilyapti, 2,6 km. quvur bilan esa 70 ta xonadonga obi hayot kirib boradi.
“Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosidagi faoliyatdan ko‘zlangan yana bir maqsad – aholining dasturxoni to‘kinligi-yu ro‘zg‘ori butligini ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda 541 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga 13 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 195 nafar fuqaroga 4,1 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Misol uchun, Yangiyer shahri “Bobur” mahallasida yashovchi Jamshid Hamroqulov xonadonidagi o‘rganishlardan so‘ng unga uyida baliqchilik bilan shug‘ulanishi uchun 30 mln. so‘m kredit ajratildi.
“Yuksalish” mahallasida yashovchi Bahriddin Danishev esa murojaatidan so‘ng 300 mln. so‘m imtiyozli kredit evaziga xonadonida sut mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydi.
“Binokor” mahallasi aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun avval Yangiyer shahri markaziga borgan bo‘lsa, endi o‘rganishlar asosida mahallaning o‘zida konteyner qo‘yilib, tibbiyot punkti tashkil qilindi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotimizga joriy qilinayotgan xalq bilan muloqot tizimining yangi-yangi mexanizmlari ham shu ko‘hna zamin bag‘riga ezgu niyatlar bilan qadalayotgan nihollar kabi umidbaxsh, bunyodkorlikka esh, obodlik manzillariga tutash. Aslida ham olam eski, ammo odam qalbi doim yangidir.
Izoh qoldirish