Bir haftada ishtixonliklarning 7 mingdan ziyod masalasi hal etildi

Bir haftada ishtixonliklarning 7 mingdan ziyod masalasi hal etildi

Aniqlangan 10 mingdan ortiq muammoli masalalarning qariyb 7,5 mingga yaqini joyida hal etildi, 3 mingga yaqini esa ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.

O‘rganishlar davomida asosiy e’tibor hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu bilan ishsiz aholini doimiy ish bilan tam’inlash, real daromadini oshirishga qaratildi. Ayni bu borada hududning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, lider tadbirkorlar faoliyatini kooperatsiya aloqalari orqali aholining ishsiz qatlamiga biriktirish va bandligini ta’minlashga erishildi.

Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 6,2 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilganligi 235 nafar fuqarolarni o‘z tadbirkorligi boshlashi uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

Yangi tizim asosidagi aholi muammolari bilan ishlashda xalqni o‘ylantirib kelayotgan ichki yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq eng birlamchi hayotiy masalalarga ham yechim topish choralari ko‘rildi. Bu jarayonda 91,7 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 2 km. yo‘lga asfalt yotqizildi.

O‘rganishlar davomida 12 ta yangi transformator o‘rnatilib, 32 tasi ta’mirdan chiqarildi, 474 dona beton ustunlar o‘rnatildi, 13,2 km yangi elektr kabeli tortildi. Masalan, Chaqar mahallasining Xo‘jamurod qishlog‘ida yildan-yilga aholi sonining ortib borishi natijasida turli uzilishlar kuzatilayotganligi, qo‘shimcha ravishda transformator o‘rnatish lozimligi aniqlangandi. Shundan so‘ng, 30 dan ortiq qo‘lbola simyog‘ochlar temirbeton tayanch ustunlarga almashtirildi. 160 kilovatli yangi transformatorning o‘rnatilishi bilan 138 ta xonadonning elektr energiya ta’minoti yaxshilanadigan bo‘ldi.

Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari natijasida 2 ta suv uzatish stansiyasi ta’mirlandi, 7 km suv quvuri yotqizildi, 8,5 km suv quvurini yotqizish ishlari davom ettirilmoqda. “Sheyxlarkent” mahallasida 34 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun boshlangan harakatlar bilan 20 yildan buyon bu borada murojaat qilib charchagan fuqarolarning xonadoniga obi hayot kirib boradigan bo‘ldi.

Shuningdek, Ishtixon tumanining "To‘por", "Namuna", "Shayxislom", "Qayirma", "Yo‘g‘ontepa", "Mirishkor", "Zarband", "G‘ofur G‘ulom", "Azamat" mahallalarida ham 6 ta suv inshootlarini qurish, 16,2 km li ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada ushbu mahallalarda yashovchi 3 mingga yaqin aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 1250 nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

O‘rganishlar doirasida tumandagi ijtimoiy soha o’bektlari, ta’lim muassasalarining ahvoli, moddiy ta’minotidagni muammolar ham o‘rganildi. 5 ta maktabga 50 dona badiiy adabiyotlar to‘plami berilgan bo‘lsa, 2 ta maktabga 21 mln. so‘mlik elektron doska va quvvati 15 kVt bo‘lgan quyosh panelli o‘rnatildi. 12 ta maktabga esa 119 mln. so‘mlik, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 124 mln. so‘mlik zaruriy jihozlar va o‘quv partalari topshirildi. 5 ta maktabni elektr kabellari ta’mirlandi, 1 tasida yangi qozonxona qurildi. 149 nafar ehtiyojmand oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli ravishda qabul qilinishi tashkil qilindi.

Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davomida 725 nafar fuqarolarning bandligiga ko‘maklashildi. 258 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 249 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 218 nafari o‘zini o‘zi band qilishi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ishtixon mahallasida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarka”sida 96 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, 90 nafar ishsiz fuqarolarga 623 mln. so‘mlik tikuv mashinalari, motokultivatorlar tarqatildi. 349 nafar “Yoshlar daftari”da bo‘lgan yoshlarga 514,2 mln. so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida Ishtixon tumanidagi o‘rganishlari xonadonlargacha kirib borish, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni eng birlamchi nuqtada aniqlab, ularga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi. Hududda aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish maqsadida esa aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar