Toshkent viloyatining yuzlab mahallalaridagi masalalar o‘z yechimini topdi

Toshkent viloyatining yuzlab mahallalaridagi masalalar o‘z yechimini topdi

Besh oy muqaddam – o‘tgan yilning kuz fasli oxirlarida Oqqo‘rg‘on tumanida xalq bilan muloqot tizimining yangi mexanizmlari, ko‘chadan xonadonga kirib, muammolarni individual aniqlash va tizimli hal qilishning yangi ish uslublari amaliyotda sinab ko‘rilgan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutlarining uyg‘un faoliyatini jadallashtirish, har bir muammo eng birlamchi nuqtada aniqlanib, ularga yechim topiladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bu tajriba bilan qisqa vaqtda rahbarlarning sayyor va shaxsiy qabullari xonadonlarga ko‘chdi, yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga ko‘mak berish, Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilgan real muammolarga yechim topish, dasturlar ijrosini jadallashtirish borasidagi ishlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

Yaqinda Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida aholi muammolarini o‘rganish, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli eng og‘ir mahallalardagi tizimli masalalarni hal qilish bo‘yicha faoliyat olib bordi. Bu jarayonda yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq murojaatlar joyiga chiqib o‘rganildi, dasturlar ijrosi jadallashtirildi.

Aslida ham murojaat – bu odamlar, jamiyat qanday nafas olayotganini yaqqol namoyon etadigan qaysar indikator. Bitta tizimli masalani hal qilish bilan esa minglab murojaatlarga oqilona yechim topish mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori murojaatlar tahliliga asoslangani uchun ham tom ma’noda xalq ovozini anglatib turadigan, xalq dardiga darmon bo‘ladigan tarixiy hujjatdir. Shu hujjat sharofati bilan bugun Toshkent viloyatining ham yuzlab mahallalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bois ko‘plab tizimli masalalar hal bo‘lyapti.

Ichimlik suvi – inson hayoti uchun eng zarur ne’mat, tiriklik asosidir. Respublika ishchi guruhi ko‘magi bilan Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida 114,2 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari jadallashtirilgani bilan obi hayot so‘ralgan minglab murojaatlar hal qilinmoqda. Bir e’tibor bering: ayni kunlarda birgina Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida ichimlik suvi tortilyapti va bunday keng qamrovli bunyodkorlik harakati viloyat tarixida birinchi marta yuz bermoqda. Bu – davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun!” g‘oyasining real hayotimizdagi amaliy natijasiga yorqin hayotiy isbot, ming-minglab insonlarning o‘z umridan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash yo‘lidagi dadil qadamdir.

Yana bir misol: bu jarayonda 4 ta transformator o‘rnatilib, 41,3 km elektr tarmog‘i tortilishi-yu 1 ming 250 dan ziyod beton tayanchlar o‘rnatilishi bilan 43 ta mahalladagi elektr ta’minoti yaxshilandi. Aytaylik, Yangiyo‘l tumani Qovunchi qishlog‘ida ham shu kunlarda 3 km. elektr tarmog‘ini yangilashga kirishilgan. Bu bilan 148 ta xonadonda elektr energiyasi kuchlanishi me’yorga keltirilib, 18 foiz elektr toki yo‘qotishlariga barham beriladi.

Umuman, mamlakatimizda hal qilinayotgan har bir tizimli masala zamirida minglab insonlar hayotidagi o‘zgarishlar, ularning hayotdan roziligi mujassam. Bu esa davlatimiz rahbari asos solgan xalq bilan muloqot tizimi aslida ham xalq qalbidan boshlangan taraqqiyot magistrali ekaniga yana bir hayotiy isbotdir.

Bu boradagi eng muhim vazifalardan biri – bu aholining dasturxoni to‘kinligi-yu ro‘zg‘ori butligini ta’minlash, ishsiz insonlar uchun doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berishdan iborat. Ayni shu maqsadda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 463 nafar murojaatchiga 11,7 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi, 1 ming 380 nafardan ziyod ishsiz insonlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutining o‘zaro uyg‘un ishlashini ta’minlash esa bu boradagi natijalar bardavomligini ta’minlashda muhim platforma bo‘ladi.

Inson ruhiyatida hamisha yangilanishga katta bir ehtiyoj yashaydi. Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi faoliyati davomida ham viloyatga tom ma’noda ko‘klam, uyg‘onish kirib keldi. “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan mahallalarda “Sumalak sayli” tadbirlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa, dashtu dalalarda bahorgi yumushlar boshlandi.

Obodonlashtirish ishlari, ko‘chat ekish tadbirlari yanada avjlantirildi. Darvoqe, bu yil bahorgi mavsumda Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 mln. 142 ming tup mevali-manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi bu jarayonlarga guvoh bo‘lib, aslida ham har bir insonning qalbida o‘z bog‘i bo‘lishi, bu bog‘ ko‘rkam bo‘lishi uchun unga hamisha ezgulik, go‘zallik va mehr nihollari ekilishi lozimligini anglagandek bo‘ldik.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Republika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi o‘rganishlari davomida har bir tuman-shahardagi dolzarb, tizimli masalalar murojaatlar tahlili va dasturlar ijrosiga bog‘liq holda har tomonlama chuqur o‘rganildi. Aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish maqsadida aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va mas’ul ijrochilar belgilangan holda har bir tuman, shahar uchun alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Bu boradagi ishlar natijadorligi esa har bir rahbar va mas’ul faoliyatiga baho berishda asosiy mezon bo‘ladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar