Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli Qashqadaryoda bo‘lib o‘tdi

Respublika ishchi guruhining ommaviy qabuli Qashqadaryoda bo‘lib o‘tdi

Viloyatning Shahrisabz, G‘uzor tumanlari va Qarshi shahrida tashkil etilgan xalq bilan ochiq, samimiy muloqotlarda vohaning barcha hududlari qamrab olindi. Qabullar jarayonida murojaatchilarning ko‘plab muammolariga ijobiy yechim topildi.

Xususan, sud organlariga 129 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 74 tasi joyida hal etildi. Masalan, 39 nafar shaxsga nisbatan jazodan shartli ozod qilish bilan bog‘liq ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, ular jazo o‘tashni muddatidan avval ozod qilindi. 20 nafar fuqaroning firibgarlik yuzasidan qilgan murojaatlari buyicha tergov ishlari qo‘zg‘atildi. Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat o‘tkazilib, 4 nafar oila yarashtirildi.

Bundan tashqari, uy-joyga egalik huquqini belgilash hamda qarz undirish bilan bog‘liq fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar ham ko‘rib chiqilib, da’volar qanoatlantirildi. Jumladan, G‘uzor tumanidagi “Chanoq” maxallasida yashovchi Baxtiyor Toshpo‘latovning kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha kiritgan da’vo arizasi G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan adolatli ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Viloyat prokuratura organlari tomonidan 97 nafar fuqaroning murojaati atroflicha o‘rganilib, imkon qadar joyida hal qilish choralari ko‘rildi. Misol uchun Kitob tumanidagi «Kesh Shoxruhxon servis kiftiob” xususiy korxonasi rahbari Yulduz Uzoqovaning bir yo‘la ikkita muammosigi yechim topildi. Yangi sex binosini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish va tabiiy gaz bilan ta’minlash masalalari qisqa muddatlarda hal qilib beriladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, ommaviy qabul davomida o‘z o‘zini band qilishi uchun amaliy yordam so‘ragan 12 nafar fuqaroga bepul ravishdi tikuv mashinalari, payvandlash uskunalari va kompyuter jamlanmalari topshirildi.

Ichki ishlar organlari qabullari jarayonida fuqarolarning 100 dan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotlar jarayonida 50 nafar fuqaroning murojaati joyida o‘z yechimini topdi.

Qabul jarayonida IIB mas’ullari tomonidan 5 nafar fuqaroga davolanishi uchun moddiy yordam ajratildi, 10 nafar shaxsning fuqarolik so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha rasmiylashtirish ishlar boshlandi.

Adliya idoralari tomonidan ham har bir murojaat sinchiklab o‘rganildi. Shahrisabz tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi Rohila Saidova oilaviy muammolari tufayli tug‘ilganlik guvohnomasini o‘z vaqtida ololmaganini aytib viloyat adliya boshqarmasi mas’ullariga murojaat qildi. Fuqaroning bir necha yillik muammosi shu yerning o‘zida yechim topdi.

Shu bilan birga ommaviy qabullar davomida 20 ga yaqin fuqaroga davolanish uchun viloyat va respublika tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar, 30 dan ziyod fuqaroga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari topshirildi. 10 nafar ehtiyojmand oilaning uylari homiylik asosida tamirlab beriladigan bo‘ldi.

Qashqadaryoda sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan 3 kunlik ommaviy qabullar davomida jami 492 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 156 tasi ijobiy hal qilindi, 170 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Muddat talab qiladigan 166 ta murojaat esa nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar