Samarqand viloyat hokimi aholiga murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlardan foydalandi?

Samarqand viloyat hokimi aholiga murojaatida eng ko‘p qaysi so‘zlardan foydalandi?

Respublikamizda so‘nggi yillarda tuman, shahar va viloyat hokimlari tomonidan har yili amalga oshirilgan ishlar yakuni hamda kelgusi yilda hududni kompleks rivojlantirishga bag‘ishlangan murojaatlari an’anaga aylanib bormoqda.

2021 yil 17 dekabr kuni Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi elliginchi sessiyasida viloyatda 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni hamda 2022 yilda viloyatni kompleks rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha eng muhim yo‘nalish va vazifalar to‘g‘risida aholiga murojaat qildi.

Sessiyada viloyat tashkilotlari rahbarlari, faol yoshlar, tadbirkorlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Viloyat hokimining aholiga murojaati hokimlikning facebook rasmiy sahifasida va viloyat telekanalida efirga uzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan ushbu murojaatning lingvistik kontent-tahlili o‘tkazildi. Ekspertlar tasviriy ifodalovchi so‘zlar orqali viloyat hokimining hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ko‘proq e’tiborni qaysi soha va tarmoqqa qaratayotganini aniqlashdi.

Viloyat hokimi o‘z murojaatida jami 4279 ta so‘zdan foydalangan. Murojaatda eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar – bu mahsulot” - 34 marta, sanoat” - 22 marta, ta’lim” - 18 marta,qiymat” - 13 marta, “yo‘llar” – 6 marta, ichimlik” – 11 marta, turizm” - 12 marta, “yoshlar” – 10 marta, “tadbirkor” - 17 marta, “xizmat” – 17 marta, “eksport”-14 marta, “import” – 2 marta, “elektr” - 6 marta, “gaz” – 4 marta, “oilaviy” – 6 marta, “daftar” – 16 marta, “besh” – 5 marta, “yangi ish o‘rinlari” – 9 marta, “kichik sanoat zonalari” – 4 marta, “Samarqand” - 17 marta, Urgut - 9 marta takrorlagan. Ushbu yo‘nalishlarga e’tibor qaratgani albatta, bejiz emas.

“Mahsulot”, “sanoat”, “eksport”, “xizmat” yo‘nalishlari bo‘yicha, joriy yilda davomida viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 9,2 foizga, xizmatlar ko‘rsatish 25,6 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 4,1 foizga hamda qurilish-pudrat ishlari 14,3 foizga o‘sishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 5,4 mln. so‘mni, xizmatlar 4,9 mln. so‘mni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 9,6 mln. so‘mni tashkil etadi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘tgan 2020 yilga nisbatan oshdi, jumladan, yengil sanoat mahsulotlari 1,3 martaga, metallurgiya mahsulotlari 2 martaga va elektrotexnika mahsulotlari 1,4 martaga oshirildi.

Shuningdek, mahalliylashtirish dasturiga muvofiq, mahalliy 21 ta korxonalar tomonidan qiymati 703 mlrd. so‘mlik 47 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida joriy yilning 1 dekabr holatiga umumiy qiymati 286 mln. dollar bo‘lgan 60 ta loyiha ishga tushirilib, 4 700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsa, 11 oy davomida 2 trln 20 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57 mln. dollar miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Kichik sanoat zonalarida ham 92 ta loyiha ishga tushirilib, 380 mlrd. so‘mlik investitsiyalar kiritildi va 1558 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

2021 yilda mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 430 mlrd. so‘m mablag‘lar ijtimoiy-infratuzilma va aholini qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga yo‘naltirildi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish natijasida o‘tgan 11 oyda 402 mln. dollar miqdordagi mahsulotlar eksportga chiqarildi, ya’ni bunda sanoat mahsulotlari eksporti 298 mln. dollarni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 104 mln. dollarni tashkil etdi.

“Tadbirkorlik” yo‘nalishi bo‘yicha viloyatda “Tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham, davlat ham boy bo‘ladi” degan tamoyilni davom ettirgan holda barcha darajadagi tadbirkorlar soni 98,1 mingtaga yetkazildi, shu yilning o‘zida 20,5 mingta tashkil etildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 866 milliard so‘m kredit ajratildi, 11 ming 427 nafar yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlikka o‘qitildi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan 100 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya mablag‘lari ajratiladi.

Natijada, yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2021 yil yakuniga qadar 74,7 foizga yetadi.

“Yangi ish o‘rinlari” va “bandlik” yo‘nalishlari bo‘yicha joriy yil yakuni bilan 5,1 trln. so‘mlik 1 607 ta loyihalar to‘liq ishga tushishi ta’minlanadi va ushbu loyihalar bo‘yicha 13,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 2022 yilda ham qiymati 7,1 trillion so‘m bo‘lgan 772 ta loyihalarni ishga tushirish natijasida 14,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish belgilab olingan.

Joriy yilda 77,4 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda. Barcha yo‘nalishlarda davlatimiz tomonidan 4 488 nafar fuqarolarga 92 mlrd. so‘mlik subsidiyalar ajratildi. Shuningdek, “Temir daftar”, Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kiritilgan 8,1 ming nafar ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun 13,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

“Daftar”lar yo‘nalishi bo‘yicha viloyatda “Temir daftar”ga kiritilgan 52 479 ta oilalarga “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 67,1 mlrd. so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. Daftardagi 67 374 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Natijada 50 258 ta (96 foiz) oilalar “Temir daftar”dan chiqarildi. Bugungi kunda daftarda 2 221 ta (4 foiz) oilalar qolmoqda.

“Ayollar daftari”ga 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 81 612 nafar ayollar ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 81 191 nafar (99,5 foiz) xotin-qizlar daftardan chiqarildi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga ham 72 ming 685 nafar yoshlar kiritilib, amalga oshirilgan ishlar natijasida 70 ming 292 nafar (96,7 foiz) yoshlar daftardan chiqarildi. Hozirda 2 ming 393 nafar (3,3 foiz) yoshlar daftarda qolmoqda.

“Ta’lim” va “sog‘liqni saqlash” yo‘nalishlari bo‘yicha viloyatda maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida joriy yilda 1 ming 121 ta, shundan 9 ta davlat, 8 ta nodavlat (xususiy), 1 ming 89 ta oilaviy va 15 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalar tashkil etildi.

Yil yakuniga qadar 234 ming 762 nafar 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish hisobiga, qamrov darajasi 68,9 foizga yetadi.

Joriy yilda 902 ta maktablarda 446 mlrd. so‘mlik mablag‘lar evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

Bugungi kunda viloyatimizda oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida 63 ming 338 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu o‘tgan besh yilikka nisbatan 2,5 barobarga ko‘pdir. 2016 yilda 26 ming 692 nafar talaba tahsil olgan.

Sog‘liqni saqlash sohasiga qariyb 2,0 mln. yevro mablag‘lar evaziga Onkologik markaziga ichki va tashqi nur terapiya apparatlari o‘rnatilib, bemorlarda nur terapiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, kardiologiya markaziga ham 30 mlrd. so‘m mablag‘lar hisobidan 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi.

“Yo‘l” va “ichimlik suvi” ta’minoti yo‘nalishlari bo‘yicha joriy yilda 1 trln. 146 mlrd. so‘mlik mablag‘lar hisobidan 1 ming 116 kilometr avtomobil yo‘llari ta’mirdan chiqarildi va 8 ta ko‘priklarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Tuman va shaharlardagi 800 kilometrlik ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlandi va 27 ta yangi ko‘priklar qurildi.

Bugungi kunda, viloyat aholisining 58,9 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 2021 yilda 286 mlrd. so‘m mablag‘lar evaziga 210 ta mahallada 545,4 kilometr tarmoqlar 69 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilindi va yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

Samarqand viloyatini 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini asosiy yo‘nalishlari:

Birinchidan, 2022 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalarida yangi 180 ta loyihalar ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi 3 trln 738 mlrd.so‘mga yetadi va mahsulotlar eksporti 135 mln.dollardan oshadi. Buning natijasida kelgusi yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 59 trln. so‘mga yetib, 7,3 foizga hamda sanoat mahsulotlari hajmi 25 trln. so‘m yoki 8,6 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, yaqin besh yil ichida to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 750 mln. dollarlik 182 ta loyihalar ishga tushirilib, ip-kalavani qayta ishlashni matogacha yetkazish darajasi 100 foizga chiqariladi.

Uchinchidan, Qurilish materiallari sanoatida Nurobod, Qo‘shrabod, Narpay, Pastdarg‘om, Paxtachi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida 1,4 mlrd. dollarlik 21 ta loyiha amalga oshiriladi.

Turtinchidan, Pastdarg‘om, Jomboy, Samarqand tumanlari va Samarqand shahrida elektrotexnika sohasida 200 mln. dollarlik investitsiyalar hisobiga alohida sanoat klasteri ishga tushiriladi. Natijada, viloyatda maishiy texnika ishlab chiqarish hajmi 10 barobarga, eksporti 6 barobarga oshiriladi hamda 33,5 mingta ish o‘rinlari yaratiladi.

Beshinchidan, kelgusi 5 yilda qator yirik “mega-loyihalar”ning ishga tushirilishi natijasida viloyat “Innovatsion Sanoat Xabi”ga aylanadi. Bu esa kelgusi yilda eksport hajmini 2021 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshishiga olib kelishi kutilmoqda.

Oltinchidan, yangi ish o‘rinlari bo‘yicha 2022 yilda ham qiymati 7,1 trln. so‘m bo‘lgan 772 ta loyihalarni ishga tushirish natijasida 14,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 2022 yilda 230 ming ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Dasturga ko‘ra 23 ming 170 nafar fuqarolar 985 ta hududiy va davlat investitsiya loyihalariga, 20 ming 400 nafar fuqarolar paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonni ijaraga berish orqali, 14 ming 235 nafar fuqarolar 1254 ta ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilma ob’yektlarini tashkil etish hisobiga, 18 ming 62 nafar fuqarolar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi hisobiga, 54 ming 207 nafar fuqarolar bandlik jamg‘armalari hisobiga, 5 ming 807 nafar fuqarolar xizmatlar sohasi va lider tadbirkorlarga beriladigan imtiyozli bank kreditlari hisobiga (PQ-5113, PQ-5214), 26 ming 157 nafar fuqarolarni rasmiy legallashtirish hisobiga, 72 ming 431 nafar fuqarolarni g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish hisobiga, 1 ming 338 nafar fuqarolarni qo‘shimcha loyihalarni shakllantirish hisobiga bandligi ta’minlanadi.

Yettinchidan, viloyatni uzoq huddudlari aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida 2022 yilda ham dasturlar, qo‘shimcha loyihalar doirasida 666 mlrd. so‘mlik mablag‘lar sarflanishi rejalashtirilgan bo‘lib, ichimlik suvi qamrov darajasini 62,5 foizdan 64,3 foizga yetkazish belgilangan. 2022 yilda 196 ta mahallalarga 337 ta transformator punktlari va 2 ta nimstansiyalar qurish, 1230 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yangilash, 54 kilometr gaz tarmoqlarini qurish va mukammal ta’mirlash hamda uzluksiz aholiga gaz balonlari yetkazib berish belgilangan.

Sakkizinchidan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida kelgusi yilda 212 gektar yer maydonida “Samarqand biznes va turizm markazi” barpo etilmoqda. Unda, xalqaro kongress markazi, “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi, 8 ta mehmonxona, dam olish va ko‘ngilochar ob’yektlar, hunarmandchilik markazi, sun’iy suv havzalari quriladi.

Turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida, 150 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, yotoq o‘rinlar soni 17 mingtaga yetkaziladi.

To‘qqizinchidan, 2022 yilda ham xizmatlar hajmini bir yarim barobarga oshirib, 28 trln. so‘mga, yetkazish rejalashtirilgan. Bunda qiymati 212 mln. dollarlik maydoni qariyb 400 ming kvadrat metr bo‘lgan 7 ta yirik savdo xizmat ko‘rsatish komplekslari tashkil etiladi.

O‘ninchidan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 866 mlrd. so‘m kredit ajratilib, 2836 ta (307,9 gektar) yer uchastkalari, 299 ta bo‘sh bino va inshootlar tadbirkorlik sub’yektlariga auksion orqali sotiladi. Shuningdek, Samarqand shahrini yashash uchun qulay va jozibador “millionli yashil shahar”ga aylantirish uchun amaliy ishlar boshlandi. Buning uchun, Samarqand, Pastdarg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududidan 18 ming gektar maydonlar shahar tarkibiga qo‘shilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar