Sardor Umirzakov YeOIK raisi bilan logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, mavjud bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlash to‘g‘risida munozara olib bordi

Sardor Umirzakov YeOIK raisi bilan logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, mavjud bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlash to‘g‘risida munozara olib bordi

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki va Yevroosiyo barqarorlashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeOIK) raisi M.Myasnikovich va savdo bo‘yicha YeOIK Hayati a’zosi (vaziri) A.Slepnev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomidagi O‘zbekistonning ittifoq bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. YeOII xalqaro nufuzining ortib borishi va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik geografiyasining kengayib borishi qayd etildi. Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, o‘tgan to‘rt yil mobaynida O‘zbekiston va YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 75 foizga oshdi.

Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritganda, tomonlar o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklik, teng huquqlilik va milliy manfaatlarni inobatga olish tamoyillariga, shuningdek, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘zaro sodiqligini bildirdilar.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, to‘siqlarsiz o‘zaro savdo qilishga sharoitlar yaratish va mintaqaning tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma kompleks dasturlarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu nuqtai nazardan, logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, mavjud bo‘lgan to‘siqlarni olib tashlash, texnik reglamentlar va texnik jihatdan tartibga solish me’yorlarini uyg‘unlashtirish, tarif va notarif tartibga solish sohasida mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, mehnat migratsiyasini soddalashtirish hamda mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha kelgusida olib boriladigan ishlar belgilandi.

Uchrashuv yakunida yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida YeOIK bilan ekspertlar darajasida doimiy aloqalar mexanizmini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ham O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar