Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi 1,56 GVt quvvatga ega IES qurilishiga start berdi

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi 1,56 GVt quvvatga ega IES qurilishiga start berdi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yana bir muhim voqea – Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo‘lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda yurtimizda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. Bu hududning cheksiz iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga katta imkoniyatlar yaratadi.

Masalan, Surxon vohasi neft, gaz, ko‘mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko‘p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo‘lsa-da, ular yetarli darajada o‘zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga to‘ldiradi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “YeDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bunga ahlohida e’tibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi.

– Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda mamlakatimizda quvvati 9 ming Megavatt bo‘lgan yana 19 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod.

Prezidentimiz tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor ta’kidladi.

Tadbirda ishtirok etgan “Siemens Energy” kompaniyasi prezidenti Kristian Brux va “YeDF” kompaniyasi ijrochi direktori Beatris Buffon O‘zbekistonda energetika tizimi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinayotganini yuksak baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, mazkur loyihani yuqori sifatda amalga oshirishlarini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng, davlatimiz rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi.

Mazkur stansiyani 2024 yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar