Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Toshkent viloyati tumanlari hududlarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqdi (+foto)

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Toshkent viloyati tumanlari hududlarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqdi (+foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yerning hisobini aniq yuritish va undan samarali foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilishlar qilish holatlarining oldini olish, tuman va shaharlarning ma’muriy-hududiy chegaralarini to‘g‘ri belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari tarkibida tuzilgan ishchi guruh tomonidan bu masalada aniq chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, poytaxtimiz va Toshkent viloyatining yer maydonlari, ularning o‘zaro chegara hududlarining joylashuvi chuqur tahlil qilinib, takliflar ishlab chiqildi.

Ma’lumki, Toshkent viloyatining 5 ta tumani – Zangiota, Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari ayrim mahallalari Toshkent shahrining katta halqa yo‘li ichiga kirib qolgan.

Misol uchun, Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli Xonobod mahallasi poytaxtning Sergeli va Bektemir tumanlari orasida, yoki Toshkent shahriga qarashli Ulug‘bek shaharchasi to‘liq Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida joylashgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarining o‘zaro chegara hududlarida ham ko‘plab nomutanosibliklar mavjud.

Shu bois, aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahardan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtimizga 8371 gektar yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Taqdimotda ushbu takliflar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Poytaxtimiz aholisi izchil o‘sib, shahar infratuzilmasi rivojlanib bormoqda. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangi mavzelar paydo bo‘lmoqda. Masalan, birgina Sergeli tumanida oxirgi 3 yilda 460 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi. Bular boshqaruvni takomillashtirishni, aholiga qulayliklar yaratishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 29 may kuni Toshkent shahrida Yangi hayot tumanini tashkil etish masalasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Shunga muvofiq, ishchi guruh tomonidan Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo‘ldan 263, O‘rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratib, Yangi hayot tumanini jami 4085 gektarda tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqildi.

Yangi hayot tumani tashkil etilishi munosabati bilan Toshkent shahri tumanlari chegarasining o‘zgarishi to‘g‘risida ham taqdimot qilindi. Shuningdek, Yangi hayot tumanida loyihalashtirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tumanning ma’muriy markazini tashkil etishga oid takliflar ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni ma’qullab, Toshkent shahrining Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqish, shaharga qo‘shimcha berilayotgan yer maydonlariga uylar, sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini oqilona joylashtirish, eng asosiysi, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Mutasaddi rahbarlarga yuqoridagi masalalar yuzasidan tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar