Soliqdan qarzdolar GPS orqali aniqlanadi

Soliqdan qarzdolar GPS orqali aniqlanadi

O‘zbekistonda Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi (SAYT) joriy etilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyiha 2019 yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan. Hokimiyat organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning oshirib bajarilgan qismidan 1 959 dona terminal sotib olish uchun 8,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.

SAYT dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar, shuningdek, soliq xizmati organi xodimining ma’lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi.

Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

SAYT terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan ob’yektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarning elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, SAYT tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020 yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 milliard so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘pdir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar