Xitoyda qarz yukining ortishi iqtisodiyotni rag‘batlantirish imkoniyatlarini cheklamoqda (Financial Times)
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda davlat qarzi bo‘yicha foiz to‘lovlarining ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va ichki talabni jonlantirish uchun byudjet imkoniyatlarini cheklamoqda.
The Conference Board tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda qarzga xizmat ko‘rsatish to‘lovlari davlat byudjetining 19,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 12 foiz bo‘lgan.
Qarz yuki mahalliy hokimiyatlar moliyasiga ham bosim o‘tkazmoqda. Ularning foiz to‘lovlari 2014 yildan buyon yiliga o‘rtacha 16 foizga oshgan. Markaziy va mahalliy hukumatlarning jami foiz to‘lovlari 2014 yildagi 348 mlrd yuandan 2026 yilda 1,4 trln yuanga, ya’ni taxminan 209 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.
Morgan Stanley’ning Xitoy bo‘yicha bosh iqtisodchisi Robin Sin yaqin muddatda asosiy e’tibor yil boshida tasdiqlangan byudjet ijrosini jadallashtirishga qaratilishini kutmoqda.
Sun’iy intellektga investitsiyalar jahon iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda (Reuters)
XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan yirik investitsiyalar jahon iqtisodiy o‘sishini qariyb 3 foiz darajasida saqlashga yordam berayotganini bildirdi. Uskuna va texnologik mahsulotlar yetkazib beruvchi Osiyo mamlakatlari, jumladan, Tailand bundan katta foyda ko‘rmoqda.
Georgiyevaning aytishicha, SI infratuzilmasiga investitsiyalar o‘sishi Osiyoning rivojlangan iqtisodiyotlarida iqtisodiy o‘sishni 0,5–1 foiz bandga, rivojlanayotgan mamlakatlarida esa 0,2–0,8 foiz bandga oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, SI mehnat bozoridagi vazifalar va ko‘nikmalarga talabni o‘zgartirmoqda. XVJ bahosiga ko‘ra, SI vaqt o‘tishi bilan jahondagi ish o‘rinlarining 40 foiziga ta’sir qilishi mumkin: ayrimlarida xodimlar imkoniyatlari kengayadi, boshqalarining ahamiyati pasayadi yoki ular yo‘qolishi mumkin.
Dastlabki tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda ish o‘rinlarining 10 foizi allaqachon SI bilan ishlash ko‘nikmalarini talab qilmoqda. Bir xil va takrorlanuvchi vazifalar bilan bog‘liq ish o‘rinlari soni qisqarayotgan bir paytda, nisbatan kam haq to‘lanadigan ikki sohada - qurilish va data markazlarda ish o‘rinlari soni ortib bormoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish