Kreditlar va xorijiy valyutaga bo‘lgan talab karantindan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashdi

Kreditlar va xorijiy valyutaga bo‘lgan talab karantindan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashdi

Moliyaviy resurslarga, xususan, kredit va xorijiy valyutaga bo‘lgan talab ham bosqichma-bosqich tiklanib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qilgan.

Joriy yil yanvar-fevral oylarida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 18,8 trln. so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan (18,7 trln. so‘m) biroz oshdi.

Mazkur davrda xo‘jalik sub’yektlari tomonidan ichki valyuta bozoridan tovar va xizmatlar importi uchun xorijiy valyuta xaridi 1,72 mlrd. dollarni tashkil etib, qariyb karantindan oldingi davr ko‘rsatkichiga (2020 yil yanvar-fevral 1,77 mlrd. dollar) teng bo‘ldi.

Respublika tovar-xomashyo birjasidagi umumiy aylanma fevral oyida yanvar oyiga nisbatan 26,5 foizga va o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan 1,6 barobarga ko‘paydi. Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni ham fevral oyida o‘tgan oyga nisbatan 19,6 foizga oshdi.

Tashqi talabning tiklanib borishi sharoitida joriy yilning yanvar-fevral oylarida eksport tushumlari (oltinni hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga o‘sib, 1,4 mlrd. dollarga yetdi. Bunda, fevral oyida ekportdan tushumlar 743 mln. dollarni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha tushumlar joriy yilning yanvar-fevral oylarida 892 mln. doll. tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi.

Ushbu omillar ichki valyuta bozorida taklifni qo‘llab quvvatlashga xizmat qildi va natijada milliy valyuta almashuv kursi nisbatan barqaror shakllanib, 2021 yil 1 mart holatiga devalvatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 0,6 foizni tashkil etdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar