Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari tomonidan Surxondaryo viloyatida foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish va investitsiya jalb etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Viloyatning noruda foydali qazilmalar salohiyati
Surxondaryo viloyati foydali qazilma zaxiralari bo‘yicha respublikada yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mavjud noruda foydali qazilmalarning qariyb 50 foizi hali iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan.
Bugungi kunda viloyatda 104 ta noruda foydali qazilmalar koni ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 53 tasi o‘zlashtirilmagan. Zaxiralar hajmi quyidagicha: ohaktosh – 327,7 mln tonna, dolomit – 131,8 mln tonna, keramzit xomashyosi – 55,5 mln kub metr, lyossimon jinslar – 43,3 mln tonna, gips – 34,4 mln tonna, sement xomashyosi bo‘lgan gil – 28,1 mln tonna, mineral tuzlar – 24,5 mln tonna, qum-shag‘al mahsulotlari – 19,2 mln kub metr, argilit slanetslari – 15,6 mln tonna, g‘isht xomashyosi bo‘lgan gil – 12 mln kub metr, bentonit gil – 11,7 mln tonna, gabbro – 6,7 mln kub metr, marmar – 2,4 mln kub metr.
O‘zlashtirilmagan konlarning asosiy qismi Sherobod (18 ta), Sariosiyo (11 ta) va Boysun (10 ta) tumanlarida joylashgan. Hozirda o‘zlashtirilgan 51 ta konning 38 tasida g‘isht xomashyosi, 7 tasida gips, 6 tasida qurilish toshlari qazib olinib, qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda.
53 ta noruda konni iqtisodiy aylanmaga kiritish orqali 1,5 mlrd dollargacha investitsiya jalb etish, yillik 1 mlrd dollarga yaqin eksportni ta’minlash, importni 300 mln dollargacha qisqartirish va 15 mingta barqaror ish o‘rinlari yaratish imkoniyati mavjud.
Ko‘mir va rangli metallar zaxiralari
Viloyatning Sariosiyo, Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlarida ko‘mir zaxiralari ham aniqlangan. Sariosiyo tumani Nilu mahallasida 25 mln tonna, Oltinsoy tumanida 21 mln tonna hamda Qumqo‘rg‘on tumani Olachapon massivida 101 gektar maydonda ko‘mir zaxiralari tasdiqlangan. Bu zaxiralar sanoat va energetika sohalari uchun strategik ahamiyatga ega.
Uzun tumanida mis va kumush rudasiga ega 8 ming gektar maydon aniqlangan. Shundan 5,4 ming gektari 3 ta lotga bo‘linib Xitoy, Hindiston va Turkiya investorlariga berilgan. “Glokol Yevro Aziya” MChJga 2 ming gektar, “Aurex” MChJga 1,8 ming gektar va “Momiq Kuppur” MChJga 1,6 ming gektar yer maydoni ajratilgan.
Qurilish materiallari sanoati holati
Qurilish materiallari sanoatida hozirda 612 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning dastlabki 9 oyida 1,1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu yalpi hududiy mahsulotning 2,4 foizini tashkil etadi. Bir korxona hissasiga o‘rtacha 1,79 mlrd so‘mlik ishlab chiqarish to‘g‘ri kelgan.
2025 yil yanvar–sentyabr oylarida 2,76 mln dollarlik qurilish materiallari eksport qilingan. Jumladan, portlandsement – 885,5 ming dollar, sement va bog‘lovchi materiallar – 608 ming dollar, keramika mahsulotlari – 410 ming dollar, metall buyumlar – 278,3 ming dollar, gulqog‘oz – 217,4 ming dollar, oyna mahsulotlari – 161,3 ming dollar. Asosiy eksport Termiz tumani (1,1 mln dollar), Termiz shahri (759 ming dollar) va Denov tumani (457,3 ming dollar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu davrda 277,5 ming dollarlik qurilish materiallari import qilingan. Asbest – 182,8 ming dollar, PVX quvur va fitinglar – 37,5 ming dollar, sanitar keramika – 30,4 ming dollar.
Investitsiya loyihalari va yangi ish o‘rinlari
2025–2026 yillarda qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 52,2 mln dollarlik 50 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Hozirgacha 29 ta loyiha ishga tushirilib, 616 ta ish o‘rni yaratilgan. Bir ish o‘rniga o‘rtacha 37,5 ming dollar investitsiya to‘g‘ri kelgan.
Termiz tumanida “Surxon Sendvich” MChJ tomonidan 25 mln dollarlik loyiha asosida bazalt toshidan issiqlik saqlovchi mineral plitalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxona yiliga 30 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 120 ta ish o‘rni yaratilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Surxondaryo viloyatida mavjud foydali qazilma zaxiralarini chuqur qayta ishlash orqali kelgusi 5 yil ichida hududni qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar va issiqlik izolyasiyasi mahsulotlari bo‘yicha eksportchi hududga aylantirish imkoniyati mavjud.
Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish