Tadbirkorlar yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan vositalar o‘rnatilishini tashkil etishi mumkin

Tadbirkorlar yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan vositalar o‘rnatilishini tashkil etishi mumkin

“Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.

Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

Elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga bunday joylar cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi.

Shunga ko‘ra, 2021-2022 yillarda respublika bo‘yicha jami 3 356 ta intellektual videokameralar hamda 763 ta statsionar radarlar o‘rnatiladi.

2021 yil 1 apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlar barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda:

  • haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi;
  • imtihonlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkaziladi;
  • imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq hajmda uning tasarrufida qoladi;
  • nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi;
  • maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkor tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar