Takroriy karantin o‘zini qanchalik oqlaydi yoxud O‘zbekiston pandemiyaga qarshi kurashni qanday davom ettiradi?

Takroriy karantin o‘zini qanchalik oqlaydi yoxud O‘zbekiston pandemiyaga qarshi kurashni qanday davom ettiradi?

O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli 10 iyuldan 1 avgustga qadar yana karantin rejimi joriy etildi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Respublika maxsus komissiyasining ushbu qarori atrofidagi bahs-munozaralar hamon to‘xtagani yo‘q. Qaror borasida aholida ko‘plab savollar tug‘ildi. Muhokamalarning ayrim ishtirokchilari navbatdagi cheklovlarning kiritilishi asosli ekaniga va maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaramoqda.

Takroriy karantin qanchalik asosli ekani, davlat pademiyaga qarshi kurashni qay tarzda davom ettirishi hamda aholi va iqtisodiyot sektorlarining eng ko‘p zarar ko‘rgan qatlamlariga qanday yordam berilishi borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga intervyu berdi.

— Avvalo, mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, aholi salomatligi va hayotini himoya qilish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini alohida ta’kidlash lozim. Davlat rahbari 14 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganidek, bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Endi savolingizga qaytsak. Darhaqiqat, karantinning kuchaytirilishi qizg‘in bahs-munozaralar mavzusiga aylandi. Aholining muayyan qismidagi hissiy reaksiyani shaxsan tushunaman. Tashvishlari asossiz emas, negaki karantinni o‘tkazish hamma uchun qiyin. Ba’zilar ishidan ayrilib, daromadini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Boshqalari aprel-may oylarida boshlaridan kechirgan noqulayliklarning takrorlanishini istamaydi.

Lekin dunyo bugun tabiatini hali hech kim aniq o‘rganmagan, doimiy mutatsiyaga uchrab, yoshi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, amalda barchani birday zararlayotgan yangi halokatli virusga to‘qnash kelib turganini ham unutmasligimiz kerak.

Koronavirusga qarshi samarali dori-darmon va davolash usullarining mavjud emasligi, vaksinalar esa hali ishlanish jarayonidaligi sababli bu murakkab epidemiologik vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li karantin hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo hamjamiyatini g‘aflatda qoldirganini ko‘ryapmiz. Bugungi kunda dunyoda har kuni bu kasallikka chalingan 200 mingdan ziyod bemor aniqlanyapti. Ularning aksariyati (75 foizi) AQSh, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu infeksiyaning tarqalish tezligi ham e’tiborni o‘ziga qaratadi. Agar pandemiya boshlanganidan 13,5 hafta o‘tib 1 mln kasallik qayd etilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkichga 5 kundan kamroq vaqt ichida yetishilyapti.

Bunday sharoitda kasallik tarqalishiga qarshi kurashishning eng samarali usuli ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiyenaga amal qilish, niqob taqib yurish va odamlar bilan aloqalarni cheklashdir.

Bu haqda nafaqat JSST vakillari va dunyo olimlari tinmay gapiryaptilar. Buni cheklovlarni muddatidan oldin yengillashtirib, karantinga qaytishga majbur bo‘lgan xorijiy davlatlar amaliyoti ham tasdiqlamoqda.

Masalan, may oyi o‘rtalarida Yevropada birinchi va dunyoda birinchilardan biri bo‘lib epidemiyani yengganini e’lon qilgan Sloveniya bir oy o‘tgach, kasallik yuqishi holatlarining keskin ko‘payib ketishi natijasida yana cheklovlarni kiritdi. Takroriy qat’iy karantin Isroilni ham qamrab oldi. Pandemiya bilan muvaffaqiyatli kurashayotgandek tuyulgan Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham cheklov choralari sezilarli darajada kuchaytirilgan.

Yoki JSSTning barcha yo‘riqnomalari va dunyoning ko‘plab epidemiolog olimlari tavsiyalarini pisand qilmagan Shvetsiyani olaylik. Shunga qaramay, garchi kech bo‘lsa-da, ushbu mamlakat hukumati karantinning zarurligini anglab yetdi va joriy qildi. Lekin bundan xalq jabr ko‘rdi! Bugungi kunda shvedlarda koronavirusdan o‘lish darajasi qo‘shni Norvegiya, Finlyandiya va Daniyadagiga qaraganda ancha yuqori. 15 iyul holatiga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda o‘lim darajasi 253, 329 va 610 ni tashkil etgan bo‘lsa, Shvetsiyada bu ko‘rsatkich 5,545 ga teng, ya’ni o‘n baravar ko‘p. Shvetsiyaning sobiq davlat epidemiologi A.Linde yaqinda “boshdanoq ancha qat’iy cheklovlarni kiritish lozim edi”, deya bejiz aytmadi.

Afsuski, butun Yevropa bo‘ylab chegaralar yopilishi sharoitida karantin qoidalari yumshatilishining iqtisodiy ta’siri katta bo‘lmadi. Shvetsiya Markaziy banki prognoziga ko‘ra, bu yil YaIM 4,5% qisqaradi. Bu esa YaIMning 1,3% o‘sishi bashorat qilingan oldingi prognozga mos kelmaydi.

Barchamiz AQSh, Braziliya va Hindistonda jiddiy epidemiologik vaziyatni ko‘ryapmiz. Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham murakkab vaziyatga tushgan.

Shu bois, karantinning asossiz ekani haqidagi biryoqlama tasdiqlar mutlaqo noo‘rin. Bunday bayonotlarni mas’uliyatsizlik bilan qilingan, deb hisoblayman. Zero, tarozining ikkinchi pallasi ham bor: yuzlab, minglab fuqarolarning, butun O‘zbekiston xalqining salomatligi va hayoti xavf ostida!

— Ko‘pchilik mamlakatimizda joriy etilgan karantinni asossiz qattiq, deb hisoblamoqda. Bu fikrga munosabatingiz qanday?

— Avvalo, qattiq karantin yoki hozir xorijda nomlanayotganidek, ommaviy lokdaun nimaligini aniqlab olish lozim. U, asosan, Yevropada keng tarqalgan.

Ommaviy lokdaunda odamlarning o‘z uylarini tark etishi qat’iyan man etiladi. Faqat maxsus ruxsatnoma bo‘lgan hollarda yoki sanitariya xizmati oldindan SMS xabar bilan ogohlantirilganidan so‘nggina oziq-ovqat yoki dori-darmon uchun ko‘chaga chiqiladi.

O‘zbekiston ulardan farqli o‘laroq, cheklovlarning o‘rtacha yo‘lini tanladi. Fuqarolarning uylarini tark etishi taqiqlanmadi va kunning muayyan vaqtlarida hatto shaxsiy transport vositalaridan foydalanishga ruxsat berildi. Barcha oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar uzluksiz ishlab turdi. Oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari taqchilligiga va narx-navoning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘yilmadi.

To‘laqonli lokdaun (karantin) haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Bu safar ham ushbu tamoyil saqlanib qolindi. 1 avgustga qadar faqatgina jamoat transporti, parklardagi attraksionlar, buyum bozorlari, fitnes zallar, go‘zallik salonlari, umumiy ovqatlanish nuqtalari, sanatoriylar, bolalar bog‘chalari va dam olish lagerlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart.

Bu esa bizdan doimiy hushyorlikni, sanitariya me’yorlariga va epidemiologik talablarga rioya qilishni talab etadi. Menimcha, aynan ba’zi fuqarolarimizning xotirjamlikka berilishi, loqaydligi pandemiyaning yangidan kuchayishiga imkon berdi.

E’tiboringizni quyidagi holatlarga qaratmoqchiman.

Birinchidan, 16 martdan 10 maygacha bo‘lgan qat’iy karantin davrida kasallangan jami 2 418 nafar kishi aniqlanib, o‘rtacha o‘sish sur’ati 0,007 foizni tashkil etdi.

Ikkinchidan, talablar yumshatilgandan so‘ng 10 maydan 9 iyulgacha bo‘lgan davrda yana 9 029 holat qayd etilib, 0,03 foiz o‘sish kuzatildi.

Uchinchidan, may oyida 51 ta kunlik zararlanish holati qayd etilgan bo‘lsa, iyun oyida 163 tadan kasallanish aniqlandi. Birgina iyul oyining birinchi haftasida kasallanganlar soni yana 2 167 taga ko‘paydi. Shundan 58 foizi aholi orasida aniqlangan. Iyul oyi boshidan buyon kuniga o‘rtacha 324 ta yangi holat qayd etildi. So‘nggi kunlarda zararlanishning navbatdagi antirekordi — kuniga 500 dan ortiq holat kuzatilmoqda.

Ammo eng achinarlisi, mamlakatda umumiy o‘lim darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolayotgan bir davrda karantin cheklovlarini yumshatish davrida o‘lganlar soni 10 tadan 70 tagacha, 0,5 foiz atrofida ko‘paydi. Bu qo‘shni mamlakatlar — Qirg‘iziston va Qozog‘istonga nisbatan deyarli uch va ikki barobar past. Rossiyada bu ko‘rsatkich — 1,5%, AQShda — 4%, Braziliyada — 3%, Hindistonda 3%ga teng.

Aynan shu bois ham karantin kerak. Ushbu bosqichda biz uchun fuqarolarning o‘z-o‘zini izolyasiyalash va ijtimoiy masofa saqlash orqali virus yuqishining barcha yo‘llarini to‘sish, bemorlarni aniqlash va kasallikning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida faol chora-tadbirlarni amalga oshirish o‘ta muhim.

Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi kurash borasida bir butun va chuqur o‘ylangan strategiya ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda, bunday yondashuvimiz Germaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Fransiya, Avstriya, Chexiya, Daniya kabi davlatlarning pandemiyaga qarshi kurashishdagi eng yaxshi amaliyotlariga mos keladi. Ularning tajribasi kasallik monitoringini tashkil etish, sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini mustahkamlash va kengaytirish zarurligiga ishora qiladi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi inqirozni bartaraf etish va iqtisodiy o‘sishning mustahkam zaxiralarini yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning zaruriy shart-sharoitlarini ta’minlay olamiz.

Odamlar o‘rtasidagi aloqalar sonini kamaytirish har bir zararlangan bemor orqali kasallikning 4-5 ta yangi odamga emas, balki ancha kam kishiga yuqishiga olib kelishi lozim. Bu vaziyatni nazorat ostida ushlab turish, kasallik tarqalish manbalarini aniqlash va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi. Boshqacha aytganda, barcha kasallanish holatlari qanchalik tez aniqlansa, tekshirilsa va izolyasiyalansa, virusni jilovlash shunchalik oson bo‘ladi.

— Pandemiya boshlanganidan buyon koronavirus aslida mavjud emasligi haqidagi zamirida shaxsiy manfaatlar yashiringan va konspirativ nazariyalar kuzatilmoqda. Bunday xabarlarga munosabatingiz qanday? Bu insonlarning vaziyatning jiddiyligini anglashiga biror-bir tarzda ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?

- To‘g‘ri qayd etdingiz. Bunday noto‘g‘ri ma’lumot va mish-mishlar, afsuski, butun dunyoda mavjud. Bu pandemiya bilan kurashish harakatlariga to‘sqinlik qiluvchi va oddiy fuqarolarni adashtiruvchi jiddiy muammo. Shu bois ham BMT, JSST va boshqa nufuzli tashkilotlar hamda ekspertlarning e’tibori shunga qaratilgan.

Masalan, BMT Bosh kotibi A. Guterrish buni “infodemiya”, deb atadi va xalqaro hamjamiyatni bunday soxta ma’lumotlarga qarshi faol kurashishga chaqirdi. Bu dunyo amaliyotida mutlaqo yangi hodisa. JSST Bosh direktori T. Gebreyesus soxta ma’lumotlarning virusdan ham tezroq tarqalayotgani va kasallikning o‘zidan ham xavfliroq tus olayotganini ta’kidladi.

Germaniya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya hukumatlari hamon noto‘g‘ri axborotga qarshi faol kurashmoqda, aholisining media-madaniyatini oshirmoqda.

Fuqarolarimiz orasida haqiqatdan uzoq bo‘lgan xabarlarga ishonganlar ham bo‘lishi mumkin. Ehtimol, bu o‘zlari ham buni bilmagan holda aholi orasida COVID-19 tarqalishini keltirib chiqargan, karantin choralarini pisand qilmagan ayrim kishilarning “hushyorligini susaytirgandir”.

O‘zini izolyasiyalash davrida ijtimoiy tarmoqlar va telegram-kanallar soxta xabarlarning haqiqiy o‘chog‘iga aylandi. Ko‘rib turganimizdek, o‘z manfaatini o‘ylab noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatayotgan ayrim kimsalar so‘z va axborot erkinligidan o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida, shov-shuv uchun va obunachilari sonini ko‘paytirishda foydalanishgan. Bu kabi mas’uliyatsiz xatti-harakatlar ko‘plab o‘quvchilarda yanglish fikr uyg‘otadi.

Yaxshiyamki, bunday urinishlar mamlakatdagi haqiqiy epidemiologik vaziyatdan yaxshi xabardor vakolatli mutaxassislar tomonidan darhol rad etilmoqda.

Bunga, asosan, O‘zbekistonda bugungi kunda hukm surayotgan ochiqlik va oshkoralik tufayli erishildi. Aytishim mumkinki, hukumat va barcha davlat organlari maksimal darajada oshkora ishlamoqda. Axborot ochiqligi borasidagi tanlagan yo‘limiz rivojlangan mamlakatlarning eng yaxshi amaliyotlariga mos keladi va amalda o‘zini oqlamoqda. Xalq bilan strategik muloqotni yuritish va takomillashtirish pandemiyaga qarshi kurashda ustuvor bo‘lib qoladi.

— Karantinning beshinchi kuni ham o‘tyapti. Agar epidemiologik vaziyat talab etsa, cheklash rejimi uzaytirilishi mumkin. Davlat epidemiyaga qarshi turishda qanday yo‘l tutishni ko‘zlamoqda?

— Avvalo, barchani kelajakka bo‘lgan umidni so‘ndirmaslikka va ko‘rilgan barcha chora-tadbirlarning kutilgan natijani berishiga ishonishga chaqirgan bo‘lardim. O‘zbekiston hududida koronavirusni jilovlashni maqsad qilganmiz. Bunga erishish uchun pandemiyaning dastlabki kunlaridanoq ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlat fuqarolarni COVID-19 dan davolash, kasallikni aniqlash va davolash bo‘yicha barcha xarajatlarni to‘liq zimmasiga olgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish xarajatlari uchun 1,7 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Ushbu mablag‘larga tezkor tarzda Toshkent, Namangan, Surxondaryoda karantin zonalari, shuningdek, Zangiota tumanida 1000 koyka-o‘ringa mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli shifoxona qurib bitkazildi. Ba’zi tibbiyot muassasalari qayta tashkil etilib, yangi statsionarlar ochildi, O‘SSh va boshqa tibbiy uskunalar, shaxsiy himoya vositalari faol xarid qilindi.

Bu COVID-19 ga chalingan barcha bemorlarni muvaffaqiyatli davolashni ta’minlash, tibbiy xodimlar salomatligini saqlab qolish, Italiya, Ispaniya yoki AQShda kuzatilganidek, zararlanishlarning eng yuqori cho‘qqisida sog‘liqni saqlash tizimiga og‘ir yuk tushishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, hukumat karantinni joriy etish bilangina cheklanib qolmay, sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashda, tezkor reaksiya ko‘rsatish xizmati salohiyatini oshirishda davom etmoqda.

Shu bilan birga, o‘rtacha darajadagi og‘ir bir bemorga davolanish xarajati 32,3 mln so‘m (3,200 dollar), reanimatsiyadagi bemorga esa 64,4 mln so‘m (6,300 dollar)ni tashkil etganini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. Dastlabki oylarda bemorlarning keyingi reabilitatsiyasida har biri uchun 2,5 mln so‘m (250 dollar) sarflandi. Masalan, FAIRHEALTH (Amerikadagi sog‘liqni saqlash sohasida tadqiqotlar olib boruvchi IIChB – muharrir izohi) hisob-kitobiga ko‘ra, AQShda tibbiy sug‘urtasiz bir amerikalikni koronavirusdan davolash 73,3 ming dollarga, sug‘urtalanganiniki esa 38 ming dollarga tushadi. Shuningdek, koronavirusga chalingan kasalni davolash xarajati 1 mln dollarni tashkil etgan holat ham ma’lum.

O‘zbekistonda o‘z vaqtida ko‘rilgan dastlabki karantin chora-tadbirlari tufayli COVID-19 atrofidagi vaziyat qo‘shni davlatlar, MDH va umuman, butun dunyoga nisbatan ancha yaxshi va bu juda muhim fakt.

Masalan, aholi soniga nisbatan kasallanish darajasini olaylik. O‘zbekistonda bu ulushlar nisbati boshqa davlatlarga nisbatan minimal darajada. Har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan holatlar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida oxirgi o‘rinda turadi — 35 kishi. Rossiyada bu ko‘rsatkich — 484, Belarusda — 681, Qozog‘istonda — 291, Qirg‘izistonda — 143, Armanistonda 1024 kishiga teng.

So‘nggi kunlarda mamlakatimizda zararlanish statistikasining oshib borayotganini ko‘ryapmiz. Intensiv terapiya va karantin zonalarida kasallanganlar soni ko‘paydi. O‘lim darajasi ham nisbatan oshdi. Agar martdan may oyiga qadar bizda 10 ta o‘lim holati yuz bergan bo‘lsa, cheklovlar yengillashtirilgach, o‘lim ko‘rsatkichi yana 50 taga oshdi.

Bu ko‘rsatkichlarni kamaytirish, zararlanishlar sonining o‘sish zanjirini buzish uchun bizga karantin kerak. Bu esa bo‘shagan kuch va mablag‘larni sog‘liqni saqlash tizimini yanada mustahkamlashga, aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish imkonini beradi.

— So‘nggi kunlarda kasallikni tashxislash, aniqrog‘i, COVID-19 ga test olish jarayoni borasida ko‘plab o‘rinli savollar paydo bo‘ldi.

— Testlar hajmini hech qanday kamaytirmadik. Har kuni 22-24 ming test o‘tkazilmoqda. 12 iyulga qadar 1,3 milliondan ortiq test o‘tkazildi. Bu 1 mln aholiga 41 mingta test o‘tkazildi, degani.

Masalan, bu eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bizdan faqat Rossiya (157 mingta), AQSh (126 mingta), Buyuk Britaniya (117 mingta) kabi davlatlar yuqoriroq pog‘onani egallagan. Proporsional nuqtai nazardan Hindiston va Braziliyada O‘zbekistonga qaraganda 1 mln kishiga nisbatan kam test o‘tkazgan. So‘nggi kunlarda aniqlangan holatlar sonining oshishi ko‘p jihatdan katta miqdorda testlar o‘tkazilishi bilan ham bog‘liq, deb hisoblayman. Shu bilan birga, davlat test o‘tkazish qobiliyatini oshirishda davom etmoqda. Jumladan, yaqindagina test, PZR apparatlari va boshqa laboratoriya uskunalari xarid qilish uchun 500 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.

Biroq test, birinchi navbatda, “shunga gumon mavjud” holatlarda, ya’ni kasallik alomatlari o‘zini namoyon qilgan shaxslarda va kasallar bilan muloqotda bo‘lgan odamlarda o‘tkazilishi kerakligini ham hisobga olish lozim. Aks holda sog‘liqni saqlash tizimi shunchaki yuklamaga bardosh bera olmay qoladi.

Bunday yondashuvga boshqa mamlakatlarda, xususan, Germaniya va Yaponiyada ham amal qilinadi. Bilishimcha, Yaponiyada tana harorati 37,5 darajadan yuqori, yo‘tal va tumov bo‘lgan odamlarning koronavirus testidan erkin o‘tishi taqiqlanadi va ular kamida 4 kun uyda qolishga chaqiriladi. Agar alomatlar yo‘qolmasa, maxsus markazlardan biriga qo‘ng‘iroq qilib, sirtdan suhbatdan o‘tishi kerak. Mabodo vaziyat jiddiy bo‘lsa, bemor uchun tez yordam mashinasi jo‘natiladi, koronavirus testi o‘tkaziladi va u yuqumli kasalliklar palatasiga yotqiziladi. Yaponiya hukumati shu yo‘l bilan shifoxonalarning kasallanganlar, shu bilan birga, alomatlari yengil kechayotgan fuqarolar bilan to‘lib-toshib, natijada yangi ommaviy zararlanish o‘choqlari ko‘payib ketgan Italiyaning ahvoliga tushib qolmaslikka intiladi.

— Davlat aholining zaif qatlamlarini qanday qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni qanday tiklash niyatida?

— Ta’kidlash joizki, aynan davlat iqtisodiy va moliyaviy xarajatlarning ko‘pchiligini ongli ravishda o‘z zimmasiga olgan. Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarda davlat ijtimoiy ko‘makni boshdanoq yirik korxonalar zimmasiga yuklab qo‘ydi, deb yozishadi. 120 ming ehtiyojmand oilani qo‘llab-quvvatlash uchun 20 mlrd so‘mni yetarli emas, deyishmoqda.

Lekin unday emas. Nafaqat aholining barcha qatlamlari uchun, balki kichik hamda o‘rta korxonalar va, umuman, butun iqtisodiyotning bir maromda ishlashini ham maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash maqsadida yordam paketi qabul qilindi.

500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trln so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Koronavirus pandemiyasi vaqtida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning umumiy qiymati 6,1 mlrd dollardan ziyod, deb baholangan. O‘zbekiston sharoitida bu mablag‘lar mamlakat YaIMning deyarli 11% ini tashkil etadi. Iqtisodiy imkoniyatlarimizni hisobga oladigan bo‘lsak, bu anchayin katta mablag‘. Shundan 1,7 mlrd dollarga yaqin yoki qariyb 30 foiz mablag‘ O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga yo‘naltirildi, bu esa yuqori ko‘rsatkichdir.

Ko‘pchilik fuqarolar “vertolyot pullar” ajratilishini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu masala bo‘yicha o‘z fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Bu juda bahsli masala, negaki butun dunyoda pandemiya oqibatlarini minimallashtirishning yagona standarti mavjud emas. Har bir mamlakat o‘z iqtisodiy voqeligiga asoslanib, qarorlar qabul qiladi. “Vertolyot pullar” ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sifatida foydalidir, biroq pul-kredit siyosati vositasi sifatida dolzarb emas va, umuman, rivojlanayotgan iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Birinchidan, qaror qabul qilishda biz manzilli ko‘mak tamoyilidan kelib chiqamiz. Mablag‘lar, birinchi navbatda, pandemiyaga qarshi kurashish uchun aholining eng zaif toifalariga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining qo‘llab-quvvatlanishi va bir maromda ishlashi uchun yo‘naltiriladi. Bu pandemiyadan so‘ng har bir kishining ishga kirishib ketishi, iqtisodning “ishlashi” maqsadida amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, to‘laqonli ishlamayotgan xizmat ko‘rsatish sektori sharoitida katta pul massasining paydo bo‘lishi inflyasiyaga olib kelishi mumkin, bu esa oxir-oqibat oziq-ovqat va boshqa kundalik ehtiyoj tovarlari narxlari oshishiga olib keladi.

Umuman olganda, biz qabul qilgan model aholining zaif guruhlariga manzilli yordam ko‘rsatishni tashkil etishga asoslangan. Mavjud zaxiralardan iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va odamlarni ish va mos ravishda maosh bilan ta’minlashda foydalaniladi. Buning kelajakda mamlakat aholisiga bir martalik pul to‘lovlaridan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy samara berishi shubhasiz, deb hisoblayman.

Xulosa sifatida ta’kidlashni istardimki, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatilishi borasida hech qanday shubhaga o‘rin qolmasligi lozim. Karantin davrida bunday toifadagi kishilar oziq-ovqat va dori-darmonsiz qolib ketmaydi. Davlat mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan va bu rejalarni qat’iy amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, buning uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Hayot davom etmoqda va u bizdan sabr-toqat va mustahkam intizom bilan oqilona harakat qilishimizni talab etadi. Aminmanki, bu sinov va qiyinchiliklarni, albatta, yengib o‘tamiz!

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar