Tibbiyot sohasiga ixtisoslashtirilgan Ibn Sino maktablari tashkil etiladi

Tibbiyot sohasiga ixtisoslashtirilgan Ibn Sino maktablari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda ixtisoslashgan tibbiy yordam sifatini oshirish kerakligi ta’kidlandi

Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida tibbiyot sohasidagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, adolat va raqobatni ta’minlash bo‘yicha o‘z mulohazalarini bayon etgan edi.

Bugungi yig‘ilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Avvalo, ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati va ko‘lamini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

10 ming aholiga 23 nafar shifokor

Qayd etilganidek, mamlakatimizda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e’tibor qaratilmayapti. Ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa o‘rtasida vertikal tizim shakllanmagan.

Order berish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi

Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat ta’minlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tibbiyotda 30 foizgacha mablag‘ samarasiz sarflangan

Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimi tanqidiy tahlil etildi. 20-30 foiz mablag‘ samarasiz sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya uchun ajratilayotgan mablag‘ ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Xorijda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi.

Majburiy tibbiy sug‘urta joriy qilinadi

Davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit, raqobat muhiti yaratilmagan. Moliyalashtirishda elektron tizimning yo‘qligi mablag‘lar unumdorligini tahlil qilish imkonini bermayapti.

Sohani moliyalashtirishni takomillashtirish, majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlar qabul qilib, uni bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi aytildi.

Endi malaka oshirish kurslari viloyatlarda ham faoliyatini boshlaydi

Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, faqat 12 ta oliy ta’lim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga ega. Hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagan.

Shu bois mazkur tizimni qayta ko‘rib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eskicha uslubdagi kollejlar yangilanadi

Eskicha uslubda qolib ketgan tibbiyot kollejlari o‘rnida Ibn Sino maktablari tashkil etib, dars va amaliyotni zamon talablari asosida o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

S og‘liqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma bo‘lib qolgani tanqid qilindi

Joylardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari byurokratik tuzilma bo‘lib qolgani, hududiy darajada kasalliklarni tahlil qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari ayni paytda markaziy shifoxona bosh shifokori bo‘lgani sababli vaqti va mablag‘ning asosiy qismini kasalliklarni davolashga sarflamoqda.

Prezident piyoda yurishning sog‘likka foydasi haqida gapirdi

Davlatimiz rahbari kasalliklar profilaktikasi masalasiga alohida e’tibor qaratib, boshqaruv idoralari ishini aynan shunga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, to‘g‘ri ovqatlanish va piyoda yurishning salomatlikka foydasini targ‘ib etish muhimligi qayd etildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar