Prezident Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha, kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.
Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.
Davlat rahbari qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim qilsa, o‘shanga ushbu mablag‘lar ajratilishini ta’kidladi.
"Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq.
Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.
Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.
Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda.
Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish