18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Quyi palata deputati Rasul Kusherbayev mahalliy byudjetlarda orttirilgan mablag‘larning 10 foiz miqdori jamoatchilik fikrini hisobga olib, sarflanishi lozimligi, lekin oxirgi vaqtlarda tashkilotlar qimmat avtomobillar olishga zo‘r berayotganini ta’kidladi.
«Oxirgi vaqtlarda ko‘rayapmiz, negadir mahalliy byudjetni orttirilgan mablag‘i hisobidan hokimlar, boshqa tashkilotlar qimmat avtomobillar olishga zo‘r berib ketishmoqda. Arzonini ham emas, qimmatlirini olishmoqchi. Bu yerda jamoatchilik fikri qanchalik inobatga olinayapti? Yoki jamoatchilik haqiqatdan ham hokimlarimiz qimmat mashina olsin degan taklifni berayaptimi?», — dedi Rasul Kusherbayev.
Moliya vaziri Timur Ishmetov bunga javoban jamoatchilik faolligi hukumatga, kerak bo‘lsa, parlamentga tegishli qarorlarni qabul qilishga turtki bo‘layotganini qayd etdi.
«Buning yaqqol misoli sifatida, avtomobillar masalasida aytadigan bo‘lsak, bundan buyog‘iga davlat idoralari rahbar, xodimlari nima avtomobil olishini aniq ko‘rsatib qo‘yish bo‘yicha hukumatdan topshiriq oldik. Moliya vazirligi tomonidan haftani oxiriga qadar ishlab chiqish niyatimiz bor, hukumatga kiritamiz. U yerda har bitta lavozimini qo‘yib, qaysi lavozimga nima mashina sotib olish mumkinligini aniq ko‘rsatib qo‘yamiz. Vazirlik va hokimliklar jamoatchilikni shunaqa fikrga olib kelishgan bo‘lsa, majbur bo‘lamiz shunaqa qilib ko‘rsatib qo‘yishga», — dedi Timur Ishmetov.
Vazir shuningdek, davlat mablag‘larini samarali ishlatishning yagona yo‘li ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik va parlamentdan fikrlarni eshitib, unga yarasha reaksiya qilish ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, vazir orttirilgan mablag‘larning 10 foiz qismi nimalarga sarflanganiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Ikkinchi chorakni tahlil qilganda, orttirib bajarilgan mahalliy byudjetlar mablag‘lari 200 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lsa, shundan 10 foizi 20 mlrd so‘mni fuqarolar bilan fikrlashib sarflashi kerak bo‘lgan, aslida shuni yarmini, 10 mlrd so‘mini ishlatgan. Buni pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida ishlatilgan deb, izoh bersa bo‘ladi», — deya ta’kidladi.
Ishmetov jamoatchilik yordamida davlat xaridlari portalida e’lon qilingan barcha xaridlar yuzaga chiqa boshlagani haqida gapirdi. Davlat idoralari tomonidan mablag‘lar noto‘g‘ri sarflanishiga tanqid bilan qaralishini aytdi.
«Iqtisodiy inqiroz, bunaqa pandemiya paytida albatta mahalliy hokimliklar, umuman hamma davlat idoralari, xarajatlarini nafaqat qonuniy nuqtai nazardan, balki sal mantiq, odamlarning hozirgi hayot tarzidan kelib chiqqan holda amalga oshirsa to‘g‘ri bo‘lardi deb hisoblayman», — dedi vazir.
U shuningdek, bosqichma-bosqich mahalliy byudjetlar va vazirliklarga xarajatlarni amalga oshirish mustaqilligi berilishiga to‘xtalib o‘tdi.
«Moliya vazirligi bo‘ladimi yoki uning qoshidagi davlat moliyaviy nazorati bo‘ladimi xarajatlarni nazorat qilish imkoniyati yo‘q. Lekin har bitta mablag‘ni, har bitta so‘mini qayerga ishlatish mumkin, necha pul deb yozib chiqish — bu yana ortga qaytish bo‘ladi. Bitta vazirlik hal qilishi turli xil salbiy oqibatlarga olib kelgan. Mening fikrimcha, eng to‘g‘ri yo‘li, ularga mustaqillikni berib, oshkoralikni ta’minlash. Mana shu jamoatchilik nazorati o‘zi hammani joyiga solib qo‘yadi», — dedi Timur Ishmetov.
Izoh qoldirish