Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Ishmetov 2021 yilda Davlat byudjeti daromadlari prognozlarini bajarilishida hamda xarajatlari ijrosida quyidagi risklarni keltirmoqda:
- Yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atining 1 foiz bandga pasayishi byudjet tushumlarini 433 milliard so‘mga kamayishiga;
- Asosiy eksport mahsulotlaridan biri hisoblangan tabiiy gaz (yiliga 10 milliard m3) eksport qilinmasa — 1 trillion so‘m, oltinning 1 unsiya narxi 100 AQSh dollariga kamayishi (dividendsiz) — 1,8 trillion so‘m byudjet tushumini pasaytiradi.
Davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda tashqi qarz hisobidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini samarali ishlatilmasligi kelgusida Davlat byudjeti xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
2021 yilda Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trillion so‘m miqdorida yoki joriy yilga nisbatan 13 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjetining 2021 yilgi xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 165,8 trillion so‘mni yoki YaIMga nisbatan 24 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish