Vengriya OTP Bank O‘zbekiston bozoriga kirishi bo‘yicha muzokaralar nihoyasiga yetmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Vengriya muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ma’lum qildi.
"Biz bugun strategik sheriklik to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekdik. Bu davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yangi davrni boshlab beradi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdik. So‘nggi 4 yilda o‘zaro savdo aylanmasini deyarli uch baravarga o‘sishini katta mamnuniyat bilan qayt etdik. Bu ko‘rsatkichni biz kelgusida bir necha barobar oshirishni kelishib oldik. Hamma sohalar bo‘yicha batafsil muhokama qildik. Muzokaralarimizdan mamnunman. Vengriyaning OTP Bank O‘zbekistonning “Ipoteka bank"ining davlat ulushini xususiylashtirishda ishtirok etishini boshlaganini qizg‘in qutlaymiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ushbu masala yuzasidan tomonlar «jiddiy kelishib olgan"ini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni banklar rahbarlari bilan tor doiradagi uchrashuvda rejalar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilingan.
"O‘ylaymanki, biroz muddat o‘tgach, real natijalar qayd etila boshlaydi", dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining xabar berishicha, 30 mart kuni Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov OTP Bank Group direktorlar kengashi raisi va bosh direktori Janob Shandor Chani bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy Bank Boshqaruv raisi Mamarizo Nurmuratov, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxojayev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov ishtirok etishdi.
Rasmiy vakillar bilan muzokaralar chog‘ida mamlakatimizda, xususan, bank sektorida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Mehmonlar bank sektorini o‘zgartirish istiqbollari, shuningdek, xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayoni haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Izoh qoldirish