Toshkent viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln AQSh dollari ajratiladi

Toshkent viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln AQSh dollari ajratiladi

Prezidentning 20.05.2021 yildagi “Toshkent viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5118-son qarori qabul qilindi.

Hujjatga asosan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan quyidagilar uchun yo‘naltiriladigan $100 mln ekvivalenti miqdorida mablag‘ ajratiladi:

  • Prezidentning 2021 yil 27 martdagi PQ-5041-son qarori talablari doirasida "Har bir oila - tadbirkor" dasturi uchun tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga - $50 mln ekvivalenti;
  • issiqlik ta’minoti tizimini, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash ishlari hamda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga - $50 mln ekvivalenti.

Shu jumladan quyidagilarga:

a) issiqlik ta’minoti tizimini tiklash va rivojlantirishga - $19 mln ekvivalenti;

b) ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga - $17 mln ekvivalenti;

v) avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash ishlariga - $10 mln ekvivalenti;

g) Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini qo‘shimcha zamonaviy maxsus transport vositalari bilan ta’minlashga - $4 mln ekvivalenti.

"Har bir oila - tadbirkor" dasturi uchun ajratiladigan mablag‘lar vakolatli tijorat banklariga qaytarish sharti asosida 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan teng ulushlarda MBning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada ajratiladi.

$50 mln ekvivalentidagi mablag‘ foizsiz, o‘n yil muddatda qaytarish sharti bilan Toshkent viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasiga ajratiladi.

Toshkent viloyati hokimligiga "Har bir oila - tadbirkor" dasturini amalga oshirish doirasida quyidagilar bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi:

  • imtiyozli kreditlar belgilangan tartibda oilalarning xohish va istaklarini, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligini chuqur o‘rganib, har bir oilaning taklif etayotgan loyihalariga kredit ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari asosida ajratish;
  • viloyatning tumanlar va shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga maqbul narxlarda mini-texnologiyalar, asbob-uskunalar, chorva mollari (nasldor qoramol, qo‘y, echki), parranda, baliq, asalari uyasi, chorva ozuqasi hamda boshqa zarur xom ashyo va materiallarni yetkazish, ixcham issiqxonalar qurib berish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish.

Shuningdek 2021 yilda Toshkent viloyatining tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini zamonaviy maxsus transport vositalari bilan jihozlash parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.05.2021 yildan kuchga kirdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar