– Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi, co‘ng barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada?
– Prezidentimizning tashabbusi o‘laroq tashkil etilgan bu lavozim xalq manfaatini ta’minlash, ularning og‘irini yengil qilish maqsadida joriy etildi. Hokimning qadami har bir mahallaga yetmasligi mumkin, ammo uning joylardagi yordamchilari mahallalardagi barcha xonadonlarda kechayotgan muammolar haqida ma’lumotga ega, bunda hududlarda aniqlangan kamchiliklarni oz fursatda, ortiqcha qog‘ozbozliksiz hal etilishiga imkon beradi. Bu orqali esa fuqarolarda davlatdan minnatdorlik tuyg‘usi hosil bo‘ladi. Hamma ishlarimiz inson qadrini ta’minlash uchun qilinmoqda, desam adashmayman.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalik tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga yordam bermoqda?
– Ish faoliyatimni 2022 yilning yanvar oyidan boshlaganman. Unga qadar Bekobod tuman Xalq banki Zafar filialida faoliyat olib borar edim. Ushbu yo‘nalishda Guliston mahallasida hokim yordamchisi lavozimida bo‘sh ish o‘rni borligini eshitib, nomzodimni qo‘ydim. O‘zim faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘inida tug‘ilib o‘sganman. Avvalgi ish tajribam fuqarolar bilan kechadigan muloqotimda ham asqotdi. Qolaversa, shu mahallada tug‘ilib o‘sganim ham menga ancha qo‘l keldi, desam yanglishmagan bo‘laman. Aynan iqtisodiyot yo‘nalishida faoliyat olib borganligim uchun Xitoy tajribasini o‘z ishimda qo‘llashim ham ayni muddao bo‘ldi.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanaqa, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, aholi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor?
– Mahalla Bekobod tumanining markazi Zafar shahrida joylashgan bo‘lib, asosan, ko‘p kavatli uylardan iborat. Hudud iqtisodiyotining o‘sish “drayveri” xizmat ko‘rsatish sohasi hisoblanadi. Mahallada bitta maktab va 2 ta MTM, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 5 ta sex, 25 dan ziyod umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda 15 ta kichik ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Aholining ko‘pchiligi shu yerning o‘zida, shuningdek, shahardagi tashkilot va muassasalarda mehnat qiladi.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil etadi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bor? Tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Mahallada jami xonadonlar soni 738 ta bo‘lib, aholi soni 3756 nafarni tashkil etadi, oilalar soni esa 1015 ta. Bulardan 1-toifaga kirgan oilalar 100 ta; 2-toifadagilar 885 ta; 3-toifaga kiritilgan oilalar 30 tani tashkil etadi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj guruhlarga kiritilgan fuqarolar soni 40 nafarga yetib, hozirgi kunda 66 nafar ishsizlar aniqlangan. Ko‘makka muhtojlar toifasiga kiritilgan fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida aniq chora-tadbirlar rejasi tuzilgan bo‘lib, hozirda uni amalga oshirish bo‘yicha rejali ishlar olib borilmoqda.
– Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz?
– Mahallamda ish boshlagan zahotim uning Telegram ilovasidagi guruhini tashkil etdim. Hududda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolar unga a’zo bo‘lishdi. Har kuni faol fuqarolar bilan birgalikda mahalladagi muammolarni muhokama qilamiz, ularning yechimi ustida fikr almashamiz. Odamlar mahalla idorasiga shaxsan kelolmagan taqdirda ham mana shu guruh orqali muloqot qilish imkoniga ega. Bundan tashqari, mahalla faollari bilan hududdagi muammolar va yutuqlar haqida davra suhbatlari o‘tkazish orqali ham odamlar bilan yaqindan tanishdim.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bersangiz, nimalarni aniqladingiz?
– Albatta, ishlarni hududni har tomonlama yaxshilab o‘rganishdan boshlaganmiz. Hokim yordamchisi sifatida mahallaning Telegram guruhida “Sizni qiynayotgan qanday muammolar bor?” nomi ostida onlayn so‘rovnoma o‘tkazdim. Uning natijalaridan, asosan, bolalar o‘yingohlari tashkil etish, kuzatuv kameralarini o‘rnatish va yoritgich chiroqlarini ko‘paytirish kerakligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda shu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Umuman, ko‘plab masalalar xalq bilan doimiy muloqot doirasida nazoratga olinib, mas’ullar tarafidan yechib borilmoqda.
– O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanaqa yondashuvlar ishlab chiqdingiz?
– Xatlov jarayonida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada yaratilgan ish o‘rni ko‘p bo‘lsa-da, beriladigan ish haqi fuqarolarni unchalik qoniqtirmaydi. Aholining deyarli barchasi o‘ziga to‘q oilalarda istiqomat qiladi va ko‘pchiligi, asosan, davlat tashkilotida ishlaydi. Faoliyatim davomida “Ayollar daftari”da turuvchi 30 nafar ishsiz fuqarolarga jami 90 mln so‘mlik subsidiya asosida zarur asbob-uskunalar olib berishga muvaffaq bo‘ldik. Bugungi kunda ushbu fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band kilish asosida faoliyat yuritmokda, oilasiga daromad keltirmoqda.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– Mahalla raisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan birga ishlash va ularga yordam ko‘rsatish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. “Yo‘l xaritasi” asosida ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolar tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun yil davomida Mono-markazlarda kasb-hunarga o‘qitilib, ularga subsidiya va yengillashtirilgan kredit asosida asbob-uskunalar olishda yordam ko‘rsatildi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Xatlov jarayonida 66 nafar fuqaroning ishsizlikdan qiynalib kelayotgani aniqlandi. Ular kasbga yo‘naltirilib, hozirgi kunda yangi kasb bo‘yicha o‘qishini bitirish arafasida. Fikrimcha, fuqarolarimizga kambag‘allik uyat tushuncha ekanligini singdira olishimiz va ularni bu holatdan olib chiqib ketish uchun Xitoy tajribasini qo‘llashimiz kerak. Uyda boqimanda kayfiyatda o‘tirib olgan odamlarni emas, oz bo‘lsa-da, oilasini boqishga harakat kilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tarafdoriman!
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy hamda boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz? Ularni hal etish hamda mahallani obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
– Mahalla Bekobod tumani markazida bo‘lganligi uchun gaz, elektr energiyasi va suv ta’minotida umuman muammo yo‘q. Obodonlashtirish ishlarida ham fuqarolar juda faol, har hafta dam olish kunlari hashar tashkillashtiramiz, o‘zimiz istiqomat qilayotgan hududni yanada chiroyliroq qilishga harakat qilamiz. Qolaversa, bunda so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, bu ishlarga ulkan mablag‘lar ajratilayotgani ham muhim rol o‘ynamoqda.
– Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” (drayverlari), tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, natijalar nimani ko‘rsatdi?
– Yuqorida aytib o‘tilgani kabi mahalla tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, aholining aksariyati ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadi. Shuningdek, endilikda ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish orqali yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish ham bugun oldimizga qo‘ygan maqsadlardan biridir. Mahallada buning uchun barcha infrastrukturaviy imkoniyatlar yetarli.
– “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni bartaraf etishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Bu hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan? Amaliyotingizda shunday holatlar bo‘lganmi? Ushbu muammo qanday hal qilinganiga aniq misollar keltirsangiz.
– Mahalla 2-sektorda joylashgan bo‘lib, Bekobod tumani prokuraturasi bilan uzviy hamkorlikda faoliyat yuritamiz. Masalan, Sobir Rahimov ko‘chasi 43-uyda yashovchi fuqaroning uyi yong‘in chiqganligi sababli butkul yonib ketgan edi. Sektor rahbari boshchiligida uning uyini qaytadan tiklash va ijtimoiy holatini yaxshilash uchun amaliy yordam berildi. Kam ta’minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatib turiladi. Shuningdek, avval jinoiy javobgarlikka tortilib, muddatini o‘tab kelgan fuqarolarimizga qo‘shma qaror asosida oyoqqa turib olguniga qadar amaliy yordam berilmokda.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Davlatimiz tomonidan berilayotgan ish haqi va oilamdagi to‘kinchilik ortiqcha korrupsiyaga hojat qoldirmaydi. Men bir davlat xizmatchisi sifatida bunday ishlardan nafratlanaman. Shu yo‘lni tanlayotgan fuqarolarimizni ham bu yo‘ldan qaytaraman. Bundan tashqari, bajarilgan ishlar, sarflangan mablag‘lar yuzasidan deputatlar, mahalla aholisi oldida doimiy ravishda hisobot berib boriladi. Bu ham, o‘z navbatida, korrupsiya holatlarining yuzaga kelmasligiga katta yordam beradi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi? Kelajak rejalaringiz haqida so‘zlab bersangiz.
– Faoliyatim davomida 25 ta yangi tadbirkorlik sub’yektini yaratdim, ushbu tadbirkorlarimiz mahalladagi ishsiz fuqarolarimizni ishga qamrab olishga harakat qilishmoqda. Albatta, aholi ham buni ko‘rib-bilib turibdi, ayniqsa, ularning “Avvallari kredit olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun umrimiz bino hovlisida o‘tar edi, hokim yordamchilari kelib, tadbirkorligimizni qiyinchiliksiz boshlab oldik”, — degan so‘zlarini eshitish kishiga quvonch bag‘ishlaydi. Asosiysi, xalqqa foydamiz tegsa bo‘ldi.
Shu bilan birga, mahalladagi tashlandiq yerdan samarali foydalangan holda “Mening mahallam — mening bog‘im” shiori ostida kichik bog‘ barpo etildi. Hozirgi kunda menga ishonib topshirilgan bu lavozimda sidqidildan ishlab, Prezidentimiz va xalqimiz bildirgan ishonchni, albatta, oqlayman!
Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2024
Izoh qoldirish