Uch muhim voqea: O‘zbekiston nimasi bilan xalqaro doira e’tiborini qozonmoqda?

Uch muhim voqea: O‘zbekiston nimasi bilan xalqaro doira e’tiborini qozonmoqda?

O‘zbekiston bugun tom ma’noda dunyoga ochilgan. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatda ham, xorijiy davlatlarning, turli xalqaro tashkilotlarning ayni paytdagi hamkorlik aloqalarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Uzoqqa bormaylik, o‘tgan hafta O‘zbekiston ishtirokidagi uch voqea buning yaqqol misoli.

Binobarin, ular nafaqat O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida, balki mintaqa va hamkor davlatlar bilan aloqalari mustahkamlanib, ko‘lami yanada kengayishiga xizmat qiladi.

O‘ta dolzarb va zarur mavzu

Maqolani bejiz ochiqlik haqidagi gaplar bilan boshlamadik. Chunki xorijda yaqin-yaqingacha O‘zbekistonni yopiq mamlakat, deb bilishar, investorlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, dunyo bozoridagi yirik savdo brendlari biz bilan hamkorlik qilishga ikkilanib turardi. Sababi ular yurtimiz iqtisodiyoti, xalqimizning ijtimoiy hayoti haqida yetarlicha yoki to‘g‘ri axborotga ega emasdi.

Misol uchun, kambag‘allik haqida davlatimiz rahbari 2020 yil 29 dekabr kungi Murojaatnomasida fikr yuritib, “...Avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlarni boshladik. Shu o‘rinda aholining minimal iste’mol xarajatlarini ishlab chiqmas ekanmiz, kambag‘al aholi kim degan savolga javob topa olmaymiz”, degandi.

Shundan so‘ng uzoq yillar ochiqlanmagan raqamlar tilga olinib, kambag‘allar sonini kamaytirishga e’tibor kuchaydi, amaliy ishlarga jiddiy kirishildi. Bu bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqilib, alohida tizim yaratildi.

Mutaxassislar kambag‘allikni uchta — o‘ta muhtoj bo‘lmagan, muhtojligi ancha yuqori va o‘ta qashshoqlikda yashovchilarga ajratish lozimligini qayd etadi. Chunki yordam, avvalo, mana shu guruhlarga ko‘rsatilishi kerak. O‘zbekistonda ishlar shu asosga qurildi va natija ham yomon bo‘lmadi.

Xususan, 2021 yildan boshlab kam ta’minlanganlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etildi. 2017 yilda 500 ming nafar kam ta’minlangan oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 2,2 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yetti barobar ko‘payib, yiliga 13 trillion so‘mga yetdi.

Prezidentimizning o‘tgan yil 20 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish va kambag‘allikni qisqartirish maqsad qilingan. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, yurtimizda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaydi. Yil davomida 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti tashkil etilib, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirilgan bo‘lsa, 11 mingtasining quvvati tiklandi. Davlat dasturlari, jumladan, aholini kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda tadbirkorlikka ko‘maklashish borasidagi choralar tufayli 1 million kishi kambag‘allikdan olib chiqildi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha II xalqaro forum O‘zbekistonda olib borilayotgan mana shunday ishlarni tahlil etish, xalqaro tajribalarni ommalashtirishda ayni muddao bo‘ldi.

Kambag‘allikning sabablari, oqibati va unga qarshi kurashish dunyo olimlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam o‘rganib boriladi. Shu asosda kerakli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Xalqaro forumda ham ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri manziliga yetib borishi, kerakli natijani berishi lozimligi qayd etildi.

Buning uchun biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘llari sifatida turli yangi soliq imtiyozlariga tadbirkorlar munosabatini o‘rganish, ayniqsa, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashda qanday chora-tadbirlar samarali bo‘lishi mumkinligi, kasbiy ta’limning qanday shakllari samarali ekani, muvaffaqiyatli bandlik natijalarini qo‘llab-quvvatlashning eng tejamkor usullarini aniqlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shu o‘rinda, kambag‘allik nima, uning iqtisodiyotga, mamlakatga qanday ta’siri bor, degan savolga ham javob berib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, nazarimizda. Negaki, bularni tushunmasdan turib, qilingan ishning samarasi ham kam ko‘rinadi. Avvalo, ta’kidlash kerakki, kambag‘allik har tomonlama salbiy holat. U kelajak rejalarga ham, iqtisodiyotga ham, ijtimoiy hayotga ham aks ta’sir qiladi:

kambag‘allik inson kapitalini zaiflashtiradi. Oddiy qilib aytganda, oila qanchalik oz daromad topsa, shunchalik mablag‘ kam ishlatiladi. Demak, sifatli ovqatlanilmaydi. Bilim olish, sog‘liqni mustahkamlash kabi masalalar keyingi o‘rinlarga tushib ketaveradi;

kambag‘allik ichki bozor hajmiga ham teskari ta’sir qiladi. Ya’ni kambag‘allar qanchalik ko‘paysa, ichki bozor shunchalik torayadi. Bu esa iqtisodiyot uchun ziyon.

Kambag‘allik ixtiyoriy va majburiylikdan ham kelib chiqadi. Birinchisi odamlarning o‘ziga bog‘liq. Ishlashni xohlamaydi, intilmaydi. Biroq majburiy kambag‘allik ilojsizlikdan paydo bo‘ladi. Malaka yetishmaydi, ish topa olmaydi, topsa ham yaxshi ish haqi ololmaydi. Natijada boqimandalar ko‘payadi. Kambag‘allikni qisqartirishda ushbu omillar hisobga olinishi kerak. Buning uchun, avvalo, iqtisodni o‘stirish talab etiladi.

Yana bir gap. Kambag‘allikni butunlay yo‘qotish qiyin. Lekin uni qisqartirib, me’yoriga, ya’ni iqtisodiy-ijtimoiy xavfsizlik yaratmaydigan darajada ushlab turish mumkin. Olimlarning aytishicha, bu me’yor jamiyatda 2-3 foizdan oshishi kerak emas.

E’tiborga molik jihati, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan siyosat amalda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bunda oilalar, mahallalar, tumanlar toifalarga ajratilib, ko‘riladigan choralar aniq rejalarga asoslagani qo‘l kelyapti. Bu jihat davlatimiz rahbarining xalqaro forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ham alohida qayd etildi.

Natijalarga erishishda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli va uzoqni ko‘zlagan siyosat hal qiluvchi omil bo‘layotgani qayd etildi.

Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali mamlakatimizdagi 2 million 300 mingdan ziyod muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoya bilan to‘liq qamrab olindi.

Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tarixda birinchi marta O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilab qo‘yildi. Bu bilan davlat inson qadrini yanada ulug‘lash va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha konstitutsion majburiyatlarni zimmasiga oldi. Shu bois, kambag‘allikni qisqartirish borasida boshlagan keng ko‘lamli ishlarni yangi bosqichga olib chiqib, islohotlar bundan buyon ham barcha yo‘nalishlarda “inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosida qat’iy davom ettirilishi ta’kidlandi.

Xalqaro forumda dunyo hukumatlari koronavirus pandemiyasiga javoban ijtimoiy himoya dasturlarini kuchaytirayotgani aytildi. Xususan, bugungi kunga qadar 3 ming 856 ga yaqin dastur rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan. O‘zbekiston haqida gap borganda, ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda maqsadli auditoriyani to‘g‘ri aniqlash, ularga nima kerakligi, ularni qanday qo‘llab-quvvatlash zarurligi, kambag‘allar va dastlabki yordamga muhtojlarni aniqlash kabi masalalarda boshqalarga namuna ekani aytildi. Kambag‘allik o‘ta dolzarb masala ekanligini inobatga olsak, bu juda diqqatga molik jihatdir.

Tadbirkorlik — eng maqbul yechim

Tadbirkorlik iqtisodiyotning tayanchi hisoblanadi. Ya’ni ishbilarmonlar eng ko‘p ish o‘rni yaratuvchi, demakki, odamlarni daromadli qiluvchi tarmoq vakillaridir. Shu jihatdan olganda, O‘zbekistonda tadbirkorlikni mahallalarda rivojlantirishga, oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tobora ortib borayotgani diqqatga sazovordir.

Qolaversa, kelgusi oydan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirila boshlaydi va unga 2023-2024 yillar davomida 1 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagi past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish, jihozlash va kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Dasturda ishtirok etgan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi.

Davlatimiz rahbarining xalqaro forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida qayd etilganidek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishning “drayveri” bo‘lgan xususiy sektor hamda tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berish, ularni izchil qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham e’tibor markazida bo‘ladi. Xususan, ishsiz fuqarolarni o‘qitish va ishga joylash tashabbusini bildirgan faol tadbirkorlarga “ijtimoiy kontrakt” tizimi asosida qo‘shimcha imtiyozlar paketi taqdim etiladi.

“Ijtimoiy reyestr” tizimi doirasida kambag‘al oilalarni individual yondashuv asosida manzilli qo‘llab-quvvatlash dasturlari jadal davom ettiriladi. Davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq amalga oshirish maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar, nuroniylar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamlariga mahallaning o‘zida yuzdan ortiq ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida aholi o‘zi tanlagan loyihalarga “ochiq byudjet” tizimi orqali ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin ko‘paytiriladi.

Inson kapitalini rivojlantirish uchun har bir shaxsning sifatli ta’lim va tibbiyot xizmatlaridan foydalanish huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar yanada kengaytiriladi.

Bugungi kunda har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlash va rivojlantirishda hokim yordamchilari, mahalliy yetakchi tadbirkorlar tomonidan taklif etilayotgan yangi loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, bunday loyihalar aholini, birinchi navbatda, ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlashda qo‘l keladi. Aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromadini ko‘paytirishda “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar ajratilayotgani ko‘plab oilalar turmush sharoitini yanada yaxshilashga olib keldi.

O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham kambag‘allikka doir bir qator vazifalar belgilab olingan:

– 2030 yilgacha mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki baravarga qisqartirish;

– kam ta’minlangan erkaklar, xotin-qizlar va barcha yoshdagi bolalarning ulushini kam ta’minlanishning barcha ko‘rinishlarida ikki baravarga qisqartirish;

– aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish, ijtimoiy himoya qilish xizmatlari sifatini oshirish, ijtimoiy himoya qilish choralari doirasiga muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinishiga erishish;

– butun aholining, jumladan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning bazaviy zaxiralardan (yer uchastkalari, yangi texnologiyalar, bank kreditlari, masofaviy bank xizmatlari va boshqalar) foydalanishlari uchun qulay iqtisodiy va moliyaviy shart-sharoitlar, chakana to‘lov tizimlari infratuzilmalari, yangi texnologiyalar hamda moliyaviy xizmatlar, shu jumladan, mikromoliyalashtirish bilan ta’minlash;

– aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining yashash sharoitlarini yaxshilash, shu jumladan, ularga iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik muammolarning salbiy ta’sirining oldini olish;

– aholining barcha shakldagi kambag‘allik darajasini tugatish bo‘yicha dasturlar va strategiyalarni amalga oshirishga prognoz qilinadigan mablag‘ni ta’minlash uchun turli manbalardagi, jumladan, rivojlanish maqsadida hamkorlikni faollashtirish asosidagi salmoqli zaxiralarni safarbar etish;

– aholining kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha tadbirlarga tezkor sarmoya kiritilishiga ko‘maklashish uchun kam ta’minlangan fuqarolarning manfaatlari hamda gender jihatlarni inobatga oladigan rivojlanish, monitoring va baholashni strategik prognozlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish shular jumlasidan.

Xalqaro tajriba va moliyaviy ko‘mak masalaning yana bir muhim jihati

Shu kunlarda bir qator tashkilotlar o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalarida yurtimizdagi barcha sanoat ishlab chiqaruvchilarini, chakana va ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni 2023 yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishga chorlamoqda. Joriy yilda ushbu mamlakatda “Beijing International Automotive Exhibition”, “Yiwu International Commodities Fair”, ECF (East China Import and Export Commodity Fair), “China International Import Exposition” nomli nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi rejalashtirilganki, bu ishbilarmonlarimiz uchun katta imkoniyatdir.

Bunday hamkorlikni ikki davlat ham yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning bu yurtda bo‘lib o‘tadigan iqtisodiy tadbirlarda ishtirokini ta’minlash masalasi o‘tgan hafta O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida kuzatilgan yana bir voqea — “Markaziy Osiyo — Xitoy” sammitida erishilgan kelishuv samarasidir. Binobarin, Prezidentimizning mazkur sammitga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan jami 41 ta hujjat imzolandi.

Davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikda misli ko‘rilmagan darajaga erishilganini alohida ta’kidladi. O‘zaro tovar ayirboshlash ikki karra oshib, 9 milliard dollarni tashkil qilgani qayd etildi. O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi ilk bor 11 milliard dollarga yaqinlashdi. Bugun mamlakatimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1,7 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Energetika, neft-gaz, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda qator yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Sammitda hamkorlikdagi eksportimport ko‘rgazmalari, biznes va investitsiya forumlarini har yili o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlandi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish masalalari Xitoyning provinsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo muloqotlar doirasida samarali hal etilishi mumkin.

Uchrashuvlarda mamlakatimizdagi investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani, investorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratilganiga alohida urg‘u berildi. O‘zbekiston mintaqadagi jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida bugungi kunda dun yoning barcha davlatlari, shu jumladan, Xitoy bilan ham o‘zaro aloqalarni faol rivojlantirmoqda.

Bunday aloqalar Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish uchun keng imkoniyat beradi, albatta. Xususan, Xitoy kambag‘allik ustidan to‘liq g‘alaba qozonilgani haqida e’lon qilgan birinchi mamlakat sanaladi. Bunday yuksak samara jahon hamjamiyatining e’tiborini tortib, BMT va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etildi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Xitoy bilan bu borada amaliy harakatlarni boshlab yuborgan. Ya’ni bir nechta loyiha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Poyoniga yetgan haftaning biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan yana bir muhim tadbiri Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi o‘tkazilishidir. Zero, asosiy mavzusi “Barqarorlik uchun investitsiya” deb nomlangan ushbu anjuman tufayli O‘zbekistonga xorijiy davlat va xalqaro moliyaviy tashkilotlar ishonchi tobora ortib borayotganiga yaqqol misol bo‘ldi.

E’tiborli jihati, YeTTBning bunday yig‘ilishi O‘zbekistonda bundan yigirma yil oldin bo‘lib o‘tgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston ancha o‘zgardi. Iqtisodiyot erkinlashdi, barcha sohalar keng ko‘lamli yangilanishlarga yuz tutdi. Ushbu islohotlarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ham yaqin hamkor sifatida o‘zini namoyon qilmoqda.

Xususan, Prezidentimiz qayd etganidek, mamlakatimizda ilk bor kambag‘allik mavjudligi tan olinib, uni qisqartirish uchun samarali tizim yaratildi. Bu tizim bilan davlat ko‘magiga muhtoj oilalar to‘liq qamrab olindi.

YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisi global iqtisodiyot istiqbollarini keng muhokama va chuqur tahlil qilish, uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydon hisoblanadi. Uning navbatdagi anjumanida iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish, xalqaro savdoni rag‘batlantirish, energetik xavfsizlikni ta’minlash, raqamlashtirishni jadallashtirish, moliyaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish kabilar qatorida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Umuman olganda, YeTTB 2022 yil davomida O‘zbekistondagi 26 loyihaga qariyb 900 million dollar miqdorida sarmoya kiritgan. Buni mamlakatimizning o‘sib borayotgan investitsiyaviy jozibadorligi, yurtimizda yaratilgan qulay me’yoriy-huquqiy muhitga berilgan yana bir munosib baho, desak mubolag‘a emas.

Ekspertlar fikricha, kambag‘allikni qisqartirish uchun, birinchi navbatda, ishsizlik darajasini pasaytirish lozim. Bu borada faol va ta’sirchan siyosat katta samara beradi. Dunyo ilm-fani, taraqqiyot ma’nosida bugun biz zamonaviylikning yuqori cho‘qqilarini zabt etyapmiz. Lekin dunyoda kambag‘allikning o‘ta og‘ir darajasida hayot kechirayotganlar ham kam emas.

Ushbu muammolar, o‘z navbatida, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi xizmatlardan foydalana olmaslik, ijtimoiy noteng munosabatlarni yuzaga chiqaradi. Odamlarni muqim daromadli ish bilan ta’minlashda esa tadbirkorlikning o‘rni bo‘lakcha.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida birgina soliq qonunchiligining liberallashuvi, tadbirkorlik sohasida 132 ta litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilingani tufayli tadbirkorlarimiz umumiy sonining 1,5 milliondan oshgani bunda ayni muddao bo‘lyapti.

Bugun butun dunyoda, xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar ana shunday muammolarning oldini olishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli va dolzarbdir.

Qalandar Abdurahmonov,
akademik
"Yangi O‘zbekiston" gazetasi №99 (888), 2023 yil 23 may, seshanba
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar