Zamonaviy dunyoda shahar taraqqiyoti faqatgina beton va asfaltning kengayishi yoki geografik sarhadlarning kattalashishi bilan o‘lchanmaydi. Aslida esa shaharning chinakam kuchi uning binolarida emas, balki unda yashaydigan odamlarning bir-biriga yaqinligida, g‘oyalar almashinuvi va resurslardan oqilona foydalanishidadir. Shahar — masofalarni yo‘q qiluvchi va insoniyatning intellektual salohiyatini birlashtiruvchi joydir.
Bugun Namangan shahri o‘z taraqqiyotining yangi, transformatsion bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Uzoq yillar davomida shahar asosan gorizontal yo‘nalishda kengayib, past balandlikdagi uylar bilan hudud zichligi ortib bordi. Biroq, zamonaviy iqtisodiy talablar bizdan nafaqat miqyosga, balki samaradorlikka ham e’tibor qaratishni taqozo etmoqda. Shaharning markaziy qismi yanada vertikal rivojlanib, iqtisodiy jihatdan yanada faol markazga aylanish uchun sezilarli salohiyatga ega bo‘lsa-da, ushbu imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani kuzatilmoqda.
Ushbu maqolada zamonaviy shaharsozlikning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini oshirish tamoyillari Namangan shahri misolida tadqiq etiladi. Tadqiqotning asosiy e’tibori shaharning markaziy qismidagi mavjud gorizontal joylashuv strukturasi hamda uning infratuzilmaviy yuklamasiga qaratilgan. Muallif urbanizatsiya jarayonida shunchaki hududiy kengayish emas, balki sifat va zichlik miqyosining muhimligini asoslab beradi. Maqolada Davlatobod tumanida barpo etilayotgan "Yangi Namangan Siti" loyihasi misolida vertikal o‘sish va ixcham shahar modelining afzalliklari tahlil qilingan. Xulosa qismida Namanganning kelgusi taraqqiyoti uchun resurslarni tejovchi va iqtisodiyotni rag‘batlantiruvchi ba’zi tavsiyalar bo‘lishib o‘tiladi.
Global iqtisodiyotda shaharlashuv jarayoni barqaror rivojlanishning asosiy omillaridan biri hisoblanib, u mamlakat iqtisodiyotini industrial va post-industrial bosqichga olib chiqadi. Iqtisodchi va urbanist Edvard Gleyzer ta’biri bilan aytganda, “Shaharlar insoniyatning eng buyuk ixtirosi bo‘lib, ular taraqqiyotning dunyoga kelish markazidir. Ular bizni boyroq, aqlliroq, sog‘lomroq, baxtliroq va hatto yashilroq qiladi.” Shaharlarda insonlar bir joyda jismonan to‘planadi, iqtisodiy munosabatlar amalga oshiradi, va natijada ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘ladi. Shu bilan birga, butun iqtisodiyot va davlat siyosatining asosiy maqsadi bo‘lgan aholi farovonligi oshirib, ushbu tendensiyaning davom etishini ta’minlaydi. Deyarli har bir jarayon yoki faoliyatning ijobiy va salbiy tarafi bo‘lganidek, shaharlashuvning ham o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari mavjud. Lekin, shaharlashuv natijasi farovonlikni oshirar ekan, ya’ni uning ijobiy afzalliklari tufayli salbiy taraflariga ko‘z yumish mumkin ekan, ko‘zda tutilgan shaharsozlik qanday amalga oshadi?
Aytish joizki, shahar – bu shunchaki yo‘l va binolar uyumi emas, avvalo u odamlardir. Ya’ni shaharlar odamlar uchun quriladi, yoki odamlarning bir joyda zich to‘planib yashashi shaharni tashkil etadi.
Texnologiya asrida yashasak-da, nega Apple, Google, Meta kabi eng yirik kompaniyalar hamon bir hududda, bir-biriga juda yaqin joylashgan? Chunki, insonlarning bir-biriga yaqin yashashi muloqot, munosabat va me’yorlarni shakllantiribgina qolmay, ularda fikrlar, g‘oyalar va tajribalar almashinuvini hosil qiladi. Bu esa taraqqiyotga olib boruvchi ilmiy sohaning paydo bo‘lishiga va ommalashishiga olib keladi. Shuning uchun ham sog‘lom institutsional tizimli davlatda aholing ko‘proq zich bo‘lishi tezroq yangiliklar va innovatsiyalar dunyoga kelishiga turtki bo‘ladi. Hududdagi aholining o‘zi esa o‘sha mahsulot yoki xizmatlarning iste’molchisi bo‘lib, iqtisodiyotda sikl hosil qiladi. Bu sikl har aylanganda hudud iqtisodiyoti kattalashib, yangi imkoniyatlarga yo‘l ochiladi. Endi yuqoridagi “Nega Apple, Google, Meta kabi eng yirik kompaniyalar hamon bir hududda, bir-biriga juda yaqin joylashgan?” - degan savolga javob bersak: muhandislar yoki boshqa mutaxassislar ishdan keyin kafelarga borishadi yoki sport zallarida uchrashishadi. Tasodifiy suhbatlar davomida ba’zi kompaniyadagi muammolar yechiladi, g‘oyalar almashiniladi va yangi startaplar dunyoga keladi.
Shu yo‘sinda, odamlar va ularning bir hududga to‘planishi nafaqat ishchi kuchi, balki ular yalpi talabni vujudga keltiradigan iste’molchilar guruhi tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida talabga munosib taklif taqdim etuvchi ishlab chiqaruvchilarni paydo qiladi, hududning potensialidan foydanish istagidagi investorlarning oqimini oshishiga sabab bo‘ladi, va ishlab chiqaruvchilar o‘sish zanjirini hosil qiladi. Aholi va korxonalar bir hududda to‘planganda aglomeratsiya jarayoni shakllanadi va rivojlanib boradi. Shu bilan birga, ushbu jarayon transport yo‘llari, energiya tarmoqlari, aloqa tizimlari va suv ta’minoti kabi tadbirkorlik uchun muhim hisoblangan infratuzilma xarajatlarini jon boshiga sezilarli darajada kamaytiradi. Chunki, markazlashgan tizimlar tarqoq joylashgan aholi punktlariga xizmat ko‘rsatishga qaraganda ancha arzon va samarali ishlaydi. Chunki, Shaharning logistik afzalligi iqtisodiy sub’yektlar o‘rtasidagi hududiy yaqinlikni ta’minlab, yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi aloqalarni samaraliroq tashkil etishga xizmat qiladi. Natijada transport xarajatlari qisqaradi, resurslardan foydalanish samaradorligi ortadi hamda korxonalar umumiy kommunal va texnik infratuzilmadan foydalanish orqali miqyos iqtisodiyotidan qo‘shimcha foyda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Pirovardida, aholining daromadi asosiy qismi operativ harajatlarga emas, balki iste’molga, iste’mol esa hududdagi ishlab chiqaruvchilarning kengayishiga olib keladi. Shuningdek, to‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik hukumatning ham harajatlarini keskin kamaytiradi.
Tabiiyki, “to‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik” o‘zi qanday bo‘ladi? – degan savol tug‘iladi. To‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik – bu shunchaki shahar gorizontal kengayib, hududda aholi zichlik ortishi, ma’lum darajada iqtisodiy va aglomeratsion samaraga yetish bilan cheklanibgina qolmay, shaharning vertikal o‘sishini talab qiladi. Shuningdek, shaharning vertikal o‘sishi - bu ko‘p qavatli binolarning qurilishi, shahar o‘ziga ko‘proq aholi va katta iqtisodiyotni sig‘dirib kengayganda, osmonga qarab o‘sishidir. Bu esa aholiga ham iqtisodiy, ham ijtimoiy va hatto ekologik afzalliklar beradi. Ushbu jihatlarni navbatma-navbat ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, iqtisodiy nuqtai nazardan vertikal rivojlanish shaharlar o‘sishi natijasida yuzaga keladigan yer resurslari cheklanganligi muammosiga samarali yechim bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Aholi soni va iqtisodiy faollikning ortishi uy-joy hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun joylarga bo‘lgan talabni oshiradi. Natijada yer va ko‘chmas mulk narxlari, xususan ijara to‘lovlari sezilarli darajada ko‘tariladi. Vertikal rivojlanish esa mavjud yer maydonidan yanada unumli foydalanish imkonini berib, ortib borayotgan talabni qondirish va uzoq muddatda narxlar bosimini yumshatishga xizmat qiladi. Shaharda osmonoo‘par binolar va ko‘p qavatli uy-joy qurilishi davlat sektorining qo‘shimcha yo‘llar, ko‘priklar va boshqa inshootlarga kamroq mablag‘ sarf qilinishiga sabab bo‘ladi. Natijada, ushbu holat aholini iste’molini qisqartiruvchi soliqlar va umumiy soliq yukining kamayishiga, ixcham shahar bo‘ylab esa jamoat transportlarning qamrovi va sifati oshishiga olib keladi.
Shaharlarda asosiy aholi tarkibi o‘rta sinf vakillari hisoblanib, ular haftaning 5-6 kuni ish joylariga qatnab hayot kechiradi, va odatda ishdan keyingi vaqtlarda esa hordiq uchun ko‘ngil ochar joylarga boradi. Vertikal shahar pirovardi hisoblangan shaharning ixshamligi aholining ishga, oziq-ovqat do‘konlari va boshqa kundalik joylarga borishini osonlashtirib, ularning vaqt resurllarini tejaydi. Bu nafaqat shahar jozibadorligini oshiradi, balki ko‘proq vaqtni oila davrasida o‘tkazib, mamlakatda oila institutlarini mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirda Daniya va Niderlandiya kabi rivojlangan mamlakatlarda amalga oshirilayotgan “15 daqiqalik shahar” yoki “20 daqiqalik shahar” ya’ni 15 yoki 20 daqiqada shahar rezidenti o‘ziga kerakli kundalik joylarni piyoda topa olish imkoniyatlariga qaratilgan ushbu loyihalar aynan yuqoridagi ijtimoiy va boshqa ekologik afzalliklarga erishish uchun amalga oshirilmoqda.
Ekologiya va yashillik nafaqat har bir insonning salomatligi uchun muhim, balki u Shahar jozibadorligini ham oshiruvchi muhim jihat hisoblanadi. Yaqin chorak asrdan buyon kun mavzusi bo‘lib kelayotgan ekologiya masalasi rakursidan tahlil qilinganda, shahar vertikal shakllangan sari, uning sarhadlari kengaymay turib ham, shaharning aholisi miqdori va iqtisodiyoti kattalashib borishi mumkin. Bu holatda, aholi ehtiyojidagi xizmatlar ularga yaqinroq bo‘ladi, va rezidentlar o‘z ish joylariga va boshqa nuqtalarga nafaqat jamoat transportida, balki piyoda ham bora olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa shaxsiy avtomobillarga qaramlikni kamaytirib, ulardan chiqadigan turli zaharli gazlarni kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, misol uchun, agar 1000 kishi bitta ko‘p qavatli binoda yashasa, ular bitta lift va umumiy isitish tizimidan foydalanadi va shahar gorizontal sekinroq kengayadi. Lekin, ular shahar chekkasida kottejlarda yashashni tanlaganda, bir kishining “o‘rmon chetidagi yoki tabiatga yaqin joylashgan uyi” uchun nafaqat daraxt kesiladi, balki u yerga yo‘l o‘tkaziladi, elektr va gaz liniyalari tortiladi. Bunda yovvoyi tabiatning yaxlitligi buzilib, hayvonlarning migratsiya yo‘llari kesiladi. Shu bilan birga, shahar markazidagi ko‘p qavatli uylarda devorlar umumiy bo‘lgani sababli havo harorati yaxshi saqlanadi, ammo alohida hovli uylarni isitish yoki sovitish uchun bir necha baravar ko‘p energiya sarflanadi. Millionlab odamlar “tabiatga yaqinroq” yashashga qaror qilganda, shahar chegaralari kengayib borib, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmonlarning “betonlanishiga” olib keladi.
To‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik va urbanizatsiya sinergetik va boshqa yuqorida keltirilgan afzalliklarni beribgina qolmay, u sog‘lom institutlar sharoitida doimiy sayqallanib boradigan inson kapitali bilan ham ta’minlaydi. Shahar — bu insonlarning o‘z mahoratlarini eng samarali tarzda bir-biriga “ulanishi” uchun yaratilgan “platforma”dek. Zichlik qanchalik yuqori bo‘lsa, iqtisodiy zanjir shunchalik mustahkam bo‘ladi ya’ni shaharda aholi zichligi inson kapitali taklifini oshiradi va ish beruvchi o‘ziga mos mutaxassisni, ishchi esa o‘z mahoratiga mos ishni shunchalik tez topadi. Bu iqtisodiy moslashish jarayonini tezlashtiradi.
Ushbu shaharsozlik masalalarini muhokama qilishdan maqsad faqatgina shahar qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi nazariy tasavvurlarni ilgari surish emas, balki amalda davom etayotgan shahar qurilishi va rivojlanish jarayonlariga nazariy baho berishdan iboratdir. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan jadal urbanizatsiya va qurilish ishlari fonida shaharsozlik masalalari tobora dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Bu jarayon, ayniqsa, yirik shaharlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, aholi soni bo‘yicha poytaxt Toshkent shahridan keyin ikkinchi eng ygavjum shahar hisoblangan Namanganda ham so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar, ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar va yirik shaharsozlik loyihalari amalga oshirilmoqda. Namangan shahri 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 728 000 aholini o‘z ichiga oladi.[1] 2017 yilda hukumat o‘zgarishi bilan Respublika miqyosida yangicha qarashlar bilan ko‘plab islohotlar amalga oshirilib, shu o‘zgarishlar doirasida Namangan viloyati, hamda Namangan shahrida ham obod mahalla, obod qishloq va boshqa loyihalar amalga oshirildi. Shuningdek, 2021 yil 18-19 fevral kunlari davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahri hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida shahar tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini ilgari surildi, ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar va shu bilan bog‘liq islohotlar jadallashdi. Shu yo‘sinda, 2021 yil 24 aprelda Senatorlar SQ-283-IV sonli qaror bilan Yangi Namangan tumanini tashkil etishni ma’qulladi[2] va Yangi Namangan tumani Namangan shahri bo‘lagi sifatida tashkil etildi. Ma’lumot sifatida, qayta tashkil etilgan Davlatobod tumani, Yangi Namangan tumani va Namangan shahrining qolgan qismi (aytish joiz bo‘lsa, markaziy - ma’muriy qismi) hududi birlashib, 149,3 km² maydonni egallaydi.[3] Shunday qilib, mamlakatimizda bo‘layotgan islohotlar fonida, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining 2022 yil 20 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi”[4] va 2023 yil 28 fevraldagi “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida[5] ham Namangan va Samarqand shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish va ularni alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida respublika bo‘ysunuviga o‘tkazish taklifini ham ilgari surdi. Bu kutilayotgan o‘zgarish hududda yuz berayotgan islohot ishlari muhimlik darajasini oshirdi.
Aytish joizki, Namanganda amalga oshiriliyotgan o‘zgarishlar mamlakat miqyosida ham yirik va muhim. Viloyat “Millionlik shahar” nomiga faqatgina aholi soni me’yorlarini bajaribgina emas, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan shu nomga munosib bo‘ladigan ko‘rinish olmoqda. Ayniqsa, Davlatobod tumanida “Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi doirasida ko‘p qavatli turar joy binolari qurilmoqda. Jumladan, “Yashil makon rezidensiyasi” turar joy majmuasida ham qurilish ishlari jadal suratda olib borilmoqda. Majmua doirasida 9, 12 va 21 qavatli turar joylar, mehmonxona, restoranlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilmoqda. Loyiha asosida zamonaviy infratuzilma va yo‘l-transport tarmoqlari izchil shakllantirilmoqda.
Asl masala shundaki, Namangan shahrining zich joylashuviga qaramay “Sardoba”, “Chorsu” va “Jahon bozori” bozorlari atroflari hisoblangan Namangan shahrining markaziy qismi anchagina gorizontal qurilgan bo‘lib, aholining asosiy qismi xalq tilida “hovli” deb ataluvchi kottejlarda yashaydi. Hududda esa ko‘p qavatli uylar va binolar juda kam miqdorda, va asosan yo‘l bo‘ylarida ikki qator joylashgan. Bu esa yuqorida aytib o‘tilgan “to‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik” va uning samadorlik tamoyillariga to‘g‘ri kelmasligi ko‘rinadi, va undan olinadigan qo‘shimcha afzalliklarga erishish imkoniyatlaridan mahrum bo‘layotganimizni bildiradi.
Avvalroq hududdagi Furqat va Guliston mahallalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Namangan siti” loyihasi ushbu holatga ijobiy ta’sir qilishi, markaziy hududdagi vertikal qurilish qayta jonlanishi kutilgan edi. Lekin, bu loyiha 2020 yil 27 sentyabr kuni aholi bilan o‘tkazilgan muloqotda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahridagi ushbu mahallalari o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan yangi shahar qarori — “Namangan City” loyihasi bekor qilinganini ma’lum qildi. Yangi shahar qurilishi, ya’ni “Smart City” — “Aqlli Shahar” loyihasi Namangan shahriga tumanlardan qo‘shib berilgan 3686 gektar yerlarda barpo etiladi.[6] Qayd etib o‘tilganidek, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etilishida To‘raqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlaridan ham yer maydonlari qo‘shib berildi. Qolaversa, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hozirgi va shu paytgacha qilinayotgan islohotlar, qurilayotgan bino va inshootlar asosan sug‘oriladigan yerlarda amalga oshirilmoqda. Bu yuqorida aytib o‘tilgan “To‘g‘ri rejalashtirilgan shaharsozlik”ning shahar markaziy qismi hisoblangan joylar vertikal rivojlanishi zarurligi haqidagi g‘oyamizga nafaqat teskari jarayon, balki u yerda jahon talabidagi osmonoo‘par binolar qurilayotgan bo‘lsa-da, shahar tabiatga qarab kengayib borayotganini ham ko‘rish mumkin. Bu holat iqtisodiyotning sinergetik samarasini kechiktiribgina qolmay, sug‘oriladigan yer resurslarimizni qisqarayotganini namoyon etmoqda, va tabiatning bir qismi bo‘lishi kerak bo‘lgan maydon betonlashmoqda.
Namangan shahri markazidagi hovli uylarni bosqichma-bosqich zamonaviy ko‘p qavatli bino va uy-joy majmualariga aylantirish — shaharning iqtisodiy salohiyatini oshirish va urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish uchun eng to‘g‘ri strategik qadamlardan biridir. Shahar markazida yer resurslari cheklangan bir sharoitda, keng maydonni egallab yotgan bir qavatli hovlilarni vertikal o‘stirish orqali yer samaradorligini o‘n barobargacha oshirish mumkin. Bu jarayon nafaqat aholini zamonaviy va energiya tejamkor uy-joy bilan ta’minlaydi, balki markazdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (elektr, gaz, suv va oqova tizimlari) yangilashga va xavfsizlik jihatdan yaxshilasnish turtki beradi.
Shu bilan birga, hovli uylar o‘rnida ko‘p qavatli turar joylarning barpo etilishi birinchi qavatlarda xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, do‘konlar va ofislar ochilishiga imkon yaratadi, bu esa markazda yuqori qiymatli tadbirkorlik muhitini yanada ko‘paytiradi va yangi ish o‘rinlari yaratadi. Biroq, bu transformatsiya jarayonida shaharsozlikning oltin qoidalariga rioya qilish darkor: aholi zichligi ortishi bilan birga transport infratuzilmasi ham parallel ravishda kengayishi, markaziy ko‘chalarda tirbandlik kelib chiqmasligi uchun yerosti avtoturargohlari qurilishi majburiy etib belgilanishi lozim. Eng muhimi, “Aqlli Shahar” konsepsiyasiga tayanib, qurilishlar orasida yashil maydonlar, ekologik xiyobonlar va ijtimoiy ob’yektlar balansini saqlash, shuningdek, mahalliy aholining mulkiy huquqlarini kompensatsiya va uylarni adolatli baholash orqali to‘liq himoya qilish loyihaning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash kerak. Xulosa qilib aytganda, Namangan markazini modernizatsiya qilish — shunchaki eski uylarni buzib, yangisini qurish emas, balki shaharning investitsiyaviy jozibadorligini oshiruvchi va uni yirik iqtisodiy markazga aylantiruvchi kompleks ijtimoiy-iqtisodiy dastur bo‘lishi kerak.
Bu yondashuv hududda bo‘layotgan islohotlarni salbiy holatda baholash, ushbu ishlariga ishonchsizlik bilan qarash emas, balki dunyo tajribasida bo‘lib kelayotgan va sayqallanib borayotga ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, mavjud resurlardan maksimal samara olish va biz bu amaliyot o‘rniga samarali yo‘llardan foydalansak qanday muqobil foydaga erisha olishimiz mumkinligi ko‘rsatish uchun amalga oshirildi.
[1] https://namstat.uz/uz/rasmiy-statistika/demography-2
[2] https://lex.uz/docs/-5414257
[3] Muallif ishlanmasi(zichligi va aholisi orqali). Aholi zichligi manbasi: https://namstat.uz/uz/qo-mita-yangiliklar/16932-qaysi-hududlarda-aholi-zichligi-yuqori-3
[4] https://president.uz/oz/lists/view/5774
[5] https://lex.uz/docs/6396146
[6] https://uza.uz/uz/posts/gulistonliklar-khursand-namangan-city-urilish-loyi-asi-bekor
Muminov Izzatilla
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi
Izoh qoldirish