«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi hududida 313 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshiriladi

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi hududida 313 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Mazkur qarordan maqsad Samarqand viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatini kompleks rivojlantirish, mineral xomashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash orqali innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi farovonligini oshirishdan iborat.

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasi («Urgut» EIZ) uchun Samarqand viloyatining Urgut, Pastdarg‘om, Nurobod tumanlari hamda Samarqand shahridan jami 918 gektar yer maydoni ajratilgan. Shundan 278,7 gektar yer maydonida «Urgut» EIZ ishtirokchilari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 207,2 gektar yer maydonida muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi ob’yektlari joylashtirilgan. 173,1 gektar yer maydoni muhofaza zonalaridan iborat ekanligi hamda 259 gektar yer maydonida istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan.

Ayni paytda EIZ hududida qiymati 313 million dollarlik, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 56,8 million dollar bo‘lgan 55 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va natijada 4,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi. Ayni paytda umumiy qiymati 90 million dollarlik, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 23,2 million dollar bo‘lgan 29 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, Urgut tumani «O‘ramas» mavzesi hududidan 50 gektar hamda Samarqand shahar hokimligi zaxirasidagi Samarqand shahri «Xishrav» mavzesida joylashgan 294 gektar yer uchastkalarini ajratish hisobiga «Urgut» EIZ hududi kengaytiriladi.

Energetika vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar «Urgut» EIZning «Mergancha» hamda «Sariqtepa» mavzelarida podstansiya qurishni respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi.

Hujjat bilan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Unga ko‘ra, EIZ ishtirokchilari uchun barpo qilingan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga hududidan tashqarida bo‘lgan iste’molchilarning ulanishi qat’iyan man etilmoqda.

Shuningdek, respublika byudjeti va Samarqand viloyatining mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtirish hisobiga «Urgut» EIZ direksiyasining ma’muriy binosi quriladi.

«Urgut» EIZning bosh rejasini ishlab chiqish hamda muhandislik- kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachi etib tayinlandi. Bosh rejani ishlab chiqish bo‘yicha bosh pudratchi tashkilot tanlov asosida aniqladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 apreldagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga asosan «Urgut» EIZ hududi tarkibiga kiritilgan Urgut tumani «Mergancha» mavzesida loyihalar joylashtirilmagan 37 gektar yer maydonida ichki avtomobil yo‘llarini quriladi va yangi investitsiya loyihalarini joylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, ikki oy muddatda Samarqand viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xo‘jaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda «Urgut» EIZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 1 milliard dollardan kam bo‘lmagan hajmdagi imtiyozli kredit liniyalarini bosqichma-bosqich jalb qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun kiritiladi.

Bundan tashqari hukumat qarorida Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari zimmasiga birgalikda xorijiy investorlarni jalb qilish uchun «Urgut» EIZ hududida yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, hududning va mavjud mineral-xomashyo resurslari salohiyati xalqaro ishbilarmon doiralarda doimiy ravishda keng targ‘ib etish va yoritish vazifalari belgilandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar