2026–2028 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlandi

2026–2028 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlandi

Qaror “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishga qaratilgan.

Dastur doirasida qurilish ob’yektlarini loyihalashda “yashil” texnologiyalar, energiya samaradorligi standartlari va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini majburiy qo‘llash belgilandi. Energiya tejamkor va ekologik toza qurilish materiallaridan foydalanilmagan hollarda loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijtimoiy infratuzilmani mustahkamlash maqsadida bir qator yo‘nalishlarga yirik moliyaviy resurslar ajratiladi. Xususan, ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 150 milliard so‘m, ijtimoiy soha ob’yektlarida qo‘shimcha quvvat yaratish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Umumta’lim maktablarini jihozlash uchun ajratiladigan mablag‘lar 1,6 barobarga oshiriladi.

Turizm salohiyatini oshirish maqsadida zarur infratuzilmani barpo etishga ajratiladigan mablag‘lar 1,7 barobarga ko‘payib, 700 milliard so‘mga yetkaziladi. Issiqlik ta’minoti ob’yektlarining energiya samaradorligini oshirish uchun 70 milliard so‘m, avtomobil yo‘llarida piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yerosti piyodalar yo‘llarini qurishga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Qaror bilan davlat investitsiyalarini boshqarish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 6 ming baravaridan yuqori bo‘lgan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash loyihalari faqat ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi. Loyihalarni qismlarga bo‘lib moliyalashtirish taqiqlanadi.

Dastur ijrosi bo‘yicha qat’iy muddatlar belgilangan. 2026 yilda rejalashtirilgan kapital qo‘yilmalarning kamida 40 foizi birinchi yarim yillikda o‘zlashtirilishi shart. Ta’lim muassasalari ob’yektlari 1 sentyabrga, issiqlik ta’minoti ob’yektlari 1 oktyabrga, boshqa ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’yektlari esa 1 dekabrga qadar foydalanishga topshirilishi lozim.

Dastur ijrosi yuzasidan tizimli monitoring yo‘lga qo‘yiladi. Har oy yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritiladi, har chorakda esa Oliy Majlis palatalariga hisobot taqdim etiladi. Qurilish, tender va qabul qilish jarayonlariga qonunchilikka zid har qanday aralashuv qat’iyan taqiqlanadi.

Mazkur qaror ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishda mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar