Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining (DSQ) operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirish va mamlakat soliq to‘lovchilariga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasi ma’qullandi.
Loyiha 60 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga amalga oshiriladi. Jahon banki guruhining tarkibiga kiruvchu Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ushbu mablag‘ni O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi.
"Hukumat mamlakatdagi biznes va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida soliq ma’muriyatchiligi tizimidagi islohotlarga ustuvor ahamiyat bermoqda. Yangi loyiha Davlat soliq qo‘mitasining faoliyatini soliq to‘lovchilar manfaatlari nuqtai nazaridan takomillashtirishga yordam beradi", - dedi Marko Mantovanelli, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari. "Xususan, loyiha soliq solinadigan bazani kengaytiradi, bu esa hozirgi kunda YaIMning taxminan 50 foizini tashkil etadigan iqtisodiyotning norasmiy sektorini qisqartirishga yordam beradi, soliq tushumlari hajmini ko‘paytiradi hamda yanada samaraliroq soliq ma’muriyatchiligi tizmidan foydalanib mahalliy firma va kompaniyalarga yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi".
Loyiha uchta asosiy komponentni o‘z ichiga oladi, ular Davlat soliq qo‘mitasining operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, O‘zbekistonda soliq qonunchiligi talablariga ixtiyoriy rioya qilishni rag‘batlantiradi.
Loyihaning birinchi komponenti Davlat soliq qo‘mitasiga soliq ma’muriyatchiligining asosiy ish jarayonlarini avtomatlashtirishga sarmoya kiritishga imkon beradi. Bunga quyidagilar kiradi: qog‘oz hujjatlarni qisqartirish hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliqlarni to‘lash jarayonini soddalashtirish maqsadida DSQ soliq boshqaruvining yangi axborot tizimini ishlab chiqish; axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) infratuzilmasini modernizatsiya qilish; DSQ uchun yangi ma’lumotlarni saqlash markazini yaratish; va AKT uchun mas’ul bo‘lgan DSQ bo‘linmalarining o‘z faoliyatini boshqarish va rejalashtirishdagi imkoniyatlarini takomillashtirish.
Loyihaning ikkinchi komponenti iqtisodiyotning norasmiy sektorini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam beradi. Bunga quyidagi choralar kiradi: soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha DSQning ijro etuvchi salohiyatini yaxshilash; biznesni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlamaslikka undash, shu jumladan soliqqa oid bo‘lmagan imtiyozlardan foydalanish orqali rag‘batlantirish; shuningdek xususiy sektor bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirish, shu jumladan soliq to‘lovchilarning xatti-harakatlarini o‘zgartirish va soliq qonunchiligiga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan yangi yoki soddalashtirilgan soliq siyosati va protseduralarini ishlab chiqish orqali.
Loyihaning uchinchi komponenti malakali va kompetensiyaga ega xodimlarni ishga jalb qilish maqsadida DSQning inson va institutsional salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Bunga doimiy ravishda malaka oshirish va kasbiy tayyorgarlikni takomillashtirish orqali DSQ xodimlarni boshqarish siyosatini takomillashtirish va ularning salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator tadbirlar kiradi.
Izoh qoldirish