O‘zbekiston - Turkiya: savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston - Turkiya: savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari ko‘p yillik tarixga tayanadi. Bu bevosita o‘zbek va turk xalqining madaniy va diniy o‘xshashliklari hamda mushtarak tarixi bilan bog‘liq hisoblanadi. Bu madaniy yaqinlik ikki davlat orasida o‘zaro savdoni rivojlantirish va iqtisodiy aloqalarga zamin yaratadi.

Turkiya O‘zbekiston Respublikasini mustaqil davlat sifatida birinchilardan bo‘lib tan olgan. 1992 yilning aprel oyida Toshkentda Turkiya Respublikasi elchixonasi va 1993 yilning yanvar oyida Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ochilgan.

Ikki davlat o‘rtasida 1992 yil 4 martda diplomatik aloqalar o‘rnatilib, munosabatlarning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida 100 dan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bayonnomalar imzolangan. Mazkur huquqiy hujjatlar asosida turkiyalik tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga, xususan, tekstil, ulgurji savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarga sarmoya kiritilib kelinmoqda.

O‘zbekiston-Turkiya savdo hamkori sifatida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3363-sonli qaroriga asosan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlandi. Savdo-iqtisodiy va qo‘shma investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlikni yana-da kuchaytirish, bu borada tovar ayirboshlashni ko‘paytirish hamda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasini kengaytirish yo‘lida muhim qadamlar tashlandi.

O‘zbekiston va Turkiya tashqi savdosi hajmi tahlil qilinganda, 2000-2021 yillar orasida tashqi savdo hajmi 196 mln. AQSh dollardan 3,4 mlrd. AQSh dollariga yetgan.

2016 yilda tashqi savdoda pasayish kuzatilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillarda savdo hajmida sezilarli o‘sish qayd etilgan.

2020 yilda tashqi savdoga pandemiya salbiy ta’siri ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 2021 yilda bu ko‘rsatkich (2020 yilga nisbatan) 1,6 barobar ortgani kuzatiladi.

O‘zbekiston va Turkiya eksport va import hajmi, ming AQSh dollari

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

Ikki davlat orasidagi tashqi savdodagi tovarlar tarkibi tahlil qilinganda, 1992-2003 yillarda Turkiyaga qilingan eksport tarkibida paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlar, 2004-2021 yillarda mis va misdan tayyorlangan mahsulotlarning yuqori ulushi kuzatilgan. O‘zbekistondan Turkiyaga eksport tarkibida 3-muhim mahsulot mineral yoqilg‘ilar, yoqilg‘i moylash mahsulotlari va shu turdagi boshqa materiallar ekanligi qayd etilgan.

Turkiyadan import tarkibida esa yorma, shakar va shakar mahsulotlari, gilam, trikotaj kiyim va aksessuarlarning yuqori ulushi kuzatiladi. Shuningdek, 2004 yildan buyon sanoat uskunalar va ehtiyot qismlari yuqori import tarkibining asosiy qismini tashkil etiladi.

2021 yilda Turkiyaga eksport mahsulotlari orasida sanoat tovarlari (1 376,8 mln. AQSh dollari), kimyoviy mahsulotlar (126,7 mln. AQSh dollari) va nooziq-ovqat xomashyo (57,7 mln. AQSh dollari) yuqori ulushga ega ekanligi qayd etildi. Xususan, mis va misdan tayyorlangan mahsulotlarning eksportdagi ulushi 46%ni, paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlar 30%ni, rux va ruxdan tayyorlangan mahsulotlar 7,40%ni hamda plastmassa mahsulotlapi 5%ni tashkil etadi.

Import mahsulotlari orasida esa yuqori ulushga ega bo‘lgan tovarlar mashinalar va transport asbob-uskunalari (820,8 mln. AQSh dollari), kimyoviy mahsulotlar (300,1 mln. AQSh dollari) va sanoat tovarlari (287,2 mln. AQSh dollari) hisoblanadi. Import tarkibida sanoat uskunalar va ehtiyot qismlari 48%ni, plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlap 5,4%ni, qora metall va undan tayyorlangan mahsulotlar 5%ni tashkil etadi.

Turkiya bilan tashqi savdo hajmida yuqori ulushga ega mahsulotlar

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

So‘nggi yillarda Turkiya O‘zbekistonning tashqi savdodagi 4-yirik hamkoriga aylandi. O‘zaro savdoni yana-da rivojlantirish, xususan, Turkiya orqali Yevropa bozoriga eksport hajmini orttirish salohiyati mavjud.

Turk investitsiyalari

2016-2021 yillarda turkiyalik tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2 291,2 mln. AQSh dollarini tashkil etgan. 2016 yilda Turkiya tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi jami xorijiy investitsiyalarning 0,4%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 9,3%ga, 2021 yilda esa 11,1%ga ortgan.

Mazkur investitsiyalar sohalar kesimida tahlil qilinganda, ishlab chiqarish sanoatiga kiritilgan investitsiyalar eng katta ulushga (65%) ega ekanligi qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligiga ajratilgan investitsiyalarning ulushi yuqori bo‘lib, jami investitsiyalarning 13%ini tashkil etadi. Turar joy va oziq-ovqat xizmatlariga ajratilgan investitsiyalarning ulushi 9,3%, qurilish- 6,5%, davlat boshqaruvi hamda ulgurji va chakana savdo mos ravishda 1,5% va 1,3%ni tashkil etadi. Shuningdek, turk tadbirkorlari tomonidan suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni yig‘ish sohasiga (1%) va sog‘liqni saqlash (1%)ni moliyalashtirishga investitsiya kiritilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 1882 tani tashkil etgan. Turkiya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2021 yilning mos davriga nisbatan 306 taga oshgan.

Turkiya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalarning 765 tasi qo‘shma korxona va 1117 tasi xorijiy korxonalar hisoblanadi. 2021 yil davomida O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida 407 ta yangi korxonalar tashkil etilgan.

Yillar kesimida O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida yangi tashkil etilgan korxonalar soni:

- 2018 yilda – 364 ta

- 2019 yilda – 437 ta

- 2020 yilda – 330 ta

- 2021 yilda – 407 ta

Turizm sohasi

So‘nggi yillarda Turkiya turizm sohasida yetakchi mamlakatga aylandi. Turkiyaning turizm bo‘yicha ma’lumotlari tahlil qilinganda, pandemiyagacha bo‘lgan davrda turistlar soni qariyb 52 millionga yetgani kuzatiladi. 2012-2021 yillarda jon boshiga o‘rtacha turizm xarajati 650-840 AQSh dollar atrofidadir. 2019 yilda turizmdan olinadigan daromad 34,5 mlrd. AQSh dollariga yetgani qayd etilgan.

Turkiya turizm statistikasi

Yillar

Turizm daromadi (mln. $)

Turist soni (ming kishi)

Jon boshiga o‘rtacha turizm xarajati ($)

2012

29 007

36 464

795

2013

32 309

39 226

824

2014

34 306

41 415

828

2015

31 465

41 618

756

2016

22 107

31 365

705

2017

26 284

38 620

681

2018

29 513

45 629

647

2019

34 520

51 860

666

2020

12 059

15 826

762

2021

24 482

29 357

834

Manba: Turkiya statistika qo‘mitasi

Turkiya turizm sohasida sog‘liq turizmi ham muhim o‘rin egallaydi. Pandemiya tufayli harakatchanlik pasayishiga qaramay, 2020 yilda Turkiyaga davolanish va sog‘liq xizmatlari uchun tashrif buyurgan turistlar soni 1200 ming nafarni tashkil etgan. 2020 yilda soch ekish xizmati bo‘yicha Turkiyaning jami daromadi 1,3 mlrd. dollarni tashkil etgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondan Turkiyaga davolanish maqsadida tashrif buyuruvchilar sonida sezilarli ortish kuzatilgan. 2014 yilda 1034 nafar O‘zbekiston fuqarosi davolanish maqsadida Turkiyaga tashrif bo‘rgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 5333 nafarga ortgan.

O‘zbekistondan Turkiyaga davolanish maqsadida ketganlar soni, nafar

Manba: Davlat statistika qo‘mitasi

O‘zbekistonga tashrif buyurgan uzoq xorijlik sayyohlar orasida turkiyalik sayyohlar yetakchilik qilib, 2018 yilda 74,8 ming nafarni tashkil etgan. Turkiya fuqarolariga O‘zbekistonda 30 kunga qadar vizasiz rejimni joriy etish natijasida turk sayyohlari soni ortganligi kuzatiladi va 2019 yilda 108 ming nafarni tashkil etadi. Pandemiya tufayli aviaparvozlarning bekor qilinishi ikki mamlakat orasida turizm sohasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi: O‘zbekistonga tashrif buyurgan turk sayyohlari soni 2020 yilda 21 ming nafar, Turkiyaga tashrif buyurgan o‘zbek sayyohlari soni esa 62,7 ming nafarga qadar kamaygan.

Ta’limda hamkorlik

So‘nggi yillarda Turkiyalda oliy ta’limni internatsionallashtirish va xorijiy talabalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratgan. Turkiya oliy ta’lim qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-2014 o‘quv yilida Turkiyada tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 48 ming nafarni tashkil etsa, 2020-2021 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 4,6 baravar ortib, 224 ming nafarga yetgan.

Xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida Turkiya hukumati tomonidan turli stipendiyalar joriy etilgan. Garchi 1960-yillardan boshlab davlatlararo ikki tomonlama shartnomalar doirasida xorijiy talabalar uchun stipendiyalar berilgan bo‘lsa-da, ilk marta Turkiyaning xalqaro talabalar siyosati 1992 yilda tizimlashtirildi. Mazkur tizim “Buyuk talaba loyihasi” nomi ostida O‘zbekiston ham doxil bir necha turkiy mamlakatlarda inson kapitalini yana-da rivojlantirish maqsadida Turkiya universitetlarida tahsil olish uchun mo‘ljallangan. Turkiya stipendiyalari, Hukumat stipendiyalari, Turkiya Oliy Ta’lim Qo‘mitasi stipendiyasi va turli jamg‘arma stipendiyalari xorijiy talabalarni Turkiyaning 207 ta universitetida ta’lim olishlarini moliyalashtiradi.

2020-2021 o‘quv yilida Turkiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik soni 2421 nafar tashkil etadi. O‘zbekistonlik talabalar uchun ba’zi universitetlar tomonidan turkiy mamlakatlar uchun dastur doirasida ta’lim harajatlarida qulayliklar yaratilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik yig‘ilishi natijalari bo‘yicha qo‘shma bayonotiga asosan Turkiya savdo palatalari va birjalari ittifoqi huzuridagi Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkentdagi filiali tashkil etildi.

Turkiya mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakat sifatida

Turkiya 90-yillardan boshlab MDH mamlakatlaridan kelayotgan mehnat migrantlari uchun eshigini ochdi. Geografik yaqinlik, ish haqidagi farqlar va mehnat bozoridagi ish imkonlari mazkur mamlakatlardan migratsiya oqimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. 2022 yil fevral oyi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada rasman yashab, faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklar soni 75 142 nafarni tashkil etadi. 2020 yilda Turkiyada rasman ishlayotgan 4383 nafar o‘zbekistonliklar tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul jo‘natmalari 196,4 mln. AQSh dollarni tashkil etgan.

Yuqoridagi kelib chiqqan holda, Turkiya tajribasini amaliyotga joriy qilishda quyidagilarni inobatga olish maqsadga muvofiq:

  • Turkiya Yevropa Ittifoqining Bojxona ittifoqiga a’zosi sifatida O‘zbekistonning mazkur mamlakatlarga eksporti uchun muqobil yo‘nalishlarni tashkil etish bo‘yicha yordam berishi mumkin;
  • Turizm sektorida yetakchi mamlakat sifatida sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelayotgan Turkiyaning turizm xizmatlari bo‘yicha tajribalarini o‘zlashtirish, xususan, Samarqand va Buxoro shahrining tarixiy komplekslarida jahon tillarida audio-gid xizmatini joriy qilish orqali turistlarni mazkur obidalarning tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirish zarur;
  • Samarqandning Registon va Buxoroning Eski shahar qismi avtomobildan holi hudud sifatida turistlarning yayov yurib, obidalarni yaqinroq o‘rganishi uchun sharoit yaratish hamda mazkur hududlarda turistik sovg‘alar sotib olishini rag‘batlantirish zarur;
  • O‘zbekistonlik gidlarni Turkiyaning turistik markazlarida, xususan, Konya, Shonliurfa kabi ziyorat turizmi rivojlangan shaharlarida tajriba almashish va malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish orqali yurtimizdagi Imom Buxoriy, At-Termiziy, Naqshbandiy kabi ulug‘ zotlarning maqbaralariga turistlarni jalb etish va mazkur hududlarda turistik xizmatlar turini orttirish zarur;
  • O‘zbekiston mintaqada davolash xizmatlari sifati va narxi jihatdan ustunlikka ega bo‘lib, Turkiyaning sog‘liq turizmidagi tajribasini qo‘llash orqali YaIMdagi xizmatlar ulushini ortadi;
  • Ikki davlat orasida qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etilishi hamda talabalar almashinuvi bo‘yicha Turkiyaning Mavlono dasturiga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarini kiritish zarur;
  • Kasb-hunar ta’limi bo‘yicha 2 yillik qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va Maorif Jamg‘armasining O‘zbekistonda maktablarinii tashkil etish zarur;
  • Turkiyada yashash va ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul xizmat ko‘rsatuvchi konsultatsiya markazlari tashkil etish zarur;
  • Migrantlik maqomidan qat’iy nazar, Turkiyada vaqtinchalik faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarini elchixona va konsullikda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomani qayta ko‘rib chiqish zarur.

Shoira Nurdinova, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar