O‘zbekiston va jahon iqtisodiyoti

O‘zbekiston va jahon iqtisodiyoti

Xalqaro tashkilotlarning baholashlari va ma’ruzalari sharhi

Turkmanistonga rasmiy tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkmaniston Respublikasida bo‘ldi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti keyingi oylarda ikki davlat rahbarlari oltinchi marta uchrashayotganini ta’kidladi. Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi bo‘lib xizmat qilmoqda, so‘nggi yillarda esa o‘zaro savdo jadal o‘sish sur’atlari kasb etmoqda. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari tashrif davomidagi muzokaralarning asosiy mavzusiga aylandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi. Transport sohasi hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Davlat rahbarlari Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarida, jumladan, Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.

Ikki davlatning suv sohasidagi o‘zaro hamkorligi yuqori darajada ekani qayd etildi. Xususan, tomonlar Toshkentda imzolangan Amudaryo bo‘yicha bitimning keng ko‘lamda amalga oshirilishini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shuningdek, hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish, fan, ta’lim, san’at, kino va turizm sohalarida madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Tomonlar O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash maqsadida kelgusi yilda ikki tomonlama Madaniyat va kino kunlari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldilar.

Tashrif chog‘ida Prezidentlar Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Bundan tashqari, quyidagi hujjatlar imzolandi:

– 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Amaliy harakatlar rejasi;

– Ikki tomonlama tashqi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish to‘g‘risida bitim;

– O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hududlarida savdo uylari faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim;

– Ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi;

– Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ro‘yxatga olish to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, elektr energetikasi, bojxona ishi, veterinariya va chorvachilik, kinematografiya va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Tashrif yakunida tomonlar mushtarak siyosiy iroda tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlariga mutlaqo yangi ruh bag‘ishlangani va ikki tomonlama hamkorlik strategik tus olganini ta’kidlab o‘tdilar.

“Turkmaniston bilan sheriklikni yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi”, – deya qayd etdi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, ikki davlat Prezidentlari Afg‘onistonda vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish va muhim infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Tashrif davomida ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladigan zamonaviy infratuzilmaga ega O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasining qurilishi ham boshlab berildi.

Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik

23 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, 24 oktyabr kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraisi Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Prezident huzuridagi uchrashuvda komissiya faoliyatining asosiy natijalari ko‘rib chiqilib, o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoatda, yoqilg‘i-energetika majmuida, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi korxonalari o‘rtasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama dasturni tayyorlashga kelishib olindi. Qo‘shma Loyiha ofisining samarali faoliyatini davom ettirish, biznes tashabbuslari va hududlararo almashinuv loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sanoat va savdo vazirligining qo‘shma loyiha ofisi tomonidan umumiy qiymati qariyb 4 mlrd dollarlik 20 dan ziyod loyihani o‘z ichiga olgan yangi portfel ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi. So‘nggi paytlarda Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmining o‘sishi 37 foizni tashkil etdi.

“Yil yakuniga qadar qariyb 8,5 mlrd dollarga chiqishni mo‘ljallaganmiz”, – dedi Denis Manturov.

Rossiya kompaniyalarining O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyalari ham ko‘paymoqda, neft va energetika sektori, telekommunikatsiya, agrosanoat majmui va boshqa bir qator tarmoqlarda kapital qo‘yilmalar hajmi 10 mlrd dollardan oshdi. Rossiya tomoni ta’kidlaganidek, Rossiya o‘zining “Metprom” guruhi tomonidan amalga oshirilayotgan, masalan, Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi kabi yirik sanoat loyihalarini ishlab chiqish va kompleks injiniring xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor.

YeI bilan iqtisodiy hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakalani qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik samarali rivojlanayotgani qayd etildi. Birgina joriy yilning 9 oyi davomida o‘zaro savdo hajmi 15 foizga o‘sdi. O‘zbekiston mahsulotlarini YeI mamlakatlariga eksport qilish hajmi 70 foizga ko‘paydi. O‘zbekistonda qo‘shma loyihalar va korxonalar soni mingdan oshdi. Yevropalik investorlar ishtirokida energetika va avtomobilsozlik kabi yuqori texnologik tarmoqlarda, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Transport, innovatsiya, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika va suvdan oqilona foydalanish, inklyuziv ta’lim kelgusi hamkorlik uchun ustuvor sohalar sifatida belgilandi. Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan tartibga solish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 noyabr kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Yig‘ilishda o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 45 foizga o‘sdi. Jalb etilgan investitsiyalar hajmi shu yil yakuniga borib 1 mlrd yevrogacha yetadi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda Germaniyaning 200 dan ortiq yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, moliyaviy-texnik hamkorlik “KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati orqali ham kengaymoqda.

Har ikki mamlakat “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, innovatsiyalar, resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, ilg‘or ta’lim metodikalarini joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Afg‘onistonning tiklanishida O‘zbekiston hissasi

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston afg‘on tomonining iltimosiga ko‘ra, Afg‘onistonning Mozori Sharifidagi Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilishda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruhni yuborgan edi. O‘zbekiston mutaxassislari aeronavigatsiya va meteorologiya uskunalarini ta’mirlash, uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish, aeroportning elektr ta’minotini tiklash bilan shug‘ullanishdi.

25 oktyabr kuni Afg‘onistonga Mozori Sharif aeroportini tiklashda texnik yordam ko‘rsatish loyihasining yakuniga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilhom Mahkamov, “O‘zaviatsiya” agentligi, “O‘zaeronavigatsiya” markazi, Uzbekistan Airports kompaniyasi, “O‘zgidromet” va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda aeroport ob’yektlarini foydalanishga topshirish va uning faoliyatini tiklash uchun zarur jihozlarni qabul qilib olishga oid hujjat imzolandi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishda hamkorlik

31 oktyabr kuni Valdorf shahrida (Germaniya) UzAuto va dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi John Deere Walldorf GmbH & Co. KG sho‘’ba korxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Natijada UzAuto Markaziy Osiyoda John Deere texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha yagona hamkorga aylandi. Tomonlar 6140 V rusumli traktorlar va W430 rusumli g‘alla o‘rish kombaynlarini yig‘ib ishlab chiqarishni tashkil etish va ushbu modellarni mahalliylashtirish darajasini 25-30 foizga yetkazish bo‘yicha kelishib olishdi. Bundan tashqari, 2026 yildan boshlab O‘zbekistonda John Deere paxta terish kombaynining yangi modelini yig‘ib ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Mazkur modellar Chirchiq shahrida tashkil etilgan AgroTechClaster ishlab chiqarish quvvatlarida yig‘iladi, shu munosabat bilan tarkibiy va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish uchun nou-xau va savdo belgilaridan foydalanishga eksklyuziv huquqlar beriladi. John Deere qishloq xo‘jaligi texnikasining tanlab olingan modellarini O‘zbekistonda sotish, jumladan, import qilish ushbu korxonaga o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda mahalliy ishlab chiqarilgan ayrim texnika modellarini qo‘shni Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilish borasida kelishish rejalashtirilgan.

Zarur butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘yish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar jalb qilinadi, buning uchun John Deere o‘zining rasmiy dileri “Landtex” MChJ ko‘magida O‘zbekistonda mahalliy mutaxassislar va mijozlarni o‘qitish uchun “Ilg‘or tajriba va kompetensiyalar markazi”ni tashkil etadi, shuningdek, sotuvdan keyingi keng qamrovli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi va zarur ehtiyot qismlarni yetkazib berishni ta’minlaydi.

UzAuto: Qozog‘istonda to‘liq siklni tashkil etish

Oktyabr oyi oxirida “O‘zavtosanoat” AJ va Allur kompaniyasi (Qozog‘iston) o‘rtasida Qozog‘istonda avtomobil ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Imzolangan bitim doirasida tomonlar Allur avtomobil zavodida yiliga 30 ming dona Chevrolet Onix avtomobillarini mayda uzelli yig‘ish (CKD) usulida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish niyatini bildirishdi. Loyihani amalga oshirish uchun qariyb 50 mln dollarlik investitsiyalar jalb qilinadi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Allur zavodi “O‘zavtosanoat” tomonidan muhandislik va texnik ko‘mak, shuningdek, Chevrolet Onix rusumli avtomobilni yig‘ish va ishlab chiqarish bo‘yicha servis bilan ta’minlanadi.

"Iqtisodiy sharh" jurnali №11/2022

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar