Eksportga milliy brendimiz bilan chiqamiz!

Eksportga milliy brendimiz bilan chiqamiz!

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Taniqli tadbirkor Nargiza Bekmurodova 1983 yil 11 yanvarda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilgan. 2006 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2001 yili Yangiariq tumani Alisher Navoiy nomli o‘rta maktab kotibasi lavozimidan boshlagan. 2004-2016 yillarda “Yunayted Indastriz” sho‘’ba korxonasida ombor boshlig‘i, “Zerixgeran Lyuks” MChJda kassir, “Zafko LTD” QKda marketing bo‘yicha injener, “Sanovel Ilaj Sanayi ve Tijaret ASh” vakolatxonasida tarjimon, “Best Moda tekstil” MChJda xodimlar bo‘limi boshlig‘i, “BF textile Production” MChJda rejalashtirish bo‘limi menejeri, “Fresh Style” MChJda bosh direktor o‘rinbosari, “Handsel group” MChJda direktor, “Elegant garment textile” MChJda bosh direktor vazifalarida ishlab, katta tajriba to‘plagan.

2022 yilda “ARTATEX” MChJni ta’sis etgan va bosh direktor bo‘lgan. 2024 yili “Lime textile” MChJni tashkil qilib, hozirgacha ushbu MChJ bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Turmush o‘rtog‘i Jaloliddin Niyazmetov Nargiza Bekmurodovaning barcha jabhada qo‘llab-quvvatlaydi. Ular birgalikda bir o‘g‘ilni tarbiyalashmoqda. O‘g‘illari Bobur o‘rta maktabning 8-sinfini tamomladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishda erishgan natijalari uchun Nargiza Ulug‘bekovna qator mukofotlar bilan taqdirlangan. Jumladan, u “Shuhrat” medali, “Mehr va saxovat” ko‘krak nishoni, “Eng ko‘p ish joylari yaratgan tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha Prezident tashakkurnomasi, “Yil ayoli-2025” milliy tanlovi 2-o‘rin sohibasi, turkiy davlatlar o‘rtasidagi “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasi g‘olibi kabi e’tiroflarga sazovor bo‘lgan.

– Siz Xorazmda tug‘ilgansiz. Lekin mehnat faoliyatingizning katta qismi Toshkentda o‘tgan. U yerda yirik to‘qimachilik korxonalarida korxona direktori lavozimigacha ko‘tarilgansiz. Mana shular haqida gapirib bering.

– Men 1983 yilda Xorazmda ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Oilada 5 ta qizning ichida to‘ng‘ich farzand bo‘lganman. Yoshligimdan singillarim uchun ham mas’uliyatni o‘z zimmamga olishga harakat qilardim.

Oilamizda hech kim tadbirkorlik bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, bu sohaga qiziqish menda juda erta uyg‘ongan. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kezlarim do‘kondan bir kitobcha sotib olgandim. Unga havas qilgan sinfdoshlarim doimo mendan kitob topib berishimni so‘rashardi. Ehtimol, shuning ta’siridir, bolalik chog‘larimdayoq kitob savdosi bilan shug‘ullana boshladim.

Yillar o‘tib, ulg‘ayganim sari ingliz tiliga bo‘lgan kuchli qiziqishim sababli yetuk tarjimon bo‘lishni orzu qilganman. Bu maqsad meni 2002 yilda Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga yetaklab keldi. Ushbu oliy ta’lim dargohini muvaffaqiyatli tamomlagach, o‘z ish faoliyatimni poytaxtda davom ettirdim.

2000 yillar o‘ziga xos davr bo‘lgan. Yurtimiz rivojlanish sari yuz tutayotgan kezlar. Davlatimiz tomonidan barcha sohalar singari to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish borasida ham dasturlar qabul qilindi. Chet ellik investorlar bilan hamkorlikda hududlarda tikuv-trikotaj fabrikalari faoliyati yo‘lga qo‘yila boshlandi. Albatta, investorlar bilan muloqot olib borishda tarjimon mutaxassislarga ehtiyoj tug‘ildi. Shunday korxonalardan biriga tarjimon sifatida ishga kirdim. Faoliyatim davomida sohani chuqur o‘rgandim. Ishlab chiqarish jarayonlarida faol qatnashdim. Tajribam oshdi. Menga ishonch bildirishib, ishlab chiqarish korxonalaridan biriga direktor o‘rinbosari lavozimiga ishga tayinlashdi. Shu davrda menda mustaqil ishlash imkoniyati paydo bo‘lib, o‘zimning biznesimni boshlash g‘oyasi tug‘ildi. 2014 yilda Toshkentda trikotaj kiyimlar do‘konini ochdim. Ishlarim yurishib, ularning sonini 10 taga yetkazdim. Barcha ishlarimda turmush o‘rtog‘im meni hamisha qo‘llab-quvvatlab keldi. Undan hamisha minnatdorman.

Toshkentda muvaffaqiyatli tadbirkor edingiz. Lekin 2022 yili birdaniga Xorazmga qaytib keldingiz. Buning sababi nimada?

– Poytaxtda bir necha yirik tekstil korxonalarida rahbar lavozimlarida faoliyat yuritdim. 2016 yilda yangi ochilgan, 200 nafar ishchi mehnat qilayotgan tikuvchilik korxonasiga rahbar qilib tayinlandim. Bular albatta ko‘p yillik mehnatim samarasi bo‘ldi. 2020 yil oxiri kovid pandemiyasi bo‘lishiga qaramay to‘xtab qolmadik. Fabrikamizdagi ishchilar sonini 1000 nafarga yetkazdik.

Mahsulotlarimizni eksportga ham yo‘naltirdik. Natijada O‘zbekistonda tayyor trikotaj kiyimlar eksport qiluvchi eng yaxshi 10 ta korxona qatoridan joy oldik. 2019 yildayoq yana bir ishlab chiqarish korxonasiga rahbar bo‘ldim. Bu yerda 250 nafar yangi ish o‘rni yaratdim. Erishgan yutuqlarim munosib rag‘bat topdi. Bu mehnatlarim natijasida 2020 yilda “Mehr va saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

2021 yilda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz rahbari barcha tadbirkorlar bilan samimiy suhbatlashdi. Mehnatimiz yuksak qadrlandi va “Eng ko‘p ish joylari yaratgan tadbirkor” nominatsiyasida Prezidentimizning tashakkurnomasi bilan mukofotlandim.

Bu erishgan yutuqlarim barchasi poytaxtdagi faoliyatim davomida amalga oshdi. Katta umidlar va rejalar bilan yashadim, bir kun kelib shunaqa katta fabrikalarni o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Xorazm zaminida barpo etish va yuzlab ayolni ish bilan ta’minlashni maqsad qildim. Shundan so‘ng tug‘ilgan maskanimga qaytib keldim.

Siz rahbarlik qiladigan “Artateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati haqida kengroq tushuncha bersangiz.

– Yuqorida aytdimki, ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib, 2022 yildan faoliyatimni o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Xorazmda davom ettirishni lozim topdim. Sababi 2018 yilga qadar viloyat sanoatida ishlab chiqarish korxonalari juda kam va ishsizlik ko‘p edi. O‘sha paytdagi viloyat rahbariyati Shovot tumanida bo‘sh turgan eski konserva zavodini rekonstruksiya qilish orqali yangi tikuv fabrikasiga aylantirish borasidagi rejalarimizni qo‘llab-quvvatladi.

Shu tariqa, tumanda qizg‘in ish boshlanib, turmush o‘rtog‘imning ko‘magi bilan bu yerda yangi korxona tashkil etdik va unga “Artatex” nomini berdik. Ushbu nom tasodifan tanlanmagan: uni topish maqsadida “Avesto” kitobini mutolaa qilib, undan “olovli, muvaffaqiyatli” degan ma’nolarni anglatuvchi “ARTA” so‘zini tanlab oldim hamda unga “tekstil” so‘zini qo‘shish orqali shu nomga asos soldik.

Dastlab faoliyatimizni 50 nafar xodim bilan boshladik. Xotin-qizlarga ishlab chiqarish jarayonining sir-asrorlarini tushuntirib, hunar o‘rgatish oson kechmadi, bu yo‘lda tinimsiz ter to‘kib mehnat qildik. Kamtarona mehnatlarimiz davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, 2019 yilda “Shuhrat” medali, 2022 yili esa “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

Bugungi kunga kelib, sa’y-harakatlarimiz natijasida korxonamizda 400 nafarga yaqin xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega. O‘zim ham ta’sischi, ham rahbar sifatida faoliyat yuritayotgan fabrika jamoasining 90 foizini ayollar tashkil etadi va ularning aksariyati 20-30 yoshdagi xodimlardir.

Korxonamizda ishlab chiqarish jarayoni tizimli ravishda, bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahalliy xomashyo – bo‘yalgan matolarni xarid qilgach, bichish, turli bezak va gullar bosish hamda tikish ishlari to‘liq o‘zimizda amalga oshiriladi. Tayyor bo‘lgan mahsulot esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportga yo‘naltiriladi.

Hozirgi kunda korxonamizda mehnat unumdorligi yuqori ko‘rsatkichlarga chiqdi, xodimlarning samaradorlik (KPI) darajasi ham muttasil o‘sib bormoqda. Biz jamoamiz va hamkorlarimiz bilan o‘zaro tushunishga asoslangan mustahkam munosabatlarni o‘rnatganmiz. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish maqsadida Xitoy va Turkiyadan eng ilg‘or, zamonaviy tikuv mashinalari, gul bosish uskunalari hamda energiyatejamkor dastgohlarni keltirib, amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etdik..

Tadbirkorlik faoliyatingizga mamlakatimizda yaratilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va sharoitlar yordam berdimi? Masalan, qaysi farmon, qaror va chora-tadbirlar sizning ishingizga eng foydali ta’sir ko‘rsatdi?

– Albatta, bugungi kunda erishgan yutuqlarimiz zamirida davlatimiz tomonidan biz tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar mujassam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘qimachilik sohasiga oid bo‘lgan Prezident farmonlari, qarorlari va huquqiy-me’yoriy hujjatlar bilan o‘z vaqtida tanishib chiqib, ularni korxona siyosatiga uyg‘unlashtirishga harakat qilaman, faoliyatimga tatbiq etib, boshqalarga ham tavsiya qilaman.

Bundan tashqari, mamlakatimizda ayol tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imtiyozlar faoliyatimizni kengaytirishda katta ko‘mak bo‘lmoqda. Jumladan, ijtimoiy soliq stavkasining imtiyozli ravishda 1 foiz va korxonaning foyda solig‘i 2 foiz qilib belgilanishi, kreditlarning past foizlarda ajratilishi, shuningdek, ko‘rgazmalarda ishtirok etish xarajatlarining davlat tomonidan qoplab berilishi ishimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shyapti.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, davlatimiz tomonidan yaratilgan ushbu imkoniyatlardan to‘liq va oqilona foydalangan holda, biz “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” taqdim etayotgan xizmatlar ipotekasidan birinchilardan bo‘lib foydalanishga muvaffaq bo‘ldik.

Siz nechta ish o‘rni yaratdingiz? Jumladan, jamoangizda qancha odam ishlaydi va daromad darajasi qanday? Ularga oylikdan boshqa yordamlar ham ko‘rsatasizmi?

– Hozirgi kunda Xorazm viloyatining 2 ta tumanida ishlab chiqarish korxonamiz bor. Yangiariq va Shovot tumanlarida, jami 400 nafarga yaqin xodim ishlaydi. Yangi ishga kirganlarga 1 hafta mobaynida tikuvchilik hunari o‘rgatiladi. Ish o‘rganganidan keyin jahon andozasida tikishga yo‘naltiriladi.

Korxonada eng kam ish haki 2,5 mln. so‘mdan boshlanib, o‘rtacha 3,5 mln. so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, korxonamiz tomonidan ishchilarga bepul tushlik va transport tashkil qilingan. Korxonamizda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 15 foizi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan bo‘lib, biz ularning kichik yoshdagi farzandlari uchun bog‘cha to‘lovlarini har oyda qoplab bermoqdamiz. Bu orqali kelajak avlodning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga munosib hissa qo‘shayotganimizdan behad mamnunmiz.

Shuningdek, hozirgi kunda korxonamizda dual ta’lim tizimi ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Urganch davlat universitetining to‘qimachilik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari 2-kursdan boshlab bizda amaliyot o‘tashini ta’minlayapmiz. Bundan tashqari, har oyda mazkur ta’lim dargohiga tashrif buyurib, bo‘lajak mutaxassislar uchun mahorat darslari va davra suhbatlari o‘tkazishni ham an’anaga aylantirganmiz.

Siz mahsulotlaringizni qator davlatlarga eksport qilyapsiz. Bunga qanday erishdingiz? Xorij bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

– Mahsulotlarimizning sifati eng yuqori talablarga javob beradi. Shu bois ularni AQSh, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston davlatlari bajonidil sotib olishmoqda. 2026 yil boshida Xorazm viloyatida turdosh korxonalar orasida birinchilardan bo‘lib AQShga trikotaj mahsulotlari eksport qilishga erishdik.

Korxonamizda 2025 yili eksport hajmi 3,3 mln. AQSh dollarini tashkil qildi. Joriy yilda Germaniya davlatiga ham eksportni yo‘lga qo‘ydik. Viloyatda top-10 ta eksportyor korxona qatoridan o‘rin olishimiz uchun 2 yil davomida juda qattiq mehnat qildik. Chunki ishlab chiqarilgan mahsulot sifati 100 foiz jahon talabiga javob bergandagina uni xorijliklar sotib olishi mumkin. Buning samarasi o‘laroq korxona xalqaro OEKO-TEX sertifikatini ham olishga musharraf bo‘ldi.

Ofis xodimlarini ham mijozlar bilan ishlash bo‘yicha malakasini oshirdik. Korxonamizning barcha ishlab chiqarish bo‘limlari avtomatlashtirilgan dastgohlar bilan ta’minlangan, ular nafaqat mahsulot sifati va samaradorligini oshiradi, balki elektr tejamkor hamdir. Har bir bo‘limning o‘z ustasi bor va jarayonni to‘la nazorat qiladi. Bu bajariladigan ishning har bir bo‘limda sifatli chiqishiga kafolat beradi.

Mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha ko‘rgazmalarda ishtirok etib, hamkorlar topdik. Xorij bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga maslahatim, avvalo, mahsulotingizning sifatini oshiring, zero har qanday bozor talabi – bu sifat, keyin esa narx. Yana bir muhim omil – mahsulot sotish uchun bozorni to‘g‘ri tanlash. Albatta, qaysi davlat bilan shartnoma imzolagan bo‘lsangiz, ushbu davlatning ishlab chiqarish quvvati va o‘z korxonangiz ishlab chiqarish imkoniyatining mosligini puxta tahlil qiling. Xalqimizda “Yetti o‘lchab bir kes”, deb bejiz aytilmagan.

Faoliyatingizning ijtimoiy ahamiyati haqida gapirib bersangiz. Korxonangiz joylashgan hududda yashaydigan ehtiyojmand oilalarni ham qo‘llab-quvvatlaysizmi?

– To‘qimachilik sanoatining tikuvchilik yo‘nalishi eng ko‘p ish o‘rni yaratiladigan sohalardan biridir. Doimiy o‘sib-rivojlanishni, ko‘plab insonlar bilan muloqot qilish va hamjihatlikda ishlashni xush ko‘rganim bois aynan shu yo‘nalishni tanlaganman. Birgina misol: bugungi kunda korxonamizda 400 nafar xodim mehnat qilmoqda, demak, biz shuncha xonadonning iqtisodiy farovonligini yuksaltirishga mas’ulmiz. Bundan tashqari, fabrikalarimiz tomonidan Shovot va Yangiariq tumanlaridagi ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat hamda kiyim-kechak ko‘rinishida muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Bu juda muhim ahamiyatga ega, zero, ayollarga munosib e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgandagina jamiyatimizda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning dunyoqarashi yuksaladi, ularning oilalarida esa tinchlik va farovonlik hukm suradi.

Siz qanday loyihalarni ishlab chiqyapsiz yoki rejalashtiryapsiz? 2025 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?

– Korxonamizning kelgusi 5 yillik rejalari ulkan. Birinchi navbatda, qo‘shimcha 200 ta yangi ish o‘rni yaratish va ishlab chiqarish hajmini keskin oshirishni maqsad qilganmiz. Yangi texnologiyalarni jalb etish maqsadida Xitoydan zamonaviy dastgohlar xarid qilish bo‘yicha hamkorlarimiz bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. 2027 yilga borib mahsulot assortimentini yanada kengaytirish hamda turli aksessuarlar: arqon, rezinka va etiketkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ko‘zlaganmiz. Bundan tashqari, milliy brendimizni yaratish yo‘nalishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 250 mln. so‘mlik grantiga sazovor bo‘ldik va yaqin kunlarda ushbu yangi brendimizni ommaga taqdim etamiz. Joriy yilda davlatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilayotgani ham to‘qimachilik sanoati rivoji uchun g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur jarayon natijasida import qilinadigan xomashyolarning tannarxi pasayib, turlari ko‘payadi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, jahon bozoridagi munosib o‘rnimizni yanada kengaytirishimizga xizmat qiladi.

Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2026
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar