Murojaatnomada bozorlarni monopoliyadan chiqarish muhimligi ta’kidlandi

Murojaatnomada bozorlarni monopoliyadan chiqarish muhimligi ta’kidlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral o‘g‘itlar va transport xizmati kabi bozorlarni monopoliyadan chiqarish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Davlat rahbari ayni paytda davlat xaridlari jarayonida tadbirkorlarning atigi 4 foizigina qatnashayotganini bildirib o‘tdi.

Ushbu sohalarda erkin bozor munosabatlarini yaratish, shuningdek, xom-ashyo sotib olishda tadbirkorlarga teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida Prezident ushbu bozorlarni erkinlashtirishni taklif qildi.

Jumladan:

- kelgusi yilda iste’molchilar va davlat hamda xususiy elektr stansiyalari o‘rtasida ulgurji elektr energiyasi bozorini shakllantirish jarayoni boshlanadi;

- tabiiy gaz ta’minoti sohasida monopoliya bekor qilinadi va bozor mexanizmlari joriy etiladi. Tabiiy gazni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uni birja orqali sotish huquqiga ega bo‘lishadi, ulgurji iste’molchilar esa uni sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, "O‘ztransgaz" kompaniyasi gazni faqat tashish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi. Benzinni uzluksiz yetkazib berish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar bunday siyosatning samaradorligini ko‘rsatdi. Natijada, mamlakatda hozirgi kunda benzin tanqisligi kuzatilmayapti. Ushbu chora-tadbirlarning qabul qilinishi gaz va elektr energiyasi bozorini yanada erkinlashtirishga va umuman, mahsulot tanqisligini bartaraf etishga yordam beradi;

- xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida suyultirilgan gazni olib kirishda davlat bojlari bekor qilinadi;

- kelasi yilning 1 mart sanasidan boshlab kumush ishlab chiqaruvchilari tomonidan, uni birja savdolari orqali erkin sotish tizimi joriy etiladi;

- avtomobilsozlik bozorida raqobatni kuchaytirish maqsadida avtomobillarni ishlab chiqaruvchilar soni ko‘paytiriladi;

- 2021 yildan boshlab oziq-ovqat sanoati, neft va elektrotexnika sohasida 73 turdagi aksiz solig‘i bekor qilinadi;

- 24 ta yirik davlat korxonalari uchun davlat xaridlari tizimida shaffof talablar joriy etiladi. Natijada, mahalliy tadbirkorlar har yili ushbu korxonalarga kamida 10 trillion so‘m qiymatdagi mahsulotlarni sotishlari mumkin bo‘ladi;

- bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazorati ostida bo‘ladi.

Iqtisodiy ta’limotlar tarixi raqobatning jamiyat uchun foydali jihatlari va monopoliyalarning zararlari to‘g‘risida yetarlicha dalolat beradi.

Adam Smit ta’kidlaganidek, raqobat butun jamiyat uchun foydalidir, chunki raqobat resurslarning yanada samarali taqsimlashga va ulardan samarali foydalanishga undaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar