Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini yakunladi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirda 2 mingdan ortiq ishtirokchilar — jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.
«Forum yakunlari bo‘yicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, forumning panel munozaralari va tadbirlari doirasida O‘zbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlari ochib berildi, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilish borasida erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqaviy va jahon savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, respublikani sanoatlashtirish va sanoatni yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar, mahalliy energetikani transformatsiyalash va muqobil energiya manbalariga o‘tish chora-tadbirlari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va ularning tranzit salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Hukumat, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari koviddan keyingi davrda iqtisodiy faoliyatni jadal rivojlantirishni tiklash va rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, bank sektori va moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini muhokama qildi.
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi, «Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar» O‘zbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etgan O‘zbekiston uchun «mamlakat platformasi» bo‘lib o‘tdi. Forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chog‘ida ham faol fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur forumning ochilishida O‘zbekiston prezidenti nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqat ekanliginita’kidlagandi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarga yuzlanib, «2026 yilga qadar iqtisodiyotdagi eksklyuziv huquqlar va 25 dan ortiq faoliyat bo‘yicha monopoliyalar tugatilishini» ma’lum qildi. U shuningdek, kelgusida 7 ta yo‘nalish doirasida ishbilarmon uchun yaratiladigan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tgandi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov esa jahonda sodir bo‘layotgan vaziyatdan foydalanib, O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IT-park rezidentlari 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan, qolaversa, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari ham beriladi. Ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi esa bekor qilingan hamda 3 kun ichida «IT-visa» taqdim etiladi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar esa zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.
Izoh qoldirish