Toshkentda "Valday" klubining konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda

Toshkentda

Bugun Toshkentda “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” konferensiyasi boshlandi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda «Valday» xalqaro munozara klubi tomonidan tashkil etildi.

Forum SMTI va «Valday» xalqaro munozara klubi homiyligida 2019 yilda Samarqandda «Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizlik muammolari oldida ko‘p tomonlama hamkorlik» mavzusida birgalikda tashkil etilgan X Osiyo konferensiyasi va «Rossiya - O‘zbekiston: yangi dunyo tartiboti sharoitida ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarning istiqbollari» maxsus sessiyasi doirasida boshlangan o‘zbek va rossiyalik ekspertlar muloqotining mantiqiy davomidir.

O‘zbekiston poytaxtidagi anjumanda ishtirok etish uchun ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha yetakchi xalqaro mutaxassislar, «Valday» xalqaro munozaralar klubining siyosatshunoslik, iqtisodiyot, xavfsizlik sohasidagi nufuzli ekspertlari, shuningdek, Rossiyaning yirik ommaviy axborot vositalari jurnalistlari yig‘ilgan.

Uchta sessiyadan iborat konferensiya davomida ishtirokchilar

- siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining holati va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashadi;

- O‘zbekistondagi islohotlar bilan tanishadi, ularning Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga ta’sirini muhokama qilishadi, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka doir xavf va tahdidlarni baholashadi, bu sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashadi;

- Markaziy Yevrosiyoda xalqaro savdo va integratsiyani rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish uchun istiqbolli o‘sish nuqtalari va harakatlantiruvchi omillar bo‘yicha ekspert qarashlarni ishlab chiqadi.

O‘zbekiston-Rossiya muloqotida an’anaviy tarzda ikki mamlakatning yuqori martabali vakillari – Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farxod Arziyev, Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko ishtirok etadi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, SMTI direktori Eldor Aripov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev va boshqa ekspertlar so‘zga chiqadi.

Rossiya tomonidan «Valday» xalqaro munozara klubi Rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kengashi raisi Andrey Bistritskiy, «Valday» jamg‘armasining tadqiqot ishlari bo‘yicha direktori, Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash prezidiumi raisi, «Xalqaro sharh» dasturi muallifi va boshlovchisi Fyodor Lukyanov, “Valday” klubi dastur direktori Timofey Bordachev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori Ivan Safranchuk, Rossiya Federatsiyasi “Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universiteti Yevropa va xalqaro keng qamrovli tadqiqotlar markazi direktorining o‘rinbosari Vasiliy Kashin va boshqalar ishtirok etadilar.

Navbatdagi O‘zbekiston-Rossiya konferensiyasining bunday yuqori darajada o‘tkazilishi ekspertlar jamoasining O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishi bilan bog‘liq. Mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasida alohida o‘rin tutadi, aholisi eng ko‘p, eksportga yo‘naltirilgan kuchli ishlab chiqarish salohiyati va zamonaviy qurolli kuchlariga ega. So‘ngi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik aloqalar haqiqiy ishonchli ittifoqchilik va strategik sheriklik xususiyatiga ega bo‘ldi. 2021 yilning birinchi yarmida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,7 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshdi. Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 915 tadan deyarli 2,2 mingtaga yetdi. 2021 yilning birinchi yarmida Rossiya kapitali ishtirokidagi 240 yangi korxona ishga tushirildi. 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik dasturi, shuningdek, qiymati 25 milliard dollarga teng 800 dan ortiq savdo-sarmoyaviy bitim va memorandumlar doirasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Konferensiya doirasida «Valday» klubi SMTI ko‘magida, klub va RF Oliy iqtisodiyot maktabining bir guruh nufuzli ekspertlari tomonidan tayyorlangan «Yevrosiyoning temir ustuni: yutuqlar, muammolar va mintaqaviy bog‘liqlik istiqbollari» nomli yangi to‘plamini taqdim etadi.

Ma’ruza Osiyo, Markaziy Osiyo, Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi quruqlik savdosini kengaytirishning muhim sharti sifatida temir yo‘l aloqalariga asoslangan Yevrosiyoning transport-logistika tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan. Ta’kidlanishicha, temir yo‘l tarmog‘i Buyuk Yevrosiyo bog‘lanishlarining va global muammolarga chidamliligining eng muhim omiliga aylanadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik rolini o‘ynaydi, yangi yo‘laklarning tranzit markaziga va dinamik rivojlanayotgan mintaqaga aylanadi.

Ma’ruzada O‘zbekistonning mamlakat va mintaqaning transport-kommunikatsiya salohiyatini ochish, shuningdek, Mozori Sharif - Qobul - Peshovar va Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lini qurish kabi mintaqaviy aloqalarni yaxshilash bo‘yicha tashabbuslari aks ettirilgan.

Eslatib o‘tish joizki, 2020 yilda pandemiya natijasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 8,8 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 27 foizga ko‘p, avtomobil transportida yuk tashish hajmi esa 28 foizga oshib joriy yilning birinchi yarmida 1,9 million tonna tashkil etgan.

2021 yil so‘ngiga qadar «Valday» klubi tomonidan Rossiyaning oxirgi 30 yil mobaynida postsovet hududiga nisbatan siyosati to‘g‘risida to‘plam chop etilishi rejalashtirilmoqda. Toshkentdagi anjuman ushbu kitobni yakunlash uchun eng muhim intellektual manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari (Rossiya telekanallari, Rossiya-24, Birinchi kanal, TASS axborot agentligi, RIA-Novosti, Interfaks, Regnum, «Sputnik», «Kommersant», «Izvestiya» gazetalari, «Rossiya global masalalarda» va «Vzglyad» Internet-nashrlari) jurnalistlarining keng tarkibining ishtiroki Rossiya jamoatchiligining bo‘lajak tadbirga bo‘lgan katta qiziqishidan dalolat beradi.

Rossiyalik mutaxassislarning tashrif dasturi doirasida Toshkentdagi Texnopark va IT-maktab faoliyati bilan tanishishni, shuningdek, G‘alaba bog‘iga, poytaxtning madaniy, tarixiy va me’moriy obidalariga tashrif buyurish ham ko‘zda tutilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar