Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida akselerator laboratoriyalar faoliyati muhokama qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida akselerator laboratoriyalar faoliyati muhokama qilindi

2019 yil 26 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida BMT bosh kotibining maslahatchisi, BMTTD ma’murining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Diye bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doyna Muntyanu va BMTTDning O‘zbekistondagi loyiha menejeri Diyora Qobulova ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi "O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari" ilmiy-tadqiqot markazi, "Yuksalish" umummilliy harakati, Moliya vazirligi huzuridagi byudjet-soliq tadqiqotlari instituti, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti rahbarlari va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad Abdulay Mar Diyeni O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatimizni rivojlantirishda ilmiy markazlarning o‘rni, O‘zbekistonda hukumat qarorlarini tayyorlashda ilmiy-tahliliy qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikka oid turli masalalar yuzasidan fikr almashish, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat edi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi "Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda iqtisodiy tadqiqotlar sifati va rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan markaz faoliyati va Markaz oldiga qo‘yilgan yangi vazifalar haqida so‘zlandi, shuningdek, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan respublikada ilmiy-tahliliy muassasalar faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida Abdulay Mar Diye respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. O‘zbekiston hukumatining ilmiy-tahlil markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qarorlarini olqishladi.

Uchrashuvda BMTTDning rivojlanish sohasidagi eng muhim tashabbusi, dunyoning 60 mamlakatida tashkil etilgan akselerator laboratoriyalarni yaratish haqida so‘zlab berdi.

Akselerator laboratoriyalarining faoliyati jamoatchilik muhokamasi va manfaatdor ishtirokchilar tomonidan mavjud muammolarni hal qilish uchun platforma yaratishni o‘z ichiga oladi, chunki ularning muammolari mohiyatini va ularni hal qilish yo‘llarini ko‘proq tushunish lozim.

Uchrashuvda BMTTD vakillari global iqtisodiy siyosat markazlari bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot markazlarini faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Abdulay Mar Diyening fikricha, xalqaro reyting agentliklari mamlakatning iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlarini nafaqat mamlakatda foyda olish uchun imkoniyatlar mavjudligi nuqtai nazaridan, balki mamlakatda barqaror rivojlanish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar nuqtai nazaridan baholashi kerak.

Uchrashuv yakunida oliy martabali mehmon BMTTD O‘zbekistonning rivojlanishi bilan bog‘liq jarayonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, keyingi uch yilda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli tajribasini hisobga olgan holda ilmiy-tadqiqot salohiyatini kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi "Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda iqtisodiy tadqiqotlar sifati va rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratorining ishchi organi tashkil etildi.

Akselerator ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi keskin muammolarni tezkor va samarali hal etish uchun davlat organlari va tashkilotlarning resurslarini safarbar etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar