“Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan o‘tkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Hukumat qarori qabul qilindi (892-son, 24.10.2019 y.).
Qarorga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiallarining mavjud quvvatlari doirasida palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil etiladi.
Shuningdek, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 ta hududlararo xospis tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, onkologik bemorlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha call-markazlar va ular bilan doimiy aloqani ta’minlash uchun veb-saytlar tashkil etiladi.
Sayyohlik tashkilotlari va reklama agentliklari internet-resurslarida axborot joylashtirgan holda, aholini call-markazlar tomonidan mamlakatda va xorijda ko‘rsatiladigan xizmatlardan xabardor qilib boriladi.
Shuningdek, xayriya mablag‘larini, jumladan, zamonaviy elektron to‘lov tizimlari yordamida qabul qilish uchun maxsus hisobraqam ochgan holda, saratonga qarshi ijtimoiy harakat tashkil etiladi.
Qaror bilan O‘zbekistonda nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaning vazifalaridan biri onkologik bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va holatini nazorat qilishning yuqori texnologik ilg‘or usullarini amaliyotga joriy qilishdan iborat.
Izoh qoldirish