Jahondagi ekologik toza sanoat loyihalarining qariyb yarmi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda (MPP)
Sanoatni dekarbonizatsiya qilish bo‘yicha Mission Possible Partnership (MPP) tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy kam uglerodli sanoatga 45 mlrd dollar investitsiya jalb qilgan. Mamlakat hissasiga jahondagi kam uglerodli sanoat ob’yektlarining 49 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
So‘nggi 12 oyda jahon bo‘yicha 36 ta loyiha yuzasidan investitsiya qarorlari qabul qilingan bo‘lib, ularning 23 tasi Xitoyda amalga oshirilmoqda. Moliyalashtirilgan yoki amalga oshirish bosqichidagi loyihalarning umumiy soni 189 taga yetgan. Shundan 93 tasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Investitsiyalar asosan aviatsiya yoqilg‘isi, kam uglerodli metanol va ammiak ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.
MPP hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha loyihalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yiliga qariyb 3 500 TVt·soat elektr energiyasi talab etiladi. Bu jahondagi elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning 12 foiziga teng.
Turkiya elektr energetikasiga 200 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritadi (Reuters)
Turkiya 2040 yilgacha mo‘ljallangan milliy energetika strategiyasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, elektr energetikasini rivojlantirishga 200 mlrd dollardan ortiq investitsiya yo‘naltiriladi. Elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 123 GVtdan 281 GVtgacha oshiriladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatdagi ulushi 63 foizdan 77 foizgacha yetkaziladi.
Quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini 175 GVtga, atom energetikasi quvvatlarini esa 10 GVtga yetkazish rejalashtirilgan. 2040 yilga borib, atom elektr stansiyalari mamlakat elektr energiyasi iste’molining 11 foizini ta’minlashi kutilmoqda. 2027 yilda yana ikkita yangi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha qaror qabul qilish rejalashtirilgan.
2040 yilga qadar elektr energiyasi iste’moli 365 TVt·soatdan 680 TVt·soatgacha oshishi prognoz qilinmoqda. Talab o‘sishining asosiy omillari elektromobillar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, elektrolizyorlar va issiqlik nasoslari bo‘ladi. Shu bilan birga, elektr energiyasidan foydalanishni kengaytirish umumiy energiya resurslariga bo‘lgan talabni kamaytirish va 240 mlrd dollar miqdorida iqtisodiy tejamkorlikka erishish imkonini berishi kutilmoqda.
Hindiston elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etishni majburiy qiladi (Bloomberg)
Hindiston hukumati 2027 yil mart oyiga qadar elektr ta’minoti kompaniyalari, jumladan, davlat korxonalari uchun elektr energiyasini saqlash quvvatlarini xarid qilish bo‘yicha majburiy talablarni tasdiqlaydi.
2026 yilning eng issiq oylarida energetika tizimidagi cheklovlar sababli quyosh elektr energiyasining 11 foizidan foydalanilmagan. Mamlakatda qazilma yoqilg‘ilarga asoslanmagan energiya manbalarining generatsiya quvvati 300 GVtdan oshganiga qaramay, kechki soatlarda elektr energiyasi taqchilligi kuzatilmoqda. Bu esa ko‘mir elektr stansiyalarida ishlab chiqarish hajmini oshirish zaruratini keltirib chiqarmoqda.
Shu bilan birga, hukumat 2031 yilgacha elektr energiyasini saqlash tizimlarini subsidiyalash uchun 1,5 mlrd dollarlik dasturni tasdiqladi. Dastur doirasida 92 GVt·soat sig‘imga ega energiya saqlash tizimlarini yaratish va 10,3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. 2031-2032 yillarga borib, Hindiston energiya saqlash tizimlarining umumiy sig‘imini 411 GVt·soatga yetkazishni maqsad qilgan.
Izoh qoldirish